19:50 / 12.12.2019
0
5730

Shavkat Mirziyoyev Nagoya shahri merini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 dekabr kuni Yaponiyaning Nagoya shahri meri Takasi Kavamurani qabul qildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotgani, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bank-moliya, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik kengayib borayotganini qayd etdi. Bugungi uchrashuv O‘zbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga rasmiy tashrifi arafasida o‘tayotgani ta'kidlandi. 

Nagoya shahri Yaponiyaning eng yirik sanoat va ilmiy markazlaridan biri bo‘lib, u bilan hamkorlik turli o‘zaro manfaatli dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun keng istiqbollarni ochadi.

Ta'lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi sheriklik, jumladan, 2010 yilda Toshkentda ochilgan Nagoya universiteti vakolatxonasi ko‘magida rivojlanib borayotgani yuksak baholandi.

Uchrashuvda avtomobilsozlik, shaharsozlik, to‘qimachilik, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlarda yaqin ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Toshkent va Nagoya shaharlari o‘rtasida imzolanishi kutilayotgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, poytaxtda Yuqori texnologiyalar parkini tashkil etish loyihasini amalga oshirish, shubhasiz, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Nagoya O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik uchun ko‘prik bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Istiqbolli dastur va loyihalarni amalga oshirishni ilgari surish maqsadida «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top