O‘zbekiston | 13:44 / 06.11.2019
3669
6 daqiqa o‘qiladi

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining yagona reyestri tuziladi

O‘zbekistonda pochta aloqasi sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari qabul qilinadi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining Yagona reyestrini tuzish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish uchun mas'ul organ hisoblanadi;

pochta va kurerlik jo‘natmalarini jo‘natish va yetkazib berish faoliyatini amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar Yagona reyestrga ixtiyoriy ravishda to‘lovlarsiz kiritiladi;

Yagona reyestrni yuritish elektron shaklda on-line rejimida amalga oshiriladi;

pochta va kurerlik jo‘natmalarini jo‘natish va yetkazib berish faoliyatini amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar Yagona reyestrga kiritilgan kundan boshlab o‘rnatilgan tartibda pochta aloqasi operatori yoki provayderi maqomiga ega bo‘ladi;

O‘zbekiston Respublikasiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali kirib kelayotgan tovarlar uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlar faqat Yagona reyestrga kiritilgan operator va provayderlarga qo‘llaniladi.

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining Yagona reyestri axborot tizimini yaratish va tatbiq etish xarajatlari Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan moliyalashtiriladi.

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining Yagona reyestrini yuritishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

pochta va kurerlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi pochta aloqasi operatorlari va provayderlari to‘g‘risidagi yagona elektron ma'lumotlar bankini yaratish;

O‘zbekiston Respublikasida pochta aloqasi xizmatlari bozorining holati va salohiyati to‘g‘risida ma'lumotlar bazasini shakllantirish;

pochta aloqasi xizmatlari bozorini samarali rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, shuningdek amaldagi qonunchilikning holatini baholash va takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

sohada normativ-huquqiy hujjatlar va pochta xavfsizligi talablari bajarilishini ta'minlash bo‘yicha tizimli monitoring olib borish;

pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirish va sifatli hamda raqobatbardosh xizmatlar ko‘rsatilishida ko‘maklashish.

Yagona reyestrga kiritish uchun pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar quyidagi mezonlarga javob berishlari shart:

a) pochta aloqasi operatori uchun - xizmatlar ko‘rsatadigan pochta aloqasi tarmog‘iga ega bo‘lish, pochta aloqasi provayderi uchun - xizmat ko‘rsatishda pochta aloqasi operatorining tarmog‘idan foydalanish uchun pochta aloqasi operatori bilan shartnomaga ega bo‘lish;

b) pochta xavfsizligini ta'minlash uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarning amalga oshirilayotganligi, shu jumladan pochta xavfsizligini ta'minlash va nazorat qilish uchun shtatida mas'ul xodimlar bo‘lishi, pochta va kurerlik jo‘natmalarini pochta xavfsizligini ta'minlash maqsadida tekshirish uchun texnik vositalarning mavjud bo‘lishi; 

v) pochta va kurerlik jo‘natmalarini tashish uchun shaxsiy yoki shartnoma asosida ijaraga olingan transport vositasiga ega bo‘lishi.

Pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining Yagona reyestri elektron shaklda on-layn rejimida, barcha uchun ochiqligi ta'minlangan holda yuritiladi. Yagona reyestrda pochta aloqasi operatorlari va provayderlari to‘g‘risida quyidagi ma'lumotlar mavjud bo‘ladi:

pochta aloqasi operatori yoki provayderining to‘liq nomi, joylashgan manzili (pochta manzili), telefon raqami va rahbarlari, tashkiliy-huquqiy shakli, ta'sischilari, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning raqami va sanasi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami hamda xizmatlar ko‘rsatish hududi to‘g‘risidagi ma'lumot;

pochta aloqasi operatorining pochta aloqasi tarmog‘iga oid ma'lumotlar, pochta aloqasi provayderining pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish uchun pochta aloqasi tarmog‘idan foydalanish to‘g‘risida pochta aloqasi operatori bilan tuzilgan shartnomasi, xizmat ko‘rsatish hududi hamda ko‘rsatiladigan pochta aloqasi xizmatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

pochta va kurerlik jo‘natmalarini pochta xavfsizligi masalalari bo‘yicha tekshirish uchun qo‘llanilayotgan texnik vositalar to‘g‘risida ma'lumotlar;

pochta va kurerlik jo‘natmalarini tashish uchun ishlatilayotgan transport vositalari to‘g‘risida ma'lumot;

Yagona reyestrga kiritilgan sana va raqami;

Yagona reyestrga kiritish va / yoki chiqarish asosi va sanasi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid