Jamiyat | 17:30 / 22.11.2019
36240
7 daqiqa o‘qiladi

«Ikki karra ikki besh» yoxud sud qarori to‘g‘rimi?

Tahririyatga 2016 yil 29 fevral kuniga qadar Chirchiq shahridagi «Payvand» mas'uliyati cheklangan jamiyatining 100 foizlik ulushiga egalik qilib kelgan Ashurboy Toshmatov murojaat qildi. Uning ma'lum qilishicha, «Payvand» MChJning boshqa shaxslar foydasiga o‘tkazilgan mulklari sudning mantiqsiz qarori natijasida o‘zga shaxslarda qolib ketmoqda.

«2016 yil 6 fevral kuni shaxsiy ishlarim bilan Rossiya Federatsiyasida yurgan vaqtimda «Payvand» MChJning ustav fondidagi 100 foizlik ulushimdan boshqa shaxslar, ya'ni T.M.To‘ychiyeva, S.U.Tadjibayeva va D.N.Tojiboyeva foydasiga voz kechish to‘g‘risida notarial tartibda ariza berdim. Krasnoyarsk o‘lkasi notarial idorasi tomonidan tasdiqlangan mazkur arizamga asosan 2016 yil 29 fevral kuni «Payvand» MChJning umumiy yig‘ilish qarori qabul qilingan. Ustav talablariga muvofiq qarorni o‘g‘lim A.A. imzolagan.

Shunday qilib, «Payvand» MChJning ustav fondidagi ulushlar T.M.To‘ychiyevada 50 foiz, S.U.Tadjibayevada 25 foiz, D.N.Tojiboyevada 25 foiz qilib belgilandi hamda ta'sis hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 10 mart kuni Chirchiq shahar tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyasida davlat ro‘yxatiga olindi.

«Payvand» MChJ va uning mol-mulklarida biror huquqimiz qolmagan bo‘lsa-da, o‘g‘lim va jamiyatning o‘sha paytdagi ijrochi direktori bo‘lgan D.Z. qalbaki hujjatlar tayyorlab, 2016 yil 6 aprel kuni Chirchiq shahridagi 3-sonli notarial idora orqali Chirchiq shahrining 50 yilligi prospekti 1-uy manzilida joylashgan bino-inshootlarni fuqaro D.K.ga sotib yuboradi.

2016 yil 29 fevraldan keyin o‘g‘lim yoki jamiyat ijrochi direktorining jamiyat mulkini tasarruf etish huquqi bo‘lmagan. Qolaversa, bu oldi-sotdi shartnomasi jamiyat to‘liq boshqa shaxslar ixtiyoriga o‘tkazilganidan qariyb bir oy o‘tib amalga oshirilgan. Bundan tashqari, oldi-sotdi obekti hisoblangan bino-inshoot «Payvand» MChJ balansida bo‘lish bilan bir qatorda uning Ustav fondi tarkibiga ham kiritilgan bo‘lgan.

G‘ayriqonuniy ravishda, vakolatli bo‘lmagan hamda mulkni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan amalga oshirilgan oldi-sotdi shartnomasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 2019 yilning 10 iyunidagi qarori bilan haqiqiy emas, deb topildi.

Muammolar shu bilan barham topdi, hammasi o‘z iziga tushib ketdi, deb o‘ylagan edik. Biroq adashgan ekanmiz. Bu masala fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqildi. Apellyatsiya instansiyasining 2019 yil 23 avgustdagi ajrimi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining 2019 yil 10 iyundagi qarori bekor qilib tashlandi. Oldi-sotdi shartnomasi esa o‘zi kuchida qoldi. G‘oyat mantiqsiz va adolatsiz qaror deb bilaman bu qarorni. Bu ajrimning chiqarilishi natijasida nizolarga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan T.To‘ychiyeva mulkiy ziyon ko‘rmoqda», deya yozilgan murojaatda.

Ashurboy Toshmatov

A.Toshmatovning ta'kidlashicha, apellyatsiya instansiyasining ushbu ajrimni qabul qilishiga biror-bir yetarli asos bo‘lmagan.

Oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun qalbaki hujjatlar tayyorlab, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etgani uchun ijrochi direktor D.Z. va A.Toshmatovning o‘g‘li A.A.ga nisbatan Chirchiq shahar IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-moddasining tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Tergov organining joriy yil 16 oktyabrdagi qarori bilan, jinoyat ishi JPKning 84-moddasi beshinchi qismi 2-bandi (ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan taqdirda) orqali A.A. va D.Z.ning roziligi bilan ularning aybliligi haqidagi masala hal qilinmay turib tugatilgan.

Jinoyat ishining dastlabki tergovida A.A. va D.Z. haqiqatan ham Chirchiq shahrining 50 yilligi prospekti 1-uy manzilida joylashgan bino-inshootlarni sotish uchun notarial idoraga tayyorlangan hujjatlarni qalbakilashtirganliklarini tan olib, bu qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymonliklari to‘g‘risida ko‘rsatma berishgan.

Qolaversa, bino-inshootlarni sotish uchun asos bo‘lgan «Payvand» MChJ ta'sischilarining 2016 yil 1 martdagi (tergov organi xulosasiga ko‘ra aynan ushbu qaror qalbakilashtirilgan deb topilgan) Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 22 fevraldagi hal qiluv qarori bilan haqiqiy emas, deb topilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, manfaatdor tomonning mazkur ajrim ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga 2019 yil 15 sentabr kuni nazorat tartibida kiritgan shikoyati taqdiri bugungi kunga qadar (2019 yil 22 noyabr – tahr.) noma'lumligicha qolmoqda. A.Toshmatov joriy yilning 17 oktabr kuni Oliy sudda bo‘lib, A.A. va D.Z.ga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha qabul qilingan qaror nusxasini taqdim etgan. Biroq, shu kuni uni qabul qilgan Oliy sud xodimidan ishga aloqador biror yangilik eshitmaganini ta'kidladi.

Yana bir qiziq holat. Joriy yil 16 oktabr kuni tergov organi bino-inshootlarni oldi-sotdi qilish tayyorlangan hujjatlar qalbaki ekanligini tasdiqladi va bu haqida tegishli qarorni qabul qildi. Biroq, Chirchiq shahar prokuraturasi aynan shu kuni FIB viloyat sudining 23 avgustdagi ajrimiga asoslanib, yangi ochilgan holat bo‘yicha ishni qayta ko‘rishni so‘rab Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritgan.

Sud ishiga aralashish yoki uning natijalarini oldindan taxmin qilish fikridan yiroq bo‘lgan holda ushbu qiziq holat O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qanday hal etilishini kuzatishda davom etamiz.

Jamshid Niyozov tayyorladi

Mavzuga oid