O‘zbekiston | 23:06 / 03.01.2020
27291
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Tojikiston bilan chegara qismini minalardan to‘liq tozaladi 

Foto: Nozim Kalandarov

O‘zbekiston Tojikiston bilan chegara qismini minalardan tozalash ishlarini yakunlaganini ma'lum qildi. Ikki davlat chegara hududining minalardan tozalanishi O‘zbekiston kuchlari va vositalari bilan amalga oshirilgan. Bu haqda Tojikiston hukumatidagi manba “Aziya-Plyus” nashriga ma'lum qildi.  

Manbaning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston bunda tojikistonlik sapyorlar xizmatidan bosh tortgan, chunki ishlar O‘zbekiston hududidagina amalga oshirilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil mart oyida Tojikistonga tashrifi yakunlariga ko‘ra, ikki  davlat yetakchisi umumiy chegarani minalardan tozalash bo‘yicha barcha ishlar 2019 yil oxirigacha yakunlanishiga kelishib olishgandi.

O‘zbekiston 1990-yillar oxirida Tojikiston bilan chegarasining tog‘li hududlarini minalashtirgan edi. O‘shanda O‘zbekiston buni Tojikiston tomondan o‘z hududiga O‘zbekiston islom harakati jangarilarining kirishi oldini olmoqchiligi bilan tushuntirgan.

Tojikiston milliy mina markazi ma'lumotlariga ko‘ra, oxirgi 20 yil ichida O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida va Tojikistonning o‘zida minalar portlashi oqibatida 374 tojikistonlik halok bo‘lgan, 485 nafari jarohat olgan. Bunda ikki davlat chegarasida minalar portlashi oqibatida necha tojikistonlik halok bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.

Ta'kidlanishicha, ushbu davr ichida Tojikiston hududini minalardan tozalash vaqtida 2 nafar sapyor halok bo‘lgan, 20 nafari jarohat olgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid