O‘zbekiston | 11:22 / 22.11.2019
6469
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash sohasida 500 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilmagan

21 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yil to‘qqiz oyligidagi ijrosi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, hisobotda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilgan mablag‘lar haqida ham so‘z borgan.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

«2019 yilning 9 oyi davomida davlat budjetining sog‘liqni saqlash xarajatlariga ajratgan mablag‘lari 10,6 trln so‘mni tashkil etadi.

Ushbu mablag‘larning 7,6 trln so‘mi (72 foizi) ish haqi xarajatlari va unga tenglashtirilgan xarajatlarga sarflandi.

Sog‘liqni saqlash muassasalarini dori-darmon bilan ta'minlash xarajatlariga 871 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Bu – yillik rejaning 79 foizini tashkil etadi.

Bundan tashqari, hisobot davrida sog‘liqni saqlash muassasalarining oziq-ovqat xarajatlariga 205 mlrd so‘m, bolalarni 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash bo‘yicha vaksina xarajatlari uchun 148 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratildi yoki reja ko‘rsatkichlari to‘liq bajarildi», – dedi hukumat hisobotini taqdim etgan moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov.

Ahadbek Haydarov
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, hisobot davrida neyrosensor karlik yoki zaif eshitadigan bolalarda operatsiyalar o‘tkazish uchun 320ta koxlear implantantlar sotib olingan va buning uchun 26,4 mlrd so‘m sarflanib, rejalashtirilgan mablag‘lar to‘liq o‘zlashtirilishi ta'minlangan.

Shuningdek, respublika bo‘ylab gemodializ xizmati uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi uchun, ularni har yili bir martalik filtrlar, sarflash materiallari, shuningdek dializ apparatlarini ehtiyot qismlari bilan ta'minlash uchun nazarda tutilgan 73,7 mlrd so‘m mablag‘lar to‘liq moliyalashtirib berilgan.

Umuman, 2019 yilning 9 oyi davomida sog‘liqni saqlash sohasiga davlat budjetidan ajratilgan 10,6 trln so‘m – ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan jami xarajatlarning 23 foizini tashkil etgan.

Muhokamalar davomida prezident va hukumat qarorlari asosida sog‘liqni saqlash sohasining ayrim tadbirlarini amalga oshirishga va boshqa maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘larning 519,6 mlrd so‘mi o‘zlashtirilmay qolgani tanqid ostiga olindi.

«Adolat» SDP fraksiyasi vakillari bu masalaga to‘xtalar ekan, mablag‘larning o‘zlashtirilmasligi sabablari o‘tgan yillar budjet ijrolarida ham uchraganini tanqid qildilar. Shu bois o‘zlashtirilishi ta'minlanmagan sohalardagi muammolarni joriy yilning oxirigacha hal etishda mutasaddi rahbarlar mas'uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.

Mavzuga oid