Jamiyat | 19:10 / 27.11.2019
14764
3 daqiqa o‘qiladi

Guliston shahrida 420ta oilaga yangi uylar topshirildi

Sirdaryo viloyatida ehtiyojmand oilalar uchun ko‘p kvartirali arzon uylar qurib foydalanishga topshirilmoqda. Guliston shahrida yana 420ta oila o‘z uyiga ega bo‘ldi.

«Davlat rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2660 va 2017 yil 23 oktyabrdagi «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3350 Qarorlari ijrosini ta'minlash maqsadida hududlarda  ehtiyojmand oilalar uchun ko‘p kvartirali arzon uylar qurib foydalanishga topshirilmoqda.

Bugun «O‘zshahar qurilish invest» injiniring kompaniyasi tomonidan Sirdaryo viloyati Guliston shahrida bunyod etilgan 10ta 7 qavatli zamonaviy turarjoylar o‘z egalariga topshirildi», deb xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Jami 420ta xonadondan iborat arzon uylar shahar hokimligi tomonidan biriktirilgan ehtiyojmand oilalarga 20 yillik imtiyozli kredit asosida berildi. 

«Tantanali tadbirda og‘ir turmush sharoitida yashovchi, nogironligi bor hamda boquvchisini yo‘qotgan xonadon sohiblariga yangi uylarning kalitlari topshirildi. So‘zga chiqqan nuroniylar bugungi yangilanish va bo‘layotgan islohotlarga shukronalik aytishdi. Qurilishga faollik ko‘rsatgan barcha quruvchilarni ulkan muvaffaqiyat bilan muborakbod etdi. Yangi xonadonlarning sohiblari ulkan quvonch va ko‘z yoshlar ila xursandchiliklarini ifoda etishdi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, 2017 yilda «O‘zshahar qurilish inves» injiniring kompaniyasi tomonidan 2017 yilda Guliston shahrida 5ta 5 qavatli 225 xonadonli uylar qurib foydalanishga topshirilgan. 2018 yilgi dastur bo‘yicha zamonaviy loyihalar asosida Guliston shahrida 8ta 5 qavatli 360 xonadonli, viloyatning Yangiyer shahrida esa 2ta 5 qavatli 90 xonadonli uylar qurib foydalanishga topshirilgan.  

So‘nggi 3 yilda birgina «O‘zshahar qurilish invest» injiniring kompaniyasi tomonidan Sirdaryo viloyatida olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida 1095ta ehtiyojmand oila o‘z uyiga ega bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng qurilish-bunyodkorlik ishlari natijasida odamlarning hayoti yaxshilanib, kelajakka umid hissi yanada kuchaymoqda», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid