Jahon | 10:58 / 03.01.2020
33616
2 daqiqa o‘qiladi

Eng kuchli dengiz piyoda qo‘shinlariga ega davlatlar ma'lum qilindi 

Foto: AFP/Getty Images

AQShning The National Interest nashri eng kuchli dengiz piyoda qo‘shinlariga ega yetakchi beshta davlatni ma'lum qildi.

Reytingga AQShning dengiz piyoda qo‘shinlari korpusi yetakchilik qilmoqda. Ta'kidlanishicha, ushbu korpus qolgan davlatlar dengiz piyoda qo‘shinlariga nisbatan harbiylari soni kattaligi bilan farqlanadi: 2017 yil natijalariga ko‘ra, korpusda 186 mingga yaqin kishi xizmat qiladi va 38 mingga yaqin zaxiradagi harbiyga ega.

2-o‘rinni Rossiyaning dengiz piyoda qo‘shinlari egallagan. National Interest’ning yozishicha, Rossiyada ushbu qo‘shin turi AQSh dengiz piyoda qo‘shinlari korpusi kabi rolni bajaradi, ya'ni desant operatsiyalariga ixtisoslashgan kuchlar hisoblanadi. Rossiya dengiz piyoda qo‘shinlari yaxshi jangovar tayyorgarlikka ega.

3-o‘rinni Buyuk Britaniyaning qirollik dengiz piyoda qo‘shini egalladi. Britaniya qurolli kuchlarining ushbu turi o‘zidan yengil piyoda qo‘shinni aks ettirib, doimo jangovar shay holatda turadi. Uning harbiylari soni 7 mingga yaqinni tashkil qiladi.  

4-o‘ringa Janubiy Koreya dengiz piyoda qo‘shinlari qo‘yildi. Unda 29 mingga yaqin harbiy xizmat qiladi. Qo‘shin amerikalik mutaxassislar tomonidan o‘qitilib, AQSh dengiz piyoda qo‘shinlari kabi vazifalarni bajaradi.

Beshtalikning oxirgi o‘rnidan Xitoy dengiz piyoda qo‘shinlari joy oldi. Unda 30 mingga yaqin kishi xizmat qilib, harbiy kemalar va harbiy-dengiz bazalaridan harakatlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan. Biroq maqola muallifining ta'kidlashicha, Xitoy dengiz piyoda qo‘shinlarida jangovar tajriba yo‘q. Xitoy armiyasi bu muammoni hal qilish uchun Rossiya harbiy-dengiz floti bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Mavzuga oid