O‘zbekiston | 17:50 / 26.12.2019
22642
4 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Ne'matov: «O‘zbekiston YeOIIga kirishdan foyda ko‘rishi mumkin»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishdan foyda ko‘rishi mumkin, bu masala hozir qizg‘in muhokama qilinmoqda. Bu haqda «RIA Novosti»ga O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov xabar berdi.

«Hozir bu masala o‘rganilmoqda, sinchkovlik bilan o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalari keyinchalik taroziga qo‘yiladi va qaror qabul qilinadi», - dedi Ne'matov «RIA Novosti»ga.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, shaxsan o‘zi YeOIIga kirishni yoqlaydi

«O‘zbekiston iqtisodiyoti, sanoati, qishloq xo‘jaligi o‘sib bormoqda. Eksport ko‘paymoqda. Bizga bozor kerak, o‘ziga xos maydon kerak. Bu joy qayerda? Qozog‘istonda, Rossiyada, Qirg‘izistonda, u ham YeOII a'zosi. Shuning uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytaman - ishtirok etish tarafdoriman. Faqat iqtisodiy manfaatlardan kelib chiqqan holda... Yana bir muhim omil - demografiya. Aholi o‘sib bormoqda, har yili 700 ming kishiga ko‘paymoqda. Tabiiyki, biz mutanosib ravishda 700 ming kishini ish bilan ta'minlay olmaymiz. Bu nimaga olib keladi? Migratsiyaga. Xalqimiz qayerga ketmoqda? Rossiyaga, Qozog‘istonga. Bu omil, shuningdek, O‘zbekistonning YeOII bilan yaqin aloqalarni saqlashini ham belgilaydi. U yerda a'zo davlatlar, migrantlar uchun boshqacha sharoitlar mavjud. Shuning uchun, menimcha, ushbu shartlardan kelib chiqqan holda qaror qabul qilishimiz kerak», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi muzokaralar yaqin kelajakda yakunlanishi mumkin.

«Hozirda, menimcha, (masala) jadallashmoqda. Yaqinda Siluanovning (RF moliya vaziri Anton Siluanov - tahr.) jamoasi Samarqandda bo‘ldi, dekabr oyining boshida. Bu muzokaralar davom etayotganini anglatadi. Ehtimol, ular tez orada yakunlanadi. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda yakunlanadi», - dedi u. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilhom Ne'matov YeOIIga kirishga hech kim bizni majburlay olmasligi haqida aytib o‘tgandi.

«O‘tgan safar ham aytganman, yana qaytarib aytaman. Yevrosiyo ittifoqiga kirishga bizni hech kim majburlay olmaydi. Chunki O‘zbekiston – nihoyatda salohiyatli, nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda katta obro‘ga ega bo‘lgan davlat. Manfaatlarimizga javob bersagina kiramiz. Hozirgi kunda ekspertlar tomonidan bu masalaning ijobiy tomoni, salbiy tomoni o‘rganilyapti. O‘rganish natijasi taroziga qo‘yilgandan keyin, ijobiy tomoni tarozi pallasini bosib ketsa, biz [ittifoqqa] kiramiz, salbiy tomoni bosib ketsa, demak, uni o‘ylab ko‘ramiz. Lekin O‘zbekistonning iqtisodi tobora kengayib bormoqda, o‘sib bormoqda. Buning uchun nima kerak? Bozor kerak, maydon kerak. Asosiy maydon qayerda? Qozog‘istonda va Rossiyada. Shundan kelib chiqqan holda iqtisodiy manfaatimizga javob berishini o‘ylab bu tashkilot bilan yaqin hamkorlik qilishimiz kerak», - degandi Ilhom Ne'matov Kun.uz’ga bergan izohida.

Mavzuga oid