Jahon | 14:00 / 10.01.2020
39212
3 daqiqa o‘qiladi

Eron AQShni «Boing» aviahalokati bo‘yicha tekshiruvga qo‘shilishga chaqirdi

Rasmiy Tehron Amerika transport xavfsizligi bo‘yicha milliy byurosini (NTSB) Ukraina aviakompaniyasining «Boing» samolyoti aviahalokati bo‘yicha tergovda ishtirok etishga chaqirib, rasmiy xat yo‘lladi. Bu haqda Reuters NTSB bayonotiga asoslanib xabar tarqatdi.

NTSB halokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha o‘z vakilini tayinlagan. Ammo bu vakil AQShning Eronga qarshi sanksiyalari sharoitida nimadir qila olishi aniq emas.

Kengashning qayd etishicha, «NTSB aviahalokat atrofidagi vaziyatni kuzatishni va o‘zining tergovda ishtirok etish darajasini baholashda davom ettiradi».

«Ukraina xalqaro avialiniyalari» aviakompaniyasining Kiyevga uchayotgan Boeing 737 rusumli samolyoti 8 yanvar kuni tongda Tehron aeroportidan havoga ko‘tarilishidan bir necha daqiqa o‘tib qulab tushdi. Hodisa oqibatida 176 kishi halok bo‘ldi.

9 yanvar kuni kelib chiqishiga ko‘ra eronlik bo‘lgan internet faoli Narimon G‘arib tvitterdagi sahifasida Tehron yaqinida «Ukraina xalqaro avialiniyalari»ning Boeing 737 samolyotiga raketaning kelib urilishi aks etgan video deya ta'kidlangan videoni joylashtirdi. The New York Times nashri xabariga ko‘ra, video Tehron yaqinidagi Parand aholi punktida olingan, samolyot aynan shu hudud ustdan uchib o‘tayotganida aloqaga chiqishni to‘xtatgan.

Eron tomoni samolyot raketa tomonidan urib tushirilgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda va halokatga texnik nosozlik sabab bo‘lganini ta'kidlamoqda.

8 yanvar kuni Ukraina milliy xavfsizlik kengashi Tehronda qulagan samolyot halokati sabablari sifatida terakt, raketa hujumi yoki dvigatelning texnik sabablarga ko‘ra portlab ketishini ko‘rsatgandi.

Keyinroq Kanada bosh vaziri Ukraina samolyoti  Eron raketasi tomonidan urib tushirilganini ma'lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham kanadalik hamkasbining fikrini qo‘llab-quvvatlab chiqdi va Britaniyada samolyot Eron raketasi bilan urib tushirilganini tasdiqlovchi dalillar borligi haqida gapirdi.

Mavzuga oid