Sport | 13:45 / 02.12.2019
17698
10 daqiqa o‘qiladi

Top-10. Dam olish kunlaridagi e'tiborli voqealar

Foto: LaLiga

Saytda yangi rukn joriy qilindi. Bundan buyon Yevropada dam olish kunlarida bo‘lib o‘tadigan tur o‘yinlaridan so‘ng, e'tiborga arzirli voqealar o‘nligini e'tiboringizga havola qilamiz. Voqealar qandaydir darajani aks etadigan tartibda berilmadi, shunchaki, 10 voqea. Marhamat, tanishing.

Italiyada peshqadam o‘zgardi

«Yuventus» mavsumdagi uchinchi durangga rozi bo‘ldi. «Sassuolo»ga qarshi o‘yinda hisobda ortda borgan turinliklar Ronaldu penaltidan urgan goldan so‘ng bir ochko egasiga aylanishdi. Bu Ronalduning mavsumdagi oltinchi goli bo‘lib, uchtasini penaltidan urgan.

Odatiy A Seriya mavsumida 14 o‘yinda uch durang o‘ynash «Yuventus» uchun yakkapeshqadam bo‘lib yurishi uchun yetarli bo‘lardi, lekin bu safar Kontening «Inter»i kurashga jiddiy kirishgan. Chempionatda qatorasiga beshinchi g‘alabasiga erishgan milanliklar endi asosiy raqibidan 1 ochko oldinda bormoqda.

«Siti» yana ochko yo‘qotdi

Angliyadagi chempionlar kurashida raqobatchilar o‘rtasidagi farq yana oshdi. Aslida, «Liverpul» ham, «Lester» ham bu turda g‘alaba qozonganini e'tiborga olsak, hech narsa o‘zgarmagan bo‘lsa-da, biz odatda «Liverpul»ni ta'qib qilayotgan jamoa sifatida «Manchester Siti» deyishga o‘rganib qolganmiz. «Nyukasl»ga qarshi o‘yinda De Bryuynening so‘nggi daqiqalarga yaqin urgan golini sobiq «liverpulchi» Shelvi yo‘qqa chiqardi – 2:2.

«Liverpul» esa van Deykning egizak gollari evaziga «Brayton»ni yengdi. Niderlandiyalik himoyachi ushbu mavsumda bir o‘yinda ikki marta boshi bilan gol urgan ilk futbolchi bo‘ldi. Shuningdek, u markaziy himoyachilar ichida eng ko‘p gol urgan – 3ta.

Endi «Liverpul» eng yaqin ta'qibchisidan 8 ochko oldinda. Qizig‘i, odatda biz Angliyani top-klublar bilan maqtashga o‘rganganmiz, lekin qarang, Ispaniyada peshqadamning sakkizinchi, Germaniyada to‘qqizinchi o‘rindagi jamoa bilan o‘rtadagi farqi 8 ochkoni tashkil etmoqda.

Immobile – gol mashina

Chiro Immobilega qoyil qolish kerak. U sentyabrning birinchi kuni Rim derbisida asosiy tarkibda harakat qilgan va maydonni golsiz tark etgandi. Shundan so‘ng, u «Latsio» safida 13 o‘yinda maydonga tushdi va bu o‘yinlarning hammasida kamida bitta gol muallifi bo‘ldi – jami 17 gol va 4 pas. Aslida o‘sha eslangan Rim derbisida ham Chiro golli uzatmani amalga oshirgandi.

29 yoshli futbolchi Italiya chempionatida 17 gol bilan to‘purar bo‘lib turibdi. Eng yaqin ta'qibchilar «Inter» tandemi – Lukaku va Martinesda mos ravishda 10 va 8 gol bor, xolos.

«Ayaks» zavodi»dan yangi mahsulot

Tanishing – Noa Lang, «Ayaks» yana bir mahsulotini bizga havola qilmoqda. Jamoa tarbiyalanuvchisi «Tvente»ga qarshi o‘yinda ilk bor asosiy tarkibda harakat qildi va debyutini het-trik bilan nishonladi. Bu o‘yingacha u ikki marta «Ayaks» libosida maydonga tushgan lekin har ikki o‘yinda ham faqat 10-15 daqiqa to‘p surgandi, xolos. 20 yoshli futbolchi ko‘proq chap qanot hujumchisi hisoblanadi. 

«Arsenal» o‘zgarmadi

«Arsenal» barcha turnirlarni hisobga olganda, qatorasiga 8 o‘yindan beri, g‘alaba nimaligini bilmayapti. Londonliklarning APLdagi g‘alabasiz seriyasi olti o‘yinga yetib, bu 1994 yildan beri eng yomon ko‘rsatkichdir.

Masalan, Angliya chempionatidagi qatorasiga 5 g‘alabasiz o‘yindan so‘ng, Pochettinoni Mourinoga almashtirgan «Tottenhem» uch o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi. Bulardan ikkitasi APLda. «Arsenal»ga esa, hozircha murabbiy almashuvi foyda keltirgani yo‘q. O‘tgan haftada iste'foga chiqarilgan Emeri o‘rnini Fredrik Yunberg vaqtincha egalladi. Ammo jamoa uning boshqaruvidagi birinchi o‘yinida «Norvich» maydonidan durang bilan qaytildi – 2:2.

«Bavariya»ga murabbiy kerak

Image

«Bavariya» mavsumdagi uchinchi mag‘lubiyatiga uchradi. Bu yangi murabbiy boshchiligidagi qatorasiga 4 g‘alabadan so‘ng  ro‘y berdi. Kovach ketgach, myunxenliklar jami 16-0 nisbati bilan to‘rt o‘yinni o‘z foydalariga hal qilgandi. Leverkuzenliklarning so‘nggi 10 daqiqani bir kishi kam bo‘lib o‘tkazgani ham mezbonlarga yordam bermadi.

Qizig‘i, bu g‘alabani «Bayyer»ning tvitterda qiziq chiqishlari bilan mashhur bo‘lgan rasmiy akkaunti ham o‘ziga xos tarzda nishonladi. Shu paytgacha «Bavariya»dan yirik hisoblarda mag‘lub bo‘lgan «Tottenhem», «Borrusiya» va «Leypsig» kabi kuchli klublarning natijalari aks ettirilgan skrinshotlar «Bavariya»ga yutqazmaslik oson emas» tviti bilan e'lon qilindi.

«Chelsi»da noyob natija va mag‘lubiyat

«Chelsi» «Vest Hem»ga qarshi London derbisida biror marta ham o‘yin qoidasini buzmadi. Bunday holat Angliya chempionatida so‘nggi 16 yilda ilk marotaba ro‘y berdi.

Bunday ijobiy ko‘rsatkich navbatdagi uch ochko fonida yaxshiroq ko‘ringan bo‘lardi, albatta. Zero, qatorasiga 6 g‘alabadan so‘ng, qabul qilingan ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyat «Chelsi»ning ambitsiyalariga biroz zarba bo‘lishi tabiiy. Endi «Chelsi» oldinga emas, ortga qarashga majbur. «Lester»dan 6 ochko ortda borayotgan Lempard shogirdlarini pastdan quvib kelayotgan «Tottenhem» bilan ham shuncha ochko ajratib turibdi, xolos.

«Rostov»da g‘alabasiz, Shomurodovda golsiz seriya

Image

«Rostov» yaqindagina peshqadamlar safida borgan va bir oy oldin Krasnodarda g‘alabani ushlab qolganda, 1-o‘ringa ham ko‘tarilishi mumkin bo‘lgandi. O‘sha o‘yin qolib, keyingi uch o‘yinda ham «Rostov» g‘alaba qozona olmayapti. Natijada Karpin shogirdlari 5-o‘ringa tushib ketdi. Bu orada mamlakat kubogida «Spartak»dan mag‘lubiyat qabul qilindi.

Shomurodov esa 5 o‘yindan beri gol ura olmayapti. Bu vaqtda rostovliklar tomonidan urilgan 7 golda Eldor ishtirok etmadi. Hujumchining o‘rtada terma jamoamiz safiga kelib, gollar urib ketganini e'tiborga olsak, asosiy muammo Shomurodov emas, jamoa o‘yinida paydo bo‘lgan, deyish mumkin.

Fransiyada qish

Yevropadagi noqulay ob-havo o‘z ta'sirini Fransiyadan boshladi. Kuchli yomg‘ir sababli Liga peshqadami «PSJ»ning «Monako»ga qarshi o‘yini noma'lum muddatga qoldirildi. Hozircha, ushbu o‘yinning yangi sanasi ma'lum qilinmagan. O‘yin «Monako»ning uy stadionida bo‘lib o‘tishi kerak edi.

Shunday bo‘lsa-da, parijliklar 14 o‘yindan so‘ng, 33 ochko to‘plab, ta'qibchilardan 5 ochko oldinda borgan holda, turnir jadvalini boshqarib turishibdi.

Messi - «Atletiko» 1:0

Image

Ispaniyada mavsumning markaziy uchrashuvlaridan biri bo‘lib o‘tdi. Endi bu jamoalar La Ligada o‘zaro aprelda uchrashishlarini e'tiborga olsak, 2020 yilning fevralida «Barselona» mag‘lubiyatsiz 10 yilligini nishonlasa bo‘ladi. Oxirgi marta 2010 yilning fevralida «Atletiko» «Barselona» ustidan g‘alaba qozongandi. Albatta, gap La Liga doirasidagi o‘yinlar haqida, zero madridliklar ikki marta «Barselona»ni Chempionlar Ligasi chorak finalidan chiqarib yuborganini ko‘pchilik eslaydi.

Messining o‘yin oxiridagi yagona goli esa, kataloniyaliklarga navbatdagi uch ochkoni olib keldi va jamoa ochkolar bo‘yicha «Real»ga yetib odi. Katta ehtimol bilan, Ispaniya chempionatida yakka peshqadam 18 dekabr kungi El Klasikodan so‘ng aniqlansa kerak.

«Atletiko»ni esa, chempionlik poygasidan chiqdi deb ham aytish mumkin. Endi Simeone jamoasi yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha peshqadamlardan 9 ochkoga ortda qolmoqda.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid