Light | 23:38 / 31.10.2019
22686
2 daqiqa o‘qiladi

Tish shifokori bemordan dunyodagi eng uzun tishni olib tashladi

Germaniyaning Offenbaxe shahrida tish shifokori bemordan olib tashlagan tish dunyodagi eng uzun inson tishi deb topildi. Bu haqda Deutsche Welle nashri xabar berdi. 

Aytish joiz, tishni olib tashlash bo‘yicha operatsiya 2018 yil sentyabrda Maks Lukas ismli shifokor tomonidan o‘tkazilgan. Uning yoniga xorvat millatiga mansub 63 yoshli erkak o‘tkir tish og‘rig‘idan shikoyat qilib kelgan. Mutaxassis bemorni ko‘zdan kechirib, unda chorak qismigina milkdan chiqib turgan g‘ayrioddiy uzun tishni aniqlagan.

Sug‘urib olingan tish o‘lchanganda, uning uzunligi 37,2 mmni (deyali 4 smni) tashkil qilgan. Stomatolog barcha zaruriy hujjatlarni to‘plab, rekord uzunlikdagi tishning qayd qilinishi uchun Ginness rekordlar kitobiga ariza jo‘natgan. Hozirda tegishli tekshiruvdan keyin tish dunyodagi eng uzun inson tishi deb topilgan.   

29 oktyabrda shifokorga rekordlar kitobining bu haqidagi sertifikati topshirilgan. Shifokor ushbu sertifikatni ishchi xonasining ko‘rinarli joyiga osib qo‘yishini aytgan. “Toki bu rekorddan butun dunyodagi dantistlar xabar topsin”, deb ta'kidlab o‘tgan shifokor.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid