Jahon | 16:00 / 23.12.2019
70774
4 daqiqa o‘qiladi

Qoshiqchining o‘ldirilishi. Besh nafar ayblanuvchi o‘limga hukm qilindi

Foto: AP Photo/Lefteris Pitarakis

Saudiya Arabistonida o‘tgan yilning oktyabrida Istanbulda o‘ldirilgan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘limi ishi bo‘yicha tergov ishlari yakunlandi. Uni o‘ldirishda ayblangan besh kishi o‘lim jazosiga, yana uch kishi 24 yilga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etildi.

Shu bilan birgalikda, Saudiya hukumati ushbu qotillik avvaldan rejalashtirilmagan holda sodir etilganini ma'lum qilgan. Bu esa hukumatning avvalgi bayonotlariga mos kelmaydi.

Qirollikning Istanbuldagi bosh konsulxonasi konsuli jinoyat sodir etilgan vaqtda boshqa joyda bo‘lganini isbotlovchi dalillarni taqdim etgani bois aybsiz deb topildi.

Sudlanganlar orasida Saudiya taxti valiahdi Muhammad ibn Salmonning maslahatchisi Saud al-Qahtoniy yo‘q. Holbuki aynan u OAV tomonidan qotillik tashkilotchisi sifatida ko‘rsatilgandi.

Qotillikka aloqadorlardan biri sifatida ko‘rilgan mamlakat razvedkasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Ahmad al-Asiriy esa o‘tgan yili iste'foga chiqarilib, hibsga olingandi, ammo u dalillar yetarli bo‘lmagani sababli qo‘yib yuborilgan.

Saudiya Arabistoni hukumati tanqidchisi bo‘lgan Jamol Qoshiqchi AQShning Washington Post nashrida sharhlovchi sifatida ishlagan va 2017 yildan AQShda yashagan. 2018 yil 2 oktabr kuni u Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga hujjatlarni rasmiylashtirgani kirgach bedarak yo‘qolgan.

Avvaliga Saudiya Arabistoni hukumati jurnalistning o‘limi haqidagi xabarlarni rad etgan va u elchixonani sog‘ holda tark etganini bildirgandi. Keyinroq Saudiyadagi nashrlar Qoshiqchi elchixona hududida halok bo‘lganini tasdiqlovchi xabarlarni tarqatdi, ammo bu xabarlarda Qoshiqchining o‘limiga konsullik xodimlari bilan janjallashib qolgani olib kelgani aytildi.

Keyinroq rasmiy Ar-Riyod jurnalistning o‘limi qasddan sodir etilganini tan olishga majbur bo‘lgandi.

Istanbul prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, Qoshiqchi konsullikda bo‘g‘ib o‘ldirilgan va uning jasadi bo‘laklarga bo‘linib, konsullik hududidan olib ketilgan. Shu vaqtga qadar uning jasadi qoldiqlari topilmagan.

Saudiya Arabistoni bosh prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, Qoshiqchining o‘ldirilishi ishi bo‘yicha 21 kishi hibsga olingan.

Valiahd shahzodaning qanday aloqasi bor?

Valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon / GETTY IMAGES

Qoshiqchi bir qancha yaqin do‘stlari hibsga olingach 2017 yilning sentyabrida Saudiya Arabistonini tark etgandi. Shundan keyin u Amerikaning Washington Post nashrida kolumnist sifatida ishlay boshlagan.

Vatanni tark etgan Qoshiqchi shahzoda Muhammadni dissidentlarni ta'qib qilishda ayblaydi va bu haqda o‘z maqolalarida yozadi.

Bu tanqidlar esa G‘arbda o‘zini islohotchi sifatida ko‘rsatishga urinayotgan valiahd shahzodaning obro‘siga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Washington Post va New York Times nashrlari shu vaqtga qadar shahzodani podshohlikning modernizatsiyalashuvi timsoli sifatida taqdim etib kelishardi. 2018 yilning bahorida AQShga tashrifi davomida Muhammad ibn Salmon Google, Amazon va Apple asoschilari bilan uchrashgan, shuningdek, Facebook ofisiga borgandi.

Jamol Qoshiqchining qaylig‘i Hadicha Dengiz. U Qoshiqchi bilan konsullikka birga borgandi

Qoshiqchi Istanbuldagi konsullikda yo‘qolib qolgach shahzodaga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi.

Turkiyada ham, G‘arb mamlakatlarida ham shahzodani jurnalist o‘limidagi aybdorlardan biri sifatida ayblashdi. AQSh Senati 2018 yilning dekabrida tegishli rezolyutsiyani qabul qilgandi.

Ekspertlar va tanqidchilar taniqli dissidentning qotilligi Muhammad ibn Salmonning roziligi bilan amalga oshirilganini tusmol qilishadi.

Ar-Riyodda esa podshohlik xonadoni bu qotillikka aloqadorligi keskin rad etiladi.

Mavzuga oid