Jahon | 16:41 / 05.02.2020
43373
10 daqiqa o‘qiladi

Bu ishni kim qilgandi? Afg‘onistondagi aviahalokat jumboq bo‘lib qolmoqda

27 yanvar kuni Afg‘onistonning G‘azni viloyati hududida samolyot halokatga uchradi. Dastlabki xabarlarda bu Afg‘oniston davlat aviakompaniyasining Hirotdan Dehliga uchgan yo‘lovchi samolyoti ekani, uning bortida 100 nafardan ortiq yo‘lovchi bo‘lgani aytildi.

Foto: AP Photo/lSaifullah Maftoon

Ko‘p o‘tmay bu AQSh harbiylariga tegishli Bombardier E-11A rusumli harbiy samolyot ekani ma'lum bo‘ldi. «Tolibon» amerikalik harbiylarning samolyotini razvedka ishlarini amalga oshirayotgan vaqtda urib tushirganini tantanali tarzda e'lon qildi.

Voqealar jiddiy tus olgach AQSh rasmiy ma'lumot berdi: «Afg‘onistonda Bombardier E-11A samolyoti halokatga uchradi, ammo samolyot dushman tomonidan urib tushirilgani haqida fakt yo‘q».

Amerikaliklar «Tolibon»da bunday balandlikda uchadigan samolyotni urib tushiradigan qurol yo‘qligini ta'kidlashdi. Samolyot dvigateldagi nosozlik sabab halokatga uchragani aytildi.

Reuters’ning G‘azni politsiyasiga tayanib xabar berishicha, halokatga uchragan (yoki urib tushirilgan) samolyot bortida 6 kishi bo‘lgan, 4 kishi halok bo‘lgan va 2 kishi asir tushgan (!).

Bu samolyot halokati haqida eng shov-shuvli xabar Eronning Mehr axborot agentligida e'lon qilindi. Nashr rus razvedkasidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, halokatga uchragan Bombardier ichida AQSh markaziy razvedka byurosining katta mansabdori, tashkilotning Yaqin Sharq bo‘yicha rahbari Maykl D’Andrea ham bo‘lgan.

Eron telekanalida bu xabar quyidagi tarzda e'lon qilindi: «Afg‘onistonda halokatga uchragan samolyotda MRB ofitseri Maykl D’Andrea ham bo‘lgan. Laqabi «oyatulloh Mayk» bo‘lgan bu inson shahid bo‘lgan general Qosim Sulaymoniyni dushman tomonidan o‘ldirish operatsiyasiga boshchilik qilgan».

Bu xabar voqealar rivojini butunlay boshqa tomonga o‘zgartirib yubordi. AQSh va Eron o‘rtasida urush keltirib chiqarishiga bir baxya qolgan suiqasdni tashkillashtirgan odam halok bo‘lgani aytilgach hammada bir savol tug‘ildi: bu ishni kim qildi?

Bin Lodinni topgan, Sulaymoniyni o‘ldirgan, islomni qabul qilgan. Maykl DAndrea kim o‘zi?

So‘nggi haftalarda hammaning tiliga tushgan Maykl D’Andrea kim ekani haqida gaplashsak. Qachon tug‘ilgani ham noma'lum bo‘lgan bu inson prototipi Hollivud ijodkorlari tomonidan suratga olingan «Birinchi raqamli nishon» filmida gavdalangan. «Al Qoida» yetakchisi Usama bin Lodinni qo‘lga olish operatsiyasi haqida ishlangan bu filmda D’Andreaning faoliyati qisqacha ochib berilgan. Virjiniyada tug‘ilgan Maykl 1979 yil aynan mana shu shaharda joylashgan MRBga (filmlarda eshitganingiz o‘sha mashhur «TsRU») ishga kiradi. Masofadan turib boshqariladigan uchuvchi vositalar bilan o‘tkaziladigan operatsiyalar bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishgan Mayk tabiiyki bunday ishlardagi ko‘nikmasi qo‘l keladigan Yaqin Sharqda AQSh uchun o‘ta muhim shaxsga aylanadi.

Xorijiy missiyasini Tanzaniyada boshlaydi, keyinchalik Qohira va Iroqdagi AQSh harbiylari safiga qo‘shiladi. Afrikadaligida Fotima ismli mavrikiylik qizni sevib qolib unga uylanadi. Bu uchun islom dinini ham qabul qilgani aytiladi. Ammo hech kimning ko‘nglidagini bilishga da'vo qilmagan holda uning keyingi manzili Yaqin Sharq bo‘lgani sabab bu shunchaki taktik qaror bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Xuddi Hollivud filmlaridagi kabi.

Xizmatda vaqti «omadsiz» deb laqab orttirgan Maykl D’Andrea 2001 yil chindan omadsizlikka uchraydi. Keyinchalik 11 sentabr teraktini amalga oshirishda ishtirok etgan Navof al Xazmining izini yo‘qotgan MRB guruhi ichida aynan u ham bo‘lgandi. Ammo keyinchalik Maykl bu aybini ikkita «shedeveral operatsiya» bilan yuvadi. 2011 yil u Usama bin Lodinni topish operatsiyasiga boshchilik qilib, buni muvaffaqiyatli uddalaydi hamda AQSh o‘sha vaqtda dunyodagi birinchi raqamli terrorchi deb e'lon qilgan «Al Qoida» yetakchisi jismonan yo‘q qilinadi.

2020 yilning ilk kunlarida o‘tkazilgan, tarixdagi eng shov-shuvli qotilliklardan biriga aylangan Qosim Sulaymoniyni o‘ldirish operatsiyasiga ham aynan Maykl D’Andrea rahbarlik qilgani aytilmoqda. Bu ikki operatsiyaning darajasi Maykl D’Andrea AQSh uchun qanchalik muhim shaxs bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: agar Maykl D’Andrea Afg‘onistonda halokatga uchragan (yoki urib tushirilgan) samolyot ichida bo‘lsa, bu ishni kim amalga oshirgan? Agar bu suiqasd bo‘lsa, AQSh nega jim?

Bir narsaga e'tibor berish kerak: samolyotda Maykl D’Andrea borligi haqida xabar rus razvedkachilari tomonidan Eron nashrlari orqali butun dunyoga sizdirildi. Juda tanish yo‘nalishdagi bunday axborot tarqalishi dastlabki xulosalar qilishga imkon beradi. Mantiqan olib qaraganda, bu ishdan asosiy foydani Eron ko‘radi. Chunki millat qahramoniga aylangan Qosim Sulaymoniy o‘limida mas'ul shaxsning ehtimoliy o‘limi Eronda salkam bayramdek qabul qilindi.

Ammo AQShning Iroqdagi bazalariga raketa zarbalari berganining har bir lahzasini televizorda qayta-qayta namoyish etgan Eron Maykl D’Andreani yo‘q qilsa, jim turmagan, aksincha «Sulaymoniyning qotili yo‘q qilingani»ni millat bayrami sifatida nishonlardi. Qasos o‘tida yonayotgan Eron bunday ulkan operatsiyani amalga oshirsa, uni nishonlamay turolmagan bo‘lardi. Axir qasos yashirin tarzda olinmaydi, u hammaga e'lon qilinishi bilan qasosdir...

Bu ishni o‘zi qilganini faxr bilan aytayotgan «Tolibon» nega MRBning mintaqadagi rahbarini o‘ldirgani tushunarsiz va bu katta ehtimol bilan haqiqatdan uzoq.

Shu o‘rinda yana bir fakt barchasini chalkashtirib yuboradi: voqea joyida ikki kishi omon qolgani aytildi, samolyot qulagan joyga birinchi bo‘lib «Tolibon» yetib borgani ham aniq. Shunday ekan, Maykl D’Andrea asir tushganini istisno qilib bo‘lmaydi. Har holda u samolyotning eng xavfsiz joyida o‘tirgan bo‘lishi tabiiy va agar kimdir omon qolgan bo‘lsa, bu aynan Maykl D’Andrea ekani haqiqatga yaqin.

Harbiy ekspertlarning fikricha, AQSh uchun samolyotning urib tushirilgani o‘zi qulaganidan yaxshiroq, chunki harbiy sohada tengsizligini iddao qiladigan amerikaliklar tomonidan samolyotning texnik nosozlik sabab qulashi sharmandalik deb qabul qilinadi. 10 yil avval AQSh harbiy havo kuchlarini rivojlantirish uchun aql bovar qilmas miqdorda katta pul ajratgandi. Masalan, Bombardier E-11A samolyoti 300 km radiusda dushmanga sezdirmay operatsiya o‘tkazayotgan guruh va shtab o‘rtasida aloqani ta'minlay oladi. Bu oddiy samolyot emas, butun boshli havodagi qo‘mondonlik shtabi! Mana shunday samolyot oddiy texnik nosozlik sabab qulashi AQSh harbiy texnikasining idealligiga shubha uyg‘otishi mumkin. AQSh esa qurol-yarog‘ savdosidan qanday darajada katta pul ishlashini tasavvur qilish ham qiyin.

Qandahordagi AQSh bazasida bunday turdagi smart-samolyotlardan 4tasi mavjud va ular asosan harbiy aloqa ishlarini amalga oshiradi. Bu samolyot qulagach uning oldiga birinchi bo‘lib yetib borgan «Tolibon»da AQSh ishlab chiqqan oxirgi avlod aloqa vositasining sirini bilish imkoni ham paydo bo‘lgan. Shu bois, bu qulash AQShga yana bir jihatdan qimmatga tushadi. Endilikda amerikalik harbiylar Bombardier E-11A’da qo‘llangan aloqa vositalaridan foydalanishni xavfsiz deb hisoblay olmaydi. «Tolibon» bu sirni boshqalar bilan bo‘lishmasligiga kim kafolat beradi?

Yana ikkita uchoq quladi

Bu halokatdan ko‘p vaqt o‘tmay AQSh harbiy havo kuchlariga tegishli yana ikkita samolyot halokatga uchradi. Avval Afg‘onistonning boshqa viloyati Paktiyada amerikaliklarning harbiy vertolyoti qulab tushdi, qizig‘i «Tolibon» bu vertolyotni ham urib tushirganini e'lon qildi. Ko‘p o‘tmay Iroqda AQSh harbiylari bo‘lgan S27J samolyoti qulashi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi. Bu samolyot AQSh maxsus operatsiyalarni amalga oshirish guruhiga tegishli bo‘lgan.

Birdaniga AQSh harbiylariga tegishli uchta uchar qurilmaning qulashi tasodif bo‘lishi mumkinmi? Buning ustiga bu Eron qahramoni Qosim Sulaymoniy o‘ldirilishi ortidan ro‘y bersa? Qiyin masala.

Rossiyalik harbiy ekspert Andrey Grozin bu haqida shunday deydi: «Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi uchun Afg‘oniston kaftdek ko‘rinadigan hudud va ular AQShning bu mintaqadagi barcha bazalarini bemalol eshita olishadi. Birinchidan, bu bazalarda OAVga ma'lumot sizdiradigan odamlar juda ko‘p, ikkinchidan Eron kosmik derjava. Eron sun'iy yo‘ldoshlarini osmonga pingvinlar migratsiyasini kuzatish uchun uchirib qo‘ygan deb o‘ylaysizmi?».

3 yil avval Qosim Sulaymoniy bilan Afg‘oniston borasida suhbat qurgan Andrey Grozin Afg‘onistondagi voqealar Eronning qasosi bo‘lishi mumkinligini istisno qilmagan. Xo‘sh, unaqada asosiy savol javobsiz qolmoqda: nega AQSh jim?

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid