O‘zbekiston | 09:30 / 17.11.2019
22416
2 daqiqa o‘qiladi

XDP jurnalistlarga tahdidni xalq va davlatni mensimaslikka tenglashtirdi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan jurnalistlarni haqoratlagan va tahdid qilgan audiosi yuzasidan munosabat bildirdi va mutasaddi idoralarni tez orada rasmiy munosabat bildirishga chaqirdi.

«Joriy yil 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar va internet OAVda Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga tegishli ekani aytilayotgan, jurnalist va blogerlar sha'niga o‘ta keskin fikrlar bildirilgan, sharmanda qilish, hatto jismonan yo‘q qilish bilan tahdid qilingan audioyozuv keng tarqaldi. Bu holat mamlakatimizdagi barcha OAV vakillari, blogerlar va keng jamoatchilikning qattiq munosabati va tanqidiga sabab bo‘ldi.

Davlatimizdagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar zudlik bilan ushbu audioyozuv bo‘yicha surishtiruv ishlarini olib borishi, voqea qachon, qayerda, kimlar bilan sodir bo‘lgani aniqlanishi hamda qonunda belgilangan tartibda boshqa choralar ko‘rilishi zarur.

Audioyozuvdagi holat haqiqatda ro‘y bergan bo‘lsa, demokratik islohotlarning eng muhim sharti – so‘z va fikr erkinligiga, jurnalistlarga ochiqdan-ochiq tahdid qilish, «menga hamma narsa mumkin», deb o‘ylash, avvalo, xalq va davlatni mensimaslik, deb baholanishi kerak.

Xalq demokratik partiyasi kasbi, faoliyat turi, ijtimoiy holatidan qat'i nazar, har bir insonning ustuvor huquqlari to‘liq kafolatlanishi va amalda ta'minlanishi zarur, deb hisoblaydi. Mutasaddi idoralardan tez orada aniq va rasmiy ma'lumotlarni kutadi», deyiladi O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Axborot xizmati bayonotida.

Bundan avvalroq «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ham ushbu holat yuzasidan munosabat bildirib, jurnalistlarga tahdid qilgan Jahongir Ortiqxo‘jayevga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragandi.

Mavzuga oid