O‘zbekiston | 11:41 / 22.11.2019
20422
2 daqiqa o‘qiladi

DXX giyohvand moddalar savdosiga qarshi tadbirlar o‘tkazdi

DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo‘qon shahrida yashovchi, muqaddam ikki marotaba sudlangan I.Yo. 12 kg. 985 gr. «gashish» giyohvandlik moddasini Farg‘ona viloyatiga olib ketayotgan vaqtida Andijon viloyatining Asaka tumanida qo‘lga olindi. 

Aniqlanishicha, I.Yo, mazkur giyohvandlik moddasini sotib olish uchun kelishilgan pulning bir qismini, ya'ni 7500 AQSh dollarini Qirg‘iziston Respublikasida yashovchi “narkokurerga” beradi.

Shundan so‘ng, kontrabanda yo‘li bilan mamlakat hududiga olib kirilgan giyohvandlik moddasini qabul qilib oladi. Pulning qolgan qismini esa og‘uni sotganidan so‘ng berishi kerak bo‘ladi. 

Shuningdek, giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq holatlar Farg‘ona viloyatida ham qayd etildi. Xususan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yashovchi Sh.A. hamda Farg‘ona viloyati Quva tumanida istiqomat qiluvchi M.H. qo‘shni Qirg‘iziston hududidan «Shahrixonsoy» kanali orqali oqizib yuborilgan 1 kg. 965 gr. «gashish» moddasini Andijon viloyatida qabul qilib, Farg‘ona viloyatiga olib kelgan vaqtlarida Quva tumani hududida qo‘lga olindi.

Boshqa bir holatda esa marg‘ilonlik Sh.Q. tojikistonlik shaxslar bilan telefon orqali bog‘lanib, 836 gr. «gashish» moddasiga xaridor bo‘ladi. Narkokurer giyohvand moddani Qo‘qon shahriga olib kelib, avtoshohbekatdagi chiqindi idishiga yashiradi. Sh.Q. esa uni olib, o‘rniga 4250 AQSh dollarini qo‘yib ketayotgan vaqtida ushlandi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 15 kg 786 gr. «gashish» moddasi musodara etildi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid