Jamiyat | 19:58 / 13.01.2020
95170
3 daqiqa o‘qiladi

Nuroboddagi avariya tafsilotlari: 20ga yaqin mashina shikastlangan

Bugun, 13 yanvar kuni A-378 «Samarqand – Qarshi» avtoyo‘lining Samarqand viloyati Nurobod tumanidan o‘tuvchi qismida yirik yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu hududda yuzlab avtomashinalar zararlangani va bir necha kishi vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Kun.uz muxbirlari holatga oydinlik kiritish uchun voqea joyida bo‘lishdi.

YTH «Samarqand – Qarshi» avtomobil yo‘lining Sazog‘on qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan. Shu qishloqda yashovchi voqea guvohlarining ma'lum qilishicha, yirik avtofalokat soat 13:00 atrofida sodir bo‘lgan. Avariya tufayli 20ga yaqin mashina turli darajada zarar ko‘rgan, hodisa oqibatida mashinalar tirbandligi yuzaga kelgan.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi, yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbar va xodimlari voqea joyiga yetib kelgan. Maxsus evakuatorlar yo‘l-transport hodisasiga uchragan avtomashinalarni olib ketmoqda.

Viloyat IIB YHX boshqarmasi vakillarining holat yuzasidan Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotiga ko‘ra, havo harorati keskin pastligi natijasida yo‘lning qatnov qismida muzlama hosil bo‘lgan, qalin tuman natijasida ko‘rish masofasi 5–10 metrgacha qisqargan.

Dastlab, soat 13:20da yuk mashinasining ortidan yengil avtomobil urilgach, bir necha daqiqa ichida yana bir necha avtomobil to‘qnashib ketgan. Voqea joyida jarohatlanganlar soni 7 nafar, ulardan to‘rt nafari shifokor ko‘rigidan o‘tgach uylariga ketgan. Hodisa oqibatida vafot etganlar yo‘q.

Ma'lum bo‘lishicha, mazkur hududda jami 8ta avtomobil jiddiy zarar ko‘rgan, yengil zararlanganlari soni esa 10dan ortiq.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati Nuroboddagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida hech kim vafot etmaganini tasdiqladi. Viloyat SSB axborot xizmati rahbari E.Muhammadiyevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, avtohalokatdan so‘ng jami 7 kishi shifoxonaga murojaat qilgan bo‘lib, ularning 3 nafari shifoxonaga yotqizilgan, ahvoli o‘rtacha.

Ayni paytda ushbu yo‘lda harakat xavfsizligini ta'minlash uchun 8ta YPX patrul avtomashinasi va 15 nafar YPX inspektorlari jalb qilingan.

Anvar MUSTAFOQULOV, G‘ayrat YO‘LDOSh,

Kun.uz muxbirlari

Mavzuga oid