Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
SSPga a'zolik qaysi tadbirkorlar uchun ixtiyoriy ekani aniq belgilanadi
Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risidagi qonunga (2018 yil 9 iyulda qabul qilingan 483-sonli qonun tahririda) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Tegishli qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 5-modda (Palataning vazifalari) birinchi qismi (Palataning vazifalari quyidagilardan iborat) oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“aholini biznes yuritish asoslariga o‘qitish, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda, yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirishda ishtirok etish”.
Qayd etilishicha, prezidentning 14.01.2019 yildagi PF-5630-sonli farmoniga ko‘ra, “Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi” Savdo-sanoat palatasi yurituviga berilgan.
Mazkur Markazning asosiy maqsadi va vazifasi – tadbirkorlik sub'yektlari va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholini biznesni yuritish asoslariga o‘qitish va tadbirkorlarning malakasini oshirish hisoblanadi. Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari tarkibidagi o‘quv kurslarida tadbirkorlarning malakasi oshiriladi.
Lekin, amaldagi tahrirga ko‘ra, Palata zimmasiga aslida davlat organlarining funksiyalari yuklatilganligi ko‘rinadi. Amaliyotda esa sanab o‘tilgan funksiyalarni bajarish uchun vakolatlar mavjud emas. Shu bois, Palataning vazifasi sifatida “aholini biznes yuritish asoslariga o‘qitish, tadbirkorlik sub'yektlarining malakasini oshirish”ni belgilash va qolgan masalalarda esa ishtirok etish vazifasini yuklash maqsadga muvofiq ekani aytiladi.
9-modda (Tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish sohasida Palataning funksiyalari) birinchi qismi (Tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish sohasida Palata quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi) yettinchi xatboshisidagi “, kasanachilikning” so‘zlari chiqarib tashlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 11 yanvardagi 4-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomida "kasanachilik" tushunchasi berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs - kasanachining yashash joyi bo‘yicha yoki unga yoki uning oila a'zolariga tegishli bo‘lgan boshqa binolarda ish beruvchining buyurtmalari bo‘yicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha kasanachi tomonidan amalga oshirilayotgan ishni anglatadi.
Shunga ko‘ra, kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan jismoniy shaxslar tadbirkorlik sub'yekti hisoblanmaydi va bunday shaxslarga ko‘maklashish Palataning vazifasiga kirmaydi. Shu bois, mazkur tushunchani Qonundan chiqarib tashlash taklif etilmoqda.
16-modda (Palataning tizimi) birinchi qismi (Palataning tizimiga quyidagilar kiradi) quyidagi tahrirdagi yettinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilar bilan to‘ldiriladi:
“Toshkent xalqaro arbitraj markazi;
“Hunarmand” uyushmasi;
Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi;”;
yettinchi xatboshi o‘ninchi xatboshi deb hisoblanadi.
Bildirilishicha, prezidentining 05.11.2018 yildagi PQ-4001 sonli qaroriga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi qoshida “Toshkent xalqaro arbitraj markazi” tashkil etildi. Shu bilan birga, 17.11.2017 yildagi PQ-3393-sonli qarori bilan “Hunarmand” uyushmasi Savdo-sanoat palatasi tizimiga kiritilgan. Shuningdek, 14.01.2019 yildagi PF-5630-sonli farmoni bilan “Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish markazi” Savdo-sanoat palatasi ish yurituviga olinganligi bois kiritilgan.
17-modda (Palataga a'zolik) birinchi qismidagi (Palataga a'zolik kichik tadbirkorlik sub'yektlari uchun ixtiyoriy, boshqa tadbirkorlik sub'yektlari uchun esa majburiydir) “biznes va xususiy” so‘zlari chiqarib tashlanadi.
Hujjatga keltirilgan izohda aytilishicha, Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risidagi qonun (yangi tahriri) qabul qilinganidan keyin Palata a'zoligiga yirik korxonalarni jalb qilish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. 827 tadan ortiq murojaatlar kelib tushdi, ularda yirik korxonalar ham xususiy tadbirkorlik sub'yektlari ekanligini ro‘kach qilib, majburiy a'zolik shartnomasini tuzishdan bosh tortganliklari bildirilgan.
Bu muammoning amaliyotda kelib chiqishiga “xususiy tadbirkorlik” tushunchasiga qonunchilikda aniq tushuncha berilmaganligi hamda amaldagi qonunchilikdagi tadbirkorlik sub'yektlarining turlari tasnifida tadbirkorlik bunday turi ko‘rsatilmaganligi sabab bo‘lgan.
Xususan, "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, kichik tadbirkorlik sub'yektlari quyidagilardir: yakka tartibdagi tadbirkorlar; mikrofirmalar; kichik korxonalar.
Taklif etilayotgan tahrirda faqatgina qonunda belgilangan mezonlarga javob beradigan kichik biznes sub'yektlari Palataga ixtiyoriy ravishda a'zo bo‘lishadi, qolganlar uchun esa majburiy a'zolik joriy etiladi.
21-moddada (Palataning huquqlari) birinchi qism o‘n to‘qqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatni berish”;
quyidagi tahrirdagi uchinchi qism bilan to‘ldiriladi:
“Palata a'zolarining, shuningdek o‘z manfaatlarini ko‘zlab sudlarga da'vo arizalar va arizalar taqdim etish, sud qarorlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatlari hamda nazorat tartibida protest keltirish haqida iltimosnomalar berish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat keltirish huquqiga Palata raisi, uning o‘rinbosarlari, Palataning hududiy boshqarma boshliqlari egadirlar”.
Ta'kidlanishicha, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tadbirkorlik sub'yektlari emas va Palata a'zosi bo‘la olmaydilar. Prezidentning 05.02.2019 yildagi PQ-4160-sonli qarorining 2-bandi “ye” kichik bandi bilan Palataga bunday vakolatni amalga oshirish yuklatilgan.
Protsessual huquq qonunda aniq belgilanmaganligi sababli amaliyotda har xil tushunmovchiliklar va ziddiyatlar kelib chiqmoqda. Shu bois, vaziyatdan chiqish maqsadida Palata raisining o‘rinbosarlari hamda hududiy boshqarma boshliqlariga surunkali ravishda ishonchnomalar berib kelinmoqda. Bunday qog‘ozbozlikning oldini olish maqsadida qonunda sanab o‘tilgan protsessual vakolatlarga ega bo‘lgan shaxslar doirasi aniq ko‘rsatib o‘tilishiga zaruriyat tug‘ilayotgani aytilgan.
23-modda (Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati) birinchi qismi (Palata va uning hududiy boshqarmalari tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiradi) quyidagi tahrirdagi sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:
“davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutidan foydalanish doirasidagi chora-tadbirlar tashkil etish;”.
Qayd etilishicha, prezidentning 25.02.2019 yildagi PQ-4210 sonli qarorining 4-bandi 1-xatboshida “davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutidan foydalanish doirasidagi chora-tadbirlar Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilishi belgilangan.
Mavzuga oid
19:32 / 15.05.2026
“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
15:26 / 18.02.2026
Davlat bayrog‘ini namoyish etishda yagona talablar joriy etiladi
16:19 / 16.02.2026
Iste’molchilar shartnomalarida noqulay shartlar cheklanadi
12:27 / 16.02.2026