Jahon | 19:33 / 19.12.2019
33498
3 daqiqa o‘qiladi

Putin qizlari to‘g‘risidagi savolga aniq javob bermadi

Rossiya prezidenti Vladimir Putindan matbuot anjumani chog‘ida jurnalistlardan biri OAV uning qizlari deb atayotgan Mariya Voronsova va Katerina Tixonovani qachon o‘z farzandlari deb tan olishini so‘radi.

U bu savolga javob bermadi, ular bilan bog‘liq kompaniyalar faoliyati to‘g‘risidagi savolga javobida esa ularning ism-sharifini tilga olmadi va «ayol» so‘zi bilan cheklandi.

«Siz bir ayolni, ikkinchisini, ularning shaxsiy ulushi, biznesining hajmini tilga oldingiz. Siz fakt keltirdingiz, ammo bu yetarli emas. Kavlashtirib ko‘rsangiz bu qanaqa biznes, kimga nima tegishli, kim kimga yordam berayotganini bilasiz», — dedi Putin.

Rasman Putinning ikki nafar qizi borligi ma'lum, ammo u hech qachon ularning shaxsini ma'lum qilmagan. Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, uning farzandlari fan bilan mashg‘ul va «siyosatga aralashishmaydi». U shuningdek, ikki nafar nabirasi borligini aytgan.

Mariya Voronsova va Katerina Tixonova haqida nimalar ma'lum?

Reuters va The New Times Mariya Voronsovani Vladimir Putinning to‘ng‘ich qizi deb atagan. The New Times ma'lumotiga ko‘ra, u Endokrinologik ilmiy markazda aspiranturani tugatgan. Mariya Voronsova — «Novaya meditsinskaya kompaniya» («Nomeko») aksiyadorlik jamiyatining besh nafar egasidan biri (20 foiz ulush bilan) va direktorlar kengashi a'zosi.

Mariya Voronsova

The New Times va Reuters’ning ta'kidlashicha, Mariya Voronsova niderlandiyalik tadbirkor Yorrit Yost Faassen bilan turmush qurgan.  

Katerina Tixonova

Reuters va Bloomberg Katerina Tixonovani Vladimir Putinning kichik qizi deb atagan. U MDU ilmiy-texnologik vodiysini tashkil etishda qatnashayotgan «Innopraktika» fondining rahbari. Tixonova may oyida fizika-matematika fanlari nomzodi bo‘lgan. Reuters 2015 yilda Tixonova «Rossiya» banki aksiyadori Nikolay Shamalovning o‘g‘liga turmushga chiqqanini yozgan. 2018 yil boshlarida Bloomberg o‘z manbalariga tayanib Tixonova va Shamalov o‘rtasidagi nikoh poyoniga yetganligini xabar qilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid