O‘zbekiston | 09:57 / 14.12.2019
10052
8 daqiqa o‘qiladi

Bandixon tumanini kompleks rivojlantirish dasturi loyihasi e'lon qilindi

Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumani hokimligi tashkil etiladi hamda 2020-2022 yillarda Bandixon tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi tasdiqlanadi.

Prezidentning tegishli qarori loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 30 noyabrdagi 2932-III-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Senatining 2019 yil 30 noyabrdagi “Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etish hamda Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi SQ-539-Sh-son qarori ma'lumot uchun keltirilgan.

Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumani hokimligi tashkil etiladi.

Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumani hokimligini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish bo‘yicha respublika komissiyasi tasdiqlanadi.

Respublika komissiyasi (A.J. Ramatov):

Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumani hokimligini tashkil etish bilan bog‘liq zarur tashkiliy texnik tadbirlar kompleksini ishlab chiqadi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta'minlaydi;

Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Bandixon tumanini tashkil etish davrida iqtisodiyot tarmoqlarining aniq, barqaror va bir maromda ishlashini, shuningdek yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning o‘z vaqtida hal etilishini ta'minlaydi;

Surxondaryo viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etilishi munosabati bilan yangidan tashkil etilayotgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hududiy tuzilmalarini ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan malakali kadrlar bilan to‘ldirish chora-tadbirlarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (Zokirov), Surxondaryo viloyati hokimligi (Bobolov) bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar Bandixon tumani markazining 2030 yilgacha bo‘lgan bosh rejasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlashni ta'minlaydi.

 Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan “2020-2022 yillarda Surxondaryo viloyati Bandixon tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi” ma'qullanadi.

Dasturning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy, transport va logistik jihatdan rivojlantirish aholining, xususan yoshlarning bandligini ta'minlash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarini ishga tushirish;

Bandixon tumanini rivojlantirish va obodonlashtirish, uning me'moriy qiyofasini tubdan o‘zgartirish, shaharsozlik qoidalariga muvofiqlashtirish, shuningdek, ko‘p qavatli uy-joylar qurish hamda zarur tashqi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlash;

ijtimoiy va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, xususan ichki yo‘llarni va ijtimoiy soha obektlarini rekonstruksiya qilish va qayta ta'mirlash;

yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish va ularni qayta ishlash darajasini oshirish shuningdek, xorijiy tajriba asosida chorvachilik, qo‘y va echkichilikni rivojlantirish.

Surxondaryo viloyati Bandixon tumanidagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Bandixon tumanida Ilmiy-tajriba institutlari tomonidan iqlim sharoitini va tuproq unumdorligini inobatga olgan holda eksportbop meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida ularni ekish va navlarni tanlash bo‘yicha ilmiy ishlanmalar ishlab chiqilishini;

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda 2020-2022 yillarda Bandixon tumanida pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirilishini;

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekchorvanasl” agentligi, Xalq banki, Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Bandixon tumanida mavjud yaylov yerlardan samarali foydalanish maqsadida 2020 yilda 2 ta va 2021-2022 yillarda 4 ta yirik qo‘ychilik va echkichilik klasterlarini tashkil etilishini;

“Parrandasanoat” uyushmasi, O‘zsanoatqurilishbank, Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda 2020-2021 yillarda quvvati 1 mln. boshga teng bo‘lgan 2 ta parrandachilik kompleksini tashkil etilishini;

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Asaka bank, Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda 2020-2021 yillarda teri xomashyosini to‘liq va chuqur qayta ishlashga mo‘ljallangan charm-poyabzal ishlab chiqarish korxonasini mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etgan holda tashkil etilishini;

Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi rivojlantirish agentligi, Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi, tijorat banklari, Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda maydoni 1 gektarni tashkil etuvchi zamonaviy tipdagi 10 ta, shundan 2020 yilda 4 ta va 2021 yilda 6 ta issiqxona tashkil etilishini;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligi rivojlantirish agentligi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Bandixon tumanida resurs tejovchi texnologiyalar asosida intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (Xudoybergenov), O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qo‘mitasi (To‘ramurodov), O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi (Qo‘chqorov), Surxondaryo viloyat hokimligi (Bobolov) yangidan tashkil etilayotgan Bandixon tumanida sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlarni keng jalb etish maqsadida tumandagi mavjud daryo, soylardan hamda qum-tosh konlaridan, tosh-shag‘al bilan ishlovchi korxonalarga imtiyozlar yaratish borasida “Xavfsiz daryo” davlat unitar korxonasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishiga ruxsat etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligi, Bandixon tumanida ijtimoiy soha obektlari va ko‘p qavatli turar joy binolari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obektlari uchun oqova suv tizimi va tozalash inshootlarini qurish ishlarini 2020 yildan boshlab, 2022 yil may oyiga qadar to‘liq yakunlaydi.

“O‘zbekistontemiryo‘llari” AJ Bandixon tumani aholisiga qulaylik yaratish maqsadida “Toshkent-Boysun-Qumqo‘rg‘on-Termiz” temir yo‘l liniyasining “Tangimush” stansiyasida yo‘lovchilarni poyezdlarga chiqish-tushishlarini tashkillashtiradi.

 O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda aholini elektr energiya, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suv va kanalizatsiya tizimi bilan ta'minlash bo‘yicha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, Dastur doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari asosida ishlab chiqarish korxonalarini muhandislik tarmoqlariga belgilangan tartibda ulashga texnik resurs imkoniyatlaridan kelib chiqib, texnik shart berish hamda ajratilgan limit doirasida gaz bilan ta'minlash choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi tashkil etilayotgan viloyatga bo‘ysunuvchi Bandixon tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tuzilmalarini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda Bandixon tumanida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va davlat notarial idoralarini, «Davlat xizmatlar» markazni tashkil etish masalasini ko‘rib chiqib, tegishli tadbirlarni amalga oshiradi.

Mavzuga oid