Jamiyat | 10:04 / 15.01.2020
11952
2 daqiqa o‘qiladi

Bloger Abdufatto Nuritdinov ozodlikka chiqarildi

Foto: Sirojiddin Media / YouTube

Otabek Nuritdinov taxallusi bilan tanilgan andijonlik bloger Abdufatto Nuritdinov 14 yanvar kuni o‘ziga tayinlangan muddatni o‘tab bo‘lib ozodlikka chiqdi.

U o‘zi qamoqdaligida dunyoga kelgan farzandini va rafiqasini ko‘rish uchun tug‘ruqxonaga borgan.

Otabek Nuritdinov kim va u nega qamaldi?

Abdufatto Nuritdinov dekabr oyi oxirida Asaka tumani hokimligi mulozimlarini tomonidan berilgan shikoyatlar yuzasidan qo‘lga olingan, unga o‘sha kunning o‘zidayoq ish ochilgan, tergov olib borilgan va ish sudga yuborilgandi. Tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda ayblangan bloger Andijon viloyati ma'muriy sudining 30 dekabrdagi qaroriga asosan BHMning 60 baravari miqdorida (13 million so‘m) jarimaga tortilgan.

Bloger o‘z postlarida asosan Asaka shahridagi mansabdorlar faoliyatidagi ehtimoliy korrupsion faktlar, budjet mablag‘larini o‘g‘irlash va talon-toroj qilish holatlari haqida yozgan.

Abdufatto Nuritdinov o‘z aybini tan olmay, o‘zining shaxsiy fikrini davlat idoralari vakillari va fuqarolarning obro‘sini to‘kish deb hisoblamasligi, shuningdek, 30 dekabr kuni hech kimni haqorat qilmaganini ta'kidlagandi.

Bu hodisa ijtimoiy tarmoqda rezonans keltirib chiqargan, ko‘plab blogerlar va faollar uni himoya qilib chiqishgandi.

4 yanvar kuni Andijon viloyati ma'muroy sudining kassatsiya instansiyasi blogerning shikoyatini rad etgan va 30 dekabrdagi qaror o‘zgarishsiz qoldirilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 12 yanvar kuni blogerning onasi ijtimoiy tarmoq orqali o‘g‘liga yana ikkita ish ochilgani haqida xabar qilgan, ammo bu ma'lumot tasdiqlanmagandi.
 

Mavzuga oid