Jamiyat | 15:14 / 16.12.2019
55861
13 daqiqa o‘qiladi

Turli tekshiruvchilar uchun odamlar «sog‘in sigir»mi? Urgutdagi uch voqea

Yil yakunlanib dekabr oyi kirib kelaversa qishloqlarga «cho‘ntagi bo‘shagan mehmon»larning tashrifi ko‘payadi. Biri elektr uskunalari va elektr hisoblagichni «tekshirgisi» keladi. Ikkinchisi qandaydir sug‘urta kompaniyasidan, yana biri allaqaysi korxonadan.

Buyoqda hali mo‘ri tekshiradiganlar navbat kutyapti: bugun-erta kelib qolsa ajablanmayman. Koshki o‘sha korxonalarning xodimlari qishloqlarda o‘z vazifasini vijdonan bajarsa edi. Ammo Urgutda bunday bo‘lmayapti.

Birinchi voqea

Yaqinda mahalla idorasiga ish bilan kirsam, ortimdan «biz «Agrosug‘urta» kompaniyasi Urgut tuman bo‘limidanmiz, mahallaga uy-joy va chorva mollarini sug‘urta qilishga keldik», deb ikki qiz va bir yigit kirib keldi.

Mahalla raisi ularga ruxsatnoma yozib berishi kerak ekan. Shunda mahallamiz raisi ham, men ham ularga «aholini chalg‘itib, bu sug‘urtani majburiy demaslik kerakligi, to‘g‘ri targ‘ibot qilinsa ham aholi orasida o‘z uy-joyini, chorva mollarini ixtiyoriy sug‘urta qiladiganlar albatta chiqishi»ni aytdik.

Ular «xo‘p», deya mahalla oralab ketishdi. O‘sha kuni ular qanday ishlashdi, aholiga nima deyishdi xabarim bo‘lmadi. Ammo oradan ikki kun o‘tib Samarqandda seminar boshlanayotgan chog‘da uydan otam qo‘ng‘iroq qilib qoldi.

«Qandaydir sug‘urta kompaniyasidanmiz, deb ikki qiz, bir yigit keldi. Uy-joy va chorva mollarini ixtiyoriy-majburiy sug‘urta qilishar ekan», dedi otam.

Taxmin qildim, ikki kun oldin mahalla idorasida ko‘rganim yigit-qizlar ota hovlimizga borishgan. Shundan so‘ng otamga «telefonni bering-chi», deb o‘sha sug‘urta agenti bo‘lgan bola bilan gaplashdim. Tabiiyki, u ikki kun ilgari o‘zi bilan gaplashgan odam ekanimdan bexabar.

– Uka, uy-joy va chorva mollarini majburiy-ixtiyoriy sug‘urta qilishni bir tushuntiring-chi, nimasi majburiy, nimasi ixtiyoriy?

– Bizda eng arzon sug‘urta 40 ming so‘m, qimmati milliongacha ketaveradi. Buni tanlash ixtiyoriy. Sug‘urta qilish esa majburiy.

– Xo‘p, nima asosga ko‘ra uy-joy va chorva mollarini sug‘urta qilish majburiy?

– Bu haqda prezidentning farmoni, Vazirlar Mahkamasi qarori bor.

– Qo‘lingizda o‘sha farmon va qarorning nusxasi bormi?

– Bor.

– Qani o‘shandan «majburiy» degan joyini o‘qib bering-chi.

Shu payt agent qo‘lidagi, o‘zim ikki kun oldin ko‘rgan Urgut tuman «Mahalla» jamg‘armasi raisining mahallamiz raisi nomiga yozgan «Sug‘urta bozorini rivojlantirish haqidagi prezidentning falon farmoni, Vazirlar Mahkamasining falon qaroriga ko‘ra…» deb boshlangan va oxirida «amaliy yordam ko‘rsating», degan mazmunda yozilgan xatini o‘qib berdi.

– Uka, farmon va qaror bilan tanishtirganingiz uchun rahmat. Ammo siz hozir o‘qib bergan matnda majburiy degan so‘z yo‘q-ku, siz uni qayerdan olyapsiz?

– Prezident farmonida, Vazirlar Mahkamasi qarorida majburiy deb yozilmaydi. Farmon va qaror chiqqanidan so‘ng uni bajarish majburiy-ku?!

Uning oxirgi gapidagi mantiqni eshitib xayolimdan «bularni kim bunday tarbiyalagan?» degan fikr o‘tdi. Shundan so‘ng o‘sha yigitga o‘z manfaati yo‘lida (u ishlab borgan pulidan foiz oladi) odamlarga prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasining qarorini noto‘g‘ri talqin qilib, xalqda o‘sha farmon va qarorlarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otmaslikni so‘radim va aloqani uzdim.

Shundan so‘ng vaziyatni bildirib qo‘yish va joylardagi bo‘limlarni qattiqroq nazorat qilishni so‘rash uchun «O‘zagrosug‘urta» kompaniyasining Toshkentdagi bosh ofisiga qo‘ng‘iroq qilib holat haqida xabar berdim.

Ming taassuf bo‘lsinki, men ism-sharifini so‘rashni unutgan xodima gaplarimni eshitgach, «Rahmat, surishtiruv o‘tkazamiz, aybdorlarga qonun doirasida chora ko‘ramiz», deyish o‘rniga «Bizning joylardagi xodimlar bilan bunday hodisalar bo‘lmaydi», deb o‘zimni bir onda yolg‘onchiga chiqardi.

Unga gapirish befoydaligini bilib aloqani uzdim va «O‘zagrosug‘urta»ning Samarqand viloyati bo‘limi bilan bog‘lanib, ulardan Urgut tuman bo‘limi hisobchisining telefon raqamini olib, qo‘ng‘iroq qildim va vaziyat haqida xabar berdim. «O‘zagrosug‘urta» kompaniyasining Urgut tuman bo‘limi o‘sha xodimlarga chora ko‘rdimi yo‘qmi, bilmayman.

Eng qizig‘i, o‘sha kuni kechki payt mahallamiz raisiga uchrashib holat haqida gapirsam, u «o‘sha sug‘urtachilar qaysi xonadonga kirgan bo‘lsa, aksariyatidan menga ham «sug‘urtachilar kelib majburiy deyapti, uy-joy va chorva mollarining sug‘urtasi majburiy bo‘ldimi?» deb so‘rab qo‘ng‘iroq qilishdi. Hammasiga «uy-joy va chorva mollari sug‘urtasi majburiy emas, xohlasang sug‘urta qildir, xohlamasang qildirma», deb aytdim. Ertaga bu masalani hokimiyatga ma'lum qilaman», dedi.

Ko‘ryapmiz, bir paytlar ishchilarining maoshiga pul topa olmay yurgan sug‘urta kompaniyalari bugun ancha rivojlandi. Hatto jahondagi taniqli sug‘urta kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik haqida bitim imzolashyapti. Ammo, qayerlardadir markaziy idorasining e'tiborsizligi ortidan quyi tashkilotlardagi xodimlar qishloq joylarida yuqorida tafsilotini yozganimday odamlarni aldab, «uy-joy va chorva mollarini sug‘urta qilish majburiy» deb, sug‘urta bozorini rivojlantirish haqidagi prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasining qarorini boshqacha talqin qilib, xalqda ishonchsizlik kayfiyati uyg‘onishiga sabab bo‘lishmoqda.

Bu yerda men o‘z mahallamda sodir bo‘lgan birgina holatni yozdim. Ammo, o‘sha xodimlar hali butun tumanimizni kezib chiqishadi va agar hozir ularga chora ko‘rilmasa butun tuman aholisini aldab, odamlarda so‘nggi yillarda mamlakatimiz ravnaqi uchun olib borilayotgan islohotlarga nisbatan aks kayfiyat uyg‘otishadi.

«O‘zagrosug‘urta» AJ rasmiy saytidagi ushbu sug‘urta turiga bag‘ishlangan maqolada ham «Jismoniy shaxslar (fuqarolar) bilan ixtiyoriy tuziladigan sug‘urta shartnomasi ularning murojaatiga ko‘ra sug‘urta mukofoti to‘langandan so‘ng sug‘urta polisi berish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi», deb belgilab qo‘yilibdi (harflarni qoraytirib ajratib ko‘rsatish — o‘zlariniki).

O‘ylaymanki, «O‘zagrosug‘urta» kompaniyasi yuqorida keltirilgan hodisa yuzasidan chora ko‘radi. Agar bu ish taftishi uchun lozim topishsa, menda qo‘ng‘iroqlarning audioyozuvlari mavjud.

Ikkinchi voqea

Urgut tumanidan yana bir murojaat bo‘ldi. Idorasi Samarqand shahrida joylashgan, aholi uy-joylarida elektr tarmoqlari va montaj ishlari bo‘yicha ixtiyoriy ko‘rik o‘tkazib, xizmat ko‘rsatishi lozim bo‘lgan «Elektr tarmoqlari va montaj» MChJ xodimlari har yil noyabr-dekabr oylarida Urgut tumanidagi mahallalarda aholi xonadonlariga kirib «Biz elektr tarmoqlari korxonasidanmiz, xonadoningizdagi elektr hisoblagichni tekshirgani keldik», deb, o‘zi shundoq ham ko‘chalarga chiqarilgan elektr hisoblagichlarga birrov qarab qo‘yib, 12 ming so‘m majburiy to‘lov undirmoqda.

Ayni masalada o‘tgan 2018 yilda ham Urgut tumanidagi bir nechta mahalladan murojaat bo‘lgan va o‘shanda o‘sha korxona rahbari bilan bog‘langanmiz, ular xodimlarni nazorat qilishlarini, bundan so‘ng aholi orasida to‘g‘ri tushuntirish ishlari olib borilishini ma'lum qilgan edi.

Oradan bir yil o‘tib ma'lum bo‘lyaptiki, bu korxona rahbariyati o‘tgan yilgi ishlardan yetarli xulosa chiqarmagan va bu yil ham korxona xodimlari Urgut tumanidagi turli mahallalarda odamlarga o‘z xizmatlari ixtiyoriy ekanligini tushuntirmay, «majburiy» deb pul yig‘ib ketmoqda.

Bu korxona aslida mahallalarda yurib, aholiga o‘z xizmatini taklif etishi, xonadon egalari rozi bo‘lsa so‘ng o‘sha xonadondagi elektr jihozlar va hisoblagichlarni ko‘rikdan o‘tkazishi, nosoz o‘rnatilganini sozlab berishi, so‘ng bajargan ishiga xizmat haqi olishi kerak.

Ammo aholi vakillarining bizga bildirishicha, bular xonadonlarga borib «Biz Samarqand shahridagi «Elektr korxonalari» idorasidanmiz, hisoblagichni nazoratdan o‘tkazgani keldik», deb, ko‘chada turgan hisoblagichga birrov qarab, «12 ming so‘m to‘lov qilasiz» deb kvitansiya yozib berib, pul olmoqda.

Shuningdek, «mening hisoblagichimni tekshirishga hojat yo‘q, har doim MIB to‘lov undirgani kelganida tekshiradi», deganlarga bu MChJ xodimlari «Yo‘q, biz ham ko‘rishimiz kerak, bu majburiy», deb baribir to‘lov undiryapti.

Biz ayni masalada izoh olish uchun kvitansiyada ko‘rsatilgan raqamga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildik, ammo hech kim javob bermadi.

«Samarqand HETK» matbuot xizmatiga bog‘langanimizda «Elektr tarmoqlari va montaj» MChJning bu tashkilotga mutlaqo daxli yo‘qligi ma'lum qilindi.

Aslida, bu 12 ming so‘m yoki sug‘urtachilar majburiy deb olayotgan 40 ming so‘m uncha katta summa emas. Ammo qishloq joylarda ana shu arzimagan pulni topa olmayotgan xonadonlar ham yetarlicha. Qolaversa, gap o‘sha pulni topa olish-olmaslikda ham emas, balki ixtiyoriy xizmat turlarini qishloqlarga kelib odamlarga «majburiy» deb muttahamlik qilishda bo‘lyapti.

Uchinchi voqea

Hammamizga ma'lum ayni kunlarda joylarda jadallik bilan yangi elektr hisoblagichlar o‘rnatilyapti. Shu jumladan, Urgut tumanidagi xonadonlarga ham. Bu ishga tuman elektr tarmoqlari korxonasi ishchilarining imkoniyati yetmagani uchun joylarda qo‘shimcha ishchilar yollashga to‘g‘ri kelyapti. Yollangan ishchilar orasida esa turli xillari uchramoqda.

So‘nggi paytlarda elektr hisoblagichlarni o‘rnatib yurgan o‘sha yollanma ishchilar orasida o‘rnatilgan hisoblagichlar uchun aholidan 15-20 ming so‘m «xizmat haqi» olgani yetmaganday, aholi xonadonlaridagi eski hisoblagichlardan «ayb» topib, «akt tuzaman», deb qo‘rqitib, so‘ng aholidan «akt» yozmaslik evaziga 50-100 ming so‘m pul olayotganlar ham uchramoqda.

Ayni masalada Urgut tuman ETK rahbari «Hisoblagich almashtirayotgan yollanma ishchilarning hisoblagichlarni tekshirishi, «akt tuzaman» deyishi mutlaqo mumkin emasligi, ular eski hisoblagichni yechib olib, yangisini o‘rnatishi va eski hisoblagichlarni tartib bo‘yicha tuman ETKga olib kelib topshirishi kerakligi»ni aytdi.

ETK rahbarining qo‘shimcha qilishicha, yollanma ishchilar hisoblagichlarni almashtirganda aholidan xizmat haqi olishi ham mumkin emas.

«Ammo, guruch kurmaksiz bo‘lmaganiday ayrim ishchilar har qancha tushuntirish ishlari olib borilsa ham o‘z nafsini tiya olmayapti va rahbariyat unday xodimlar haqida xabar berilishi bilanoq ular bilan shartnomani bekor qilyapti», deydi u.

Yuqorida keltirilgan uch holat ham Urgut tumanida bo‘lyapti. Ammo, xuddi shunga o‘xshash voqealar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham ro‘y berayotgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun mutasaddi tashkilotlardan bunday noqonuniy ishlarga e'tiborliroq bo‘lishni so‘raymiz.

G‘ayrat YO‘LDOSh,

bloger

Mavzuga oid