Iqtisodiyot | 17:03 / 26.12.2019
30701
2 daqiqa o‘qiladi

20ta yirik davlat korxonasi qachon xususiylashtirilishi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda davlat ulushi yuqori bo‘lgan 20ta yirik kompaniya aksiyalari 2021 yilning II choragida IPO orqali sotilishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu muddat kapital bozorini rivojlantirishning besh yillik strategiyasi loyihasida ko‘rsatib o‘tilgan.

Aksiyalari ochiq savdoga chiqariladigan 20ta kompaniya ro‘yxati hozircha ma’lum emas.

Ro‘yxat hali to‘la shakllanmaganini 27 noyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tgan «UzInvest» forumi doirasidagi matbuot anjumanida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunatulla Bekenov ham tasdiqlagan edi.

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, Bekenov «Aloqabank» va «O‘zsanoatqurilishbank» davlat banklari, O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi, «Kvars» shisha zavodi va «Jizzax plastmassa» zavodi xususiylashtirilishi aniqligini ma’lum qilgan.

«Biz, shuningdek, barcha yog‘-moy zavodlari, «Kafolat» sug‘urta kompaniyasi, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, Bekoboddagi «O‘zmetkombinat», O‘zbekistondagi eng yirik sement ishlab chiqaruvchi zavod «Qizilqumsement» kabilarni ham xususiylashtirish masalasini ko‘rib chiqyapmiz», – degandi Bekenov.

Jurnalistning «O‘zbekneftegaz» ham shular qatoridami, degan savoliga Bekenov bu masala ham ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.

«Biz hozir xalqaro moliya tashkilotlari bilan davlat korxonalarini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish ustida ishlayapmiz. Ushbu strategiya doirasida qaysi korxonalarni va qay tarzda xususiylashtirish masalasiga aniqlik kiritiladi. Hujjat 2020 yil fevraligacha tayyor bo‘ladi», - deya qayd etgandi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori.

Mavzuga oid