Mourinoning «Old Trafford»ga qaytishi va Liverpulda derbi. Kun o‘yinlari anonsi
Yevropada midweek. Ba'zi chempionatlarda mamlakat kubogi bahslari o‘tkazilmoqda, Angliya va Fransiyada esa navbatdagi tur o‘yinlari aynan shu kunlarga belgilangan. Bu uchrashuvlar ichida e'tiborli, top-o‘yinlar ham borki, masalan, «Manchester Yunayted» bu turda «Tottenhem»ni qabul qiladi. Bu o‘yin o‘tkazib yubormaslik kerak bo‘lgan to‘qnashuvlar safiga kiradi.
Murabbiylar
Joze Mourino «Old Trafford»ga o‘zining beshinchi jamoasi bilan mehmon bo‘lmoqda. Avvaliga, «Portu»ning zafarli yurishi va Jozening dunyo tomonidan tan olinishi aynan shu yerdan boshlangandi. So‘nggi daqiqalardagi gol «Old Trafford» ustidan muzdek suv quygan, murabbiy esa, tizzasi bilan yerga o‘tirib, g‘alabani nishonlagandi. Keyin, «Chelsi» aynan Mourino boshchiligida «MYu»ga raqobat qildi. 2009 yilda «Inter», 2013 yilda «Real» Chempionlar Ligasi pley-off bosqichida Manchesterga kelganida, birinchisida mezbonlar ustun kelgan bo‘lishsa, Madrid jamoasi kerakli hisobga erishib, chorak finalga chiqqandi. «Tottenhem» – Joze Mourinoning yangi jamoasi, londonliklar ushbu murabbiy bilan o‘tkazilgan uch o‘yinni g‘alaba bilan yakunlagan bo‘lsalar-da, haqiqiy sinov bugun boshlanadi.
Joze Mourino «Tottenhem»ga tayinlangandan keyin ham go‘yoki «MYu» haqida ko‘proq gapirayotgandek yoki jurnalistlar bu mavzuni ko‘proq so‘rashmoqda. Bu tabiiy, chunki jamoaga kelgan pozitiv Mourinodan sarlavhabop fikrlar chiqishi qiyin. Joze esa tayinlovdan so‘ng Manchesterdan ellikdan ortiq tabriklar qabul qilgani, manchesterlik muxlislar, o‘tgan yili saratonga chalinib, tuzalgan «MYu» futbolchisi Maks Taylor va yana turli mavzular orqali sobiq jamoasi haqida fikr bildirdi. Ammo bugungi o‘yin oldidan barchasi jiddiy.
«Mening «Old Trafford» bilan munosabatim yaxshi, Sky Spors eksperti sifatida tashrif buyurganimda juda iliq kutib olishdi. O‘ylaymanki, bu safar ham shunday bo‘ladi, lekin o‘yin paytida, albatta, mening va ularning istaklari teskari bo‘lishini tushunishsa kerak. Ular «MYu» g‘alaba qozonishini istashadi, men esa «MYu»ni yutishga harakat qilaman. Hozir barcha boshqa masala keyingi planga o‘tgan – muhimi, biz nimaning hisobiga yuta olamiz-u, «Manchester Yunayted» nimaning hisobiga bizni yengishi mumkin? Shu haqida bosh qotiryapman», – dedi Joze matbuot anjumanida.
Ole Gunnar Sulsherning Manchesterdagi holati esa, o‘tgan yilning shu paytidagi Jozeniki bilan o‘xshash. Portugaliyalik hamkasbidan farqli ravishda Sulsher hali jamoani yo‘qotmadi, futbolchilar bilan aloqalar yomon emas. Shunday bo‘lsa-da, so‘nggi o‘yinlardagi yomon natijalar, g‘alaba qozonish shart bo‘lgan uchrashuvlardagi ochko yo‘qotishlar jamoani qiyin ahvolga solib qo‘ydi. To‘rt kun ichida ketma-ket «Tottenhem» va «Manchester Siti» bilan o‘ynaydigan «MYu» bu to‘qnashuvlarda ochko olishi shart.
Aynan mana shu taqvimdan kelib chiqib va «Arsenal», «Uotford» kabi klublarda murabbiy almashganidan, ko‘pchilik Sulsherning ham iste'fosini taxmin qila boshladi. Vaziyatni o‘nglash uchun raqiblar qiyin, bu o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar esa, «MYu»ni yana turnir jadvalining ikkinchi yarmiga tushirib yuboradi. Nihoyat barchasi iziga tushib, «MYu» o‘z o‘yinini topib olgani haqidagi tasavvur yo‘qoladi. Boshqatdan boshlash uchun ishonchni qaytadan uyg‘otish oson emas, beqaror natijalar esa, klub bosslarini ham shubhalar girdobiga tashlaydi. Ichkarida nima bo‘layotgani noma'lum, lekin Sulsherning aytishicha, APLdagi iste'folar u uchun yoqimsiz, shu bilan birgalikda, unda bunday xavf yo‘q. Rahbariyat uni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda.
Vudvord Manchesterga olib kelishni istagan Maurisio Pochettino bilan bog‘liq yangi xabarlar balki, Sulsherning har qanday holatda mavsum oxirigacha ishlashiga sabab bo‘lishi mumkin. Ma'lum bo‘lishicha, agar Pochettino mavsum davomida yangi ish boshlasa, «Tottenhem»dan olinishi kerak bo‘lgan 12,5 million funt miqdoridagi tovon pulini ololmaydi. Ya'ni, Pochettino erkin agentdek ko‘rinsa-da, mavsum o‘rtasida uni tayinlash klubga qimmatga tushishi mumkin.
Xullas, bugun biz ikki xil sharoit, ikki xil bosimga ega bo‘lgan murabbiylar to‘qnashuvini ko‘ramiz.
Jamoalar formasi
Yuqorida aytilganidek, «Tottenhem» Joze boshchiligidagi uch o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi. Bu g‘alabalarning biri YeChLda jamoani pley-off ishtirokchisiga aylantirgan bo‘lsa, jamoa APLda 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Umuman olganda, barcha musobaqalarda «Tottenhem» olti o‘yindan beri mag‘lub bo‘lmayotganini ta'kidlash kerak. So‘nggi 9 o‘yinda faqat bir marta «Enfild»da, o‘yin oxirlaridagi penalti hisobida mag‘lubiyatga uchralgandi, xolos. Lekin Joze boshchiligidagi APL o‘yinlarida boshqa tendensiya kuzatilmoqda – har ikki o‘yinda ham «Tottenhem» avvaliga uchta gol urib, hisobni xotirjam ko‘rinishga olib keldi, ammo keyin ikkitadan gol o‘tkazib ham yubordi. O‘tkazilgan gollar 73 va 90+6 daqiqalarga to‘g‘ri kelayotgani esa, chindanam qiziq holat. Pragmatizm va o‘yinni o‘ldirishga usta bo‘lgan Joze uchun bunday ssenariylar qandaydir begonadek xuddi.
Terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng, «Manchester Yunayted» «Sheffild» va «Aston Villa» bilan o‘ynadi va har ikki o‘yin ham jangovor durang bilan yakunlandi. Bu o‘yinlarda «Manchester Yunayted» hisobda ortda ham bordi, oldinga ham chiqdi, lekin u qadar kuchli bo‘lmagan raqiblarga qarshi bu qadar beqarorlik xavotirlarni oshirishi tabiiy. Mavsum boshida «MYu» himoyada liganing eng ishonchli jamoalaridan biri bo‘lgan, asosiy muammo pozitsion hujumlar va vaziyatlardan foydalana olmaslik edi. So‘nggi o‘yinlar esa, himoyadagi xatolarni ham namoyish qildi. Balki bu markaziy yarimhimoyachi Skott Maktominey maydonga tusha olmagani bilan bog‘liq ham bo‘lishi mumkin.
Tarkiblar
Mezbonlar safida so‘nggi bir oyni o‘tkazib yuborgan Skott Maktominey qaytmoqda. Ushbu futbolchining maydon markazidagi o‘rni hatto Pogbanikidan ham baland ekani ayniqsa, so‘nggi turlarda ko‘rinib qoldi. Skotsiz «MYu» ikki o‘yinda beshta gol o‘tkazib yuborgani ham ko‘p narsadan darak bermoqda, zero undan oldingi 12 uchrashuvning faqat 2tasida «MYu» bittadan ortiq gol o‘tkazgandi, xolos. Lekin Sulsherning aytishicha, Pol Pogba bu safar ham maydonga tusha olmaydi. U jamoa bilan shug‘ullanishni boshladi, lekin optimal sport formasiga kirish uchun yana bir muddat kutishga to‘g‘ri keladi. Umuman, Pogbaning jarohati va bu haqidagi mavhum fikrlar boshqa taxminlarni ham o‘rtaga chiqarmoqda – fransiyalik futbolchi jamoada uzoq qolmasligi aniq, u qishdayoq ketishi mumkin, shuning uchun Pogbani shoshiltirishmayapti ham. Nemanya Matich ham shunga o‘xshash vaziyatda turibdi. Serbiyalik yarimhimoyachi allaqachon jarohatdan qutulgan bo‘lsa-da, Sulsher unga ishonch bildirmayapti. Lekin Perreyraning so‘nggi o‘yinlardagi ishonchsiz harakatlari, aynan shu safar Sulsherning Matichni ham tilga olishi balki, majburan uning maydonga qaytishidan ham dalolat qilishi mumkin. Har holda Matichning shartnomasi bor, yanvarda nima bo‘lishidan qat'i nazar, hozircha undan foydalanish mumkin.
O‘yin arafasida Antoni Marsiyal ham maydonga tusha olmasligi ma'lum bo‘ldi. Sulsherning aytishicha, fransiyalik hujumchi mashg‘ulotlar paytida jarohat olgan.
«Tottenhem»da Kristian Eriksen ham Pogba va Matichning holatida. U Pochettino davrida ham klubda qolish niyati yo‘qligini ma'lum qilgandi. Mourino kelishi ham vaziyatni o‘zgartirmadi, u murabbiyga yangi shartnomaga imzo chekmasligi haqida ma'lum qildi. Bu holat esa, Eriksenni asosiy tarkibdan uzoqlashtiradi. Joze APLdagi ikki o‘yinda faqat bir marta, o‘yin oxirida Eriksenni tushirdi, Chempionlar Ligasi o‘yinida esa, Dayyerning jarohati tufayli, Eriksen 29-daqiqadan boshlab harakat qildi, xolos. Katta ehtimol bilan bugun ham Joze uni zaxirada qoldiradi.
Bundan tashqari, Erik Lamela va Ben Devisda jarohat bor. Darvozabonlar Ugo Loris va Mishel Vorm esa kamida yana bir oy «Tottenhem»ga yordam bera olishmaydi.
Marsiyalning jarohati Sulsherga yana uch markaziy himoyachi bilan o‘ynashga majbur qilishi mumkin. Jamoalarning taxminiy tarkibi qo‘yidagicha:
«MYu»: De Xea, Van-Bisakka, Lindelof, Maguayr, Jons, Shou, Maktominey, Fred, Perreyra, Jyeyms, Reshford
«Tottenhem»: Gassaniga, Ore, Sanches, Alderveyreld, Vertongen, Uinks, Dayyer, Ndombele, Alli, Son, Keyn
O‘zaro o‘yinlar
2014 yildan beri o‘zaro o‘yinlarda durang qayd etilmayapti. Bu raqiblar o‘yinida an'anaviy ravishda mezbonlar g‘alaba qozonib kelayotgandi. Faqat o‘tgan yili tartib biroz buzildi – mavsum boshida «Tottenhem» «Old Trafford»da 3:0 hisobida ustun kelgan bo‘lsa, aksincha, Londondagi o‘yinda Reshfordning goli mehmonlarning g‘alabasini ta'minlagandi. So‘nggi 20 uchrashuvga qarasak, bu o‘yinlarning yarmida «MYu» g‘alaba qozongan, 6 o‘yin «Tottenhem»ning muvaffaqiyati bilan tugagan. To‘g‘ri, 10 g‘alabadan 2tasini «MYu» APLdan tashqarida qo‘lga kiritgan: 2018 yilgi Angliya kubogi yarim finalida, hamda shu yilning yozida Xalqaro Chempionlar kubogida manchesterliklar bir xil – 2:1 hisobida zafar quchishgan.
LIVeRPUL – EVeRTON
15-turga yana bir markaziy va qiziqarli o‘yin belgilangan. Mersisayd derbisi. «Everton» qanday ko‘rinishda va qanday formada bo‘lmasin, «Liverpul»ga qarshi o‘yinda bor imkoniyatini ishga solishi shubhasiz. Masalan, «Liverpul»ning aynan «Everton»ga qarshi uchrashuvda yo‘qotgan ochkosi o‘tgan yili chempionlikdan mahrum qildi, zero shundan keyingi barcha o‘yinlarda Klopp shogirdlari g‘alaba qozonishgandi.
Aslini olganda, umumiy statistikada ham «Liverpul» yaqqol ustun – so‘nggi 19 o‘yinda «Everton» biror marta ham g‘alaba qozonmagan. «Ko‘klar»ning «Liverpul» ustidan qozongan oxirgi yutug‘iga kelasi yili 10 yil to‘ladi. Ammo boshqa jihat bor, APLda mana shu o‘yindan keyingi 18 uchrashuvning 10tasi durang bilan yakunlangan. 4 uchrashuv «Liverpul»ning kichik hisobdagi g‘alabasi bilan tugagan. Ya'ni yuqoridagi fikrning isboti, «Everton» har qanday sharoitda ham «Liverpul»ga bor imkoniyati bilan qarshilik ko‘rsatadi va aksariyat hollarda raqibni ochko yo‘qotishga majbur qiladi. «Enfild»dagi oxirgi 7 o‘yinning 3tasida «Everton» bir ochko olib ketishning uddasidan chiqqan. Ishonavering, nafaqat o‘rtamiyona, balki kuchli klublar uchun ham bu oson emas.
Buning ustiga «Everton» APLda so‘nggi ikki o‘yinni boy berdi va turnir jadvalida 17-o‘ringa tushib ketdi. Hozirda jamoani «xavfli zona» bilan 2 ochko ajratib turibdi, xolos. «Sauthempton» ham, «Norvich» ham so‘nggi o‘yinlarda g‘alaba qozonganliklari, «Uotford» murabbiyini almashtirganini e'tiborga olsak, past ham tinch emas, «Everton» bugundan harakat qilmasa bo‘lmaydi. Shuningdek, bu uchrashuv bosh murabbiy Markus Silvaning kelajagiga ham oydinlik kiritishi turgan gap.
Tarkiblar borasida «Liverpul» markazidagi muhim figura Fabino bir oyga safdan chiqishi katta yo‘qotish. «Brayton»ga o‘xshash jamoalarga qarshi bu sezilmas, lekin derbida braziliyalik yarimhimoyachining o‘rni bilinishi mumkin. Shuningdek, Alisson Beker o‘tgan turda qizil kartochka oldi va diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. Har yomonning hikmati bo‘lganidek, asosiy posbonning avgustdagi jarohati va ikki oy davomida Adrianning ishonchli o‘yini bugungi muammoni hal qildi – darvozabon pozitsiyasida «Liverpul» qiyin holatda emas. Mehmonlardan esa Fabian Delf, Teo Uolkott va Simus Koulman jarohatdan tiklanib ulgurmagan. Andre Gomesh uchun esa, mavsum allaqachon tugaganini yaxshi bilamiz.
Derbidagi taxminiy tarkibdan qo‘yidagicha:
«Liverpul»: Adrian, Aleksandr-Arnold, Lovren, van Deyk, Roberson, Milner, Henderson, Veynaldum, Saloh, Mane, Firmino;
«Everton»: Pikford, Sidibe, Mina, Kin, Din, Shnayderlin, Deyvis, Ivobi, Sigurdsson, Risharlison, Kelvert-Levin.
15-turning qolgan o‘yinlari.
«Chelsi» – «Aston Villa», «Lester»- «Uotford», «Sauthempton» – «Norvich», «Vulverhempton» – «Vest Hem».
Ushbu uchrashuvlar 5 dekabrga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 00:30da boshlanadi.
Qolgan ikki o‘yin esa ertaga bo‘lib o‘tadi. «Sheffild Yunayted» «Nyukasl»ni, «Arsenal» «Brayton»ni o‘z maydonida qabul qiladi.
3 dekabr oqshomida ushbu tur doirasida ikki uchrashuv bo‘lib o‘tgan. «Kristal Pelas» «Bornmut» ustidan 1:0 hisobida ustun kelib, 5-o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsa, «Manchester Siti» safarda «Byornli»ni yirik hisobda yengdi – 4:1.
Mavzuga oid
11:53 / 25.11.2024
«Real» «Barsa»ga yetib olmoqda, Saloh «Liverpul»ni qutqardi. Kun o‘yinlari
15:52 / 21.11.2024
Ruben Amorim - Ronaldu unga qo‘ygan laqab, yangi uslub va «MYu»da nimalarni o‘zgartirmoqchiligi haqida
16:05 / 08.11.2024
«Old Trafford»da «Amorim-bol»: Yangi murabbiy qo‘l ostidagi «MYu» qanday taktik yechimlar taqdim etadi?
12:26 / 04.11.2024