O‘zbekiston | 20:10 / 31.01.2020
6881
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: Kelgusida ijro hokimiyati va vakillik organi ajratiladi

Senat raisi Sirdaryo viloyat hokimligida o‘tkazilgan mahalliy Kengash deputatlari bilan uchrashuvda xalq vakillari safida faqat vijdonli, xalq dardi bilan yashaydigan insonlar bo‘lishi muhimligiga urg‘u berdi.

Arxiv foto : KUN.UZ

31 yanvar kuni Xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumaniga tashrif buyurdi. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Sirdaryo viloyat hokimligida o‘tkazilgan mahalliy Kengash deputatlari bilan uchrashuvda vakillik va ijro hokimiyati idoralari faoliyatini takomillashtirishning aniq mexanizmlariga urg‘u berdi.

– Ayni paytda vakillik va ijro organining rahbari hokim. Vaqti-soati kelib, bu ikkalasi ajratiladi. Hozircha hokim vakillarga ko‘proq erkinlik berishi lozim. Bo‘lmasa, hokim nima desa, deputatlar qo‘l ko‘tarib o‘tiraveradi, - dedi Senat raisi.

Norboyeva deputatlar o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yib olishlari uchun ishlab chiqilgan targ‘ibot materiallarini taqdim etdi. Aniq misollar asosida qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini ta'minlash bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan ishlarga e'tibor qaratdi.  

U yoshlar, xotin-qizlar, korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash, raqamli iqtisodiyotni tatbiq etish borasidagi dolzarb masalalar mahalliy Kengashlarning doimiy kun tartibida bo‘lishi lozimligini ta'kidladi.

Senat raisi xalq vakillari safida faqat vijdonli, xalq dardi bilan yashaydigan insonlar bo‘lishi muhimligiga urg‘u berdi.

- Xalq deputatlari viloyat, tuman-shahar Kengashlarining doimiy komissiyalarida korrupsiyaga berilgan, g‘o‘daygan, xalqning dardidan uzoq odamlar bo‘lmasligi kerak. Sizning oldingizda turgan, xalqni qiynayotgan muammolarni senatorlar orqali vazirliklarga yetkazinglar. Tegishli vazir kelib, hududda muammoni yechsin, sizlarning oldingizda bartaraf etilgani to‘g‘risida hisob bersin. Bu davlatimiz rahbarining talabi, - dedi Tanzila Norboyeva.

U shuningdek, xalq bilan muloqotni davom ettirish haqida ham so‘z yuritdi. 

- Xalqimiz shunaqa samimiy, tushunadigan, yaxshi gapirsa, ko‘nuvchan xalq. Odamlar bilan uchrashib, xalqning orasiga kirib, dardini tinglasangiz, muammosining yechimiga amaliy ko‘mak ko‘rsatsangiz, ularning e'tiboriga, e'tirofiga sazovor bo‘lasiz, - deya qayd etdi Senat raisi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid