Jahon | 20:45 / 30.10.2019
12736
2 daqiqa o‘qiladi

16 yoshli ekofaol Greta Tunberg nufuzli mukofotdan bosh tortdi

Shvetsiyalik 16 yoshli ekofaol Greta Tunberg Shimoliy kengashning atrof-muhit va ekologiyani muhofaza qilish sohasidagi mukofotini olishdan bosh tortdi. 

Tunberg Instagram’dagi sahifasida tushuntirishicha, bunday mukofotni olish u uchun katta sharaf hisoblanadi, biroq rivojlangan davlatlar iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi shartlarini bajarmas ekan, bu mukofotni olishga hech kim loyiq hisoblanmaydi.

Hozirda Kaliforniyada qolayotgan qizning fikricha, ekofaollik faxrli mukofotlarga emas, balki hukumatlar tomonidan e'tibor va qo‘llab-quvvatlovga muhtoj.

Tarkibiga Daniya, Islandiya, Norvegiya, Shvetsiya va Finlyandiya deputatlari kiruvchi Shimoliy kengash har yil adiblar, musiqachilar, rejissyorlar va atrof-muhit himoyachilariga bir qator mukofotlar topshiradi. Joriy yilda birvarakayiga ikki davlat – Norvegiya va Shvetsiya Gretaning nomzodini ushbu mukofotga ilgari surgan.

Oktyabrda Greta BBC telekanali talqini bo‘yicha 2019 yilda dunyoning eng katta ta'sirga ega ayollari ro‘yxatiga kiritildi, iyunda Amnesty International huquqni himoyalash tashkiloti unga “Vijdon elchisi” oliy mukofotini topshirgan.

Greta Tunberg ekologiya muammolari va iqlim o‘zgarishiga qarshi chiquvchi eng mashhur kurashchilardan biriga aylandi. 2018 yilda qiz Stokholmdagi parlament binosiga norozilikka chiqish uchun har juma darslarni o‘tkazib yuborgan. Bundan butun dunyo bo‘ylab minglab yoshlar ilhomlanib, hattoki Fridays for Future (Kelajak uchun jumalar) Xalqaro tashkiloti paydo bo‘lishiga olib kelgan.

2019 yil avgustda qiz Nyu-Yorkda BMTning iqlim bo‘yicha sammitida ishtirok etish uchun Atlantika okeanini yelkanli yaxtada kesib o‘tgan. U sammitdagi qizg‘in nutqida insoniyat ekologik fojia va ommaviy qirilish ostonasida turgani, siyosatchilarni esa faqat pullar va iqtisodiy o‘sish haqidagi ertaklar tashvishlantirishini aytgan.

Mavzuga oid