Jahon | 16:30 / 07.02.2020
56674
12 daqiqa o‘qiladi

Falastin uchun 30 milliard: Dunyo qarshi chiqayotgan «asr kelishuvi» haqida

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Isroil-Falastin mojarolarini hal qilish masalasida ishlab chiqilgan «asr kelishuvi» rejasi nafaqat falastinliklar va mamlakat prezidenti Mahmud Abbos, balki boshqa davlatlar, shuningdek Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan ham qoralandi. Tramp «asr kelishuvi»da nimani ilgari surgandi? Quyida shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.

Foto: Global Look Press/Wiktor Dabkowski

Falastin yerlarida ikki davlat tuzilishi

1947 yil 29 noyabrda BMT Bosh assambleyasi 181-rezolyutsiyani qabul qiladi. Unga ko‘ra, Britaniya mustamlakasi bo‘lgan Falastin hududida ikkita mustaqil davlat — Isroil va Falastin davlatini tuzish belgilanadi. Shuningdek, Al-Quds alohida maqomga ega bo‘ladi.

1948 yilning 14 mayida Isroil davlati tuziladi va u Falastinga tegishli hududni ham egallab oladi.

Bundan norozi bo‘lgan arab davlatlari (Misr, Suriya, Livan, Iordaniya, Saudiya, Iroq va Yaman) 15 may kuni Isroilga qarshi urush e'lon qiladi. Urush bir yil davom etadi va dunyoning rivojlangan davlatlaridan harbiy hamda moliyaviy ko‘mak olgan Isroil ustun keladi va BMT aralashuvi bilan sulh tuziladi.

Alaloqibat, Isroil davlati yashab qoladi. Falastinda esa davlat tuzilmay qoladi. Unga tegishli hududning katta qismi Isroil tarkibiga o‘tadi, yana bir qismi Misr nazoratida qoladi.

1960-yillarning o‘rtalarida mustaqil Falastin davlatini tuzish harakati qayta boshlanadi. Bu yo‘lda Falastinni ozod qilish tashkiloti tuziladi. Shuningdek, 1967 yil 5-10 iyun kunlari arab davlatlari va Isroil o‘rtasida «olti kunlik urush» bo‘lib o‘tadi. Urushda yana har tomonlama G‘arbning madadiga suyangan Isroil g‘olib chiqadi.

1967 yilning 22 noyabrida BMT 242-rezolyutsiyani qabul qiladi. Unga ko‘ra, Isroil bosib olgan Falastin yerlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi lozim edi, ammo Isroil tomoni bu talabni bajarmaydi. BMT rezolyutsiyasi qabul qilinishidan biroz avval, 1967 yilning 1 sentyabrida Sudan poytaxti Xartumda arab davlatlari vakillari yig‘ilib Isroil davlatini tan olmaslik, u bilan hech qanday aloqa o‘rnatmaslik haqida bitim imzolaydi.

1990-yillardan boshlab vaziyat biroz o‘zgaradi, avvaliga Misr, so‘ng Iordaniya Isroil bilan tinchlik bitimi tuzadi va o‘zaro aloqalar o‘rnatiladi.

Falastin davlati tuzilishi

1988 yil 15 noyabrda Jazoirda quvg‘inda faoliyat ko‘rsatgan Falastin Milliy Kengashida (Falastin parlamenti) mustaqil Falastin davlatini tuzish haqida ilk bor e'lon qilinadi. Qisqa vaqt ichida dunyoning 80dan ortiq davlati Falastin mustaqilligini tan olishini bildiradi. Masalan, SSSR 1988 yil 18 noyabrda ushbu davlat mustaqilligini tan olgan. 1990 yilda ikki tomonlama diplomatik munosabatlar o‘rnatilib, Moskvada Falastin elchixonasi ochilgan. O‘sha paytda Falastin o‘zini mustaqil davlat deb e'lon qilgani bilan, amalda bu davlat Isroil tarkibida edi.

1993 yil Falastinni ozod qilish tashkiloti Isroilga qarshi qurolli kurash olib bormasligini ma'lum qiladi. 1994 yil Falastin milliy ma'muriyati tuziladi. Bu Falastinni mustaqil qilish uchun ilk qadam edi.

Falastinning YuNeSKOga a'zo bo‘lishi va BMTda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishi

2011 yil 31 oktyabrda BMTning ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘limi bo‘lgan YuNeSKO umumiy ovoz berish yo‘li bilan Falastinni o‘z a'zoligiga qabul qiladi. Bunga 107 davlat rozi, 52 davlat betaraf, 14 davlat qarshi bo‘ladi. AQSh, Isroil, Kanada, Germaniya, Avstraliya, Shvetsiya kabi davlatlar qarshilar tomonida edi.

Falastinning YuNeSKOga a'zo qilish masalasi kun tartibga chiqqanda, AQSh va Isroil tomoni agar Falastin tashkilot safiga qabul qilinsa, ular YuNeSKOni moliyalashtirishdan voz kechishini bildiradi.

O‘shanda AQSh tashkilot uchun yiliga 70 million dollar atrofida mablag‘ ajratar va bu tashkilot xarajatlarining taxminan 20 foizi degani edi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Falastin YuNeSKOga to‘laqonli a'zo qilib olinsa, bundan AQSh manfatlariga qanday zarar yetadi?

Gap shundaki, YuNeSKO Isroilni Falastinning bir qismini bosib olgan bosqinchi davlat deb hisoblaydi va hozirgi kunda Isroil nazoratida bo‘lgan Al-Quds shahrining bir qismini ham Falastin hududi deb biladi. AQShga YuNeSKOning mana shu pozitsiyasi yoqmaydi va o‘zining Yaqin Sharqdagi eng asosiy hamda yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Isroilning tarafini olib YuNeSKO bilan kelishmovchilikka boradi.

O‘shanda, ko‘pchilik AQSh YuNeSKOni moliyalashtirishni to‘xtatishi ortidan bu tashkilotda moliyaviy qiyinchilik yuz berishini va tashkilot AQShga yon berishini kutgandi, ammo YuNeSKO yon berishni istamay agar AQSh a'zolik badalini to‘lamasa, uni tashkilot ishlarida ovoz berish huquqidan mahrum qilishini e'lon qiladi.

AQSh 2011 yildan YuNeSKOga a'zolik badalini to‘lashni to‘xtatdi. YuNeSKO ham o‘z so‘zida turib AQShni ovoz berish huquqidan mahrum qildi. Kelishmovchilik shu darajaga yetdi-ki, YuNeSKOning o‘ziga yon berishidan batamom umidini uzgan AQSh 2017 yilda bu tashkilot safidan chiqishi haqida qaror qabul qiladi.

2018 yil 31 dekabrdan boshlab AQSh YuNeSKO a'zoligidan rasman chiqib shunchaki kuzatuvi maqomida qoldi. Ma'lumot o‘rnida: AQSh 1984 yilda Reygan boshqaruvi davrida ham YuNeSKOni «AQShga qarshi xatti-harakatlar qilganlik»da ayblab, tashkilot safidan chiqqan va 2003 yilda qayta a'zo bo‘lgan edi.

2012 yil BMT Bosh assambleyasida Falastinni ushbu tashkilotga kuzatuvchi sifatida qabul qilish masalasi ovozga qo‘yiladi. Unda mutlaq ko‘pchilik Falastinning BMTda kuzatuvchi maqomida bo‘lishi uchun ovoz beradi. Shu tariqa, Falastinning dunyodagi eng obro‘li tashkilot safida kuzatuvchi maqomida bo‘lsa ham ishtiroki boshlanadi.

Nega «asr kelishuvi»?

Voqealar rivojiga ko‘ra, YuNeSKO Falastinni o‘z safiga qo‘shib olishi, bundan norozi bo‘lgan AQShning bu tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatishi Barak Obama prezidentlik qilgan yillarga to‘g‘ri keladi. Donald Tramp prezident bo‘lganidan so‘ng AQSh YuNeSKO a'zoligidan chiqib ketadi.

Agar tarixga qarasak, 1988 yilda Falastin parlamenti «Falastin davlati» tuzilgani haqida e'lon qilganidan so‘ng, dunyodagi ko‘plab davlatlar uning mustaqilligini tan ola boshladi. 2013 yil 5 yanvarda Falastin prezidenti Mahmud Abbos Falastin ma'muriyati nomini Falastin davlati deb o‘zgartirish haqida farmon e'lon qiladi.

Bugungi kunda dunyodagi 137ta davlat Falastin mustaqilligini tan olgan. Falastin mustaqilligini tan olmagan davlatlarning aksariyatini AQShning G‘arbiy Yevropadagi ittifoqdoshlari, shuningdek, Yaponiya, Avstraliya, Kanada kabi davlatlar tashkil etadi.

Shuningdek, birin-ketin dunyodagi aksariyat xalqaro tashkilotlar Falastinni o‘z safiga a'zo qila boshladi. Masalan, FIFA Falastinni 1998 yildayoq o‘z safiga qabul qilgandi. 2011 yilda YuNeSKO a'zoligi, 2012 yilda BMTda kuzatuvchi maqomi olish Falastin xalqaro maydonda yanada kengroq tan olinishiga sabab bo‘ladi. Buning ustiga, YuNeSKOning Falastinni deb AQSh bilan ziddiyatga borgani va o‘z qarorida qat'iy turgani ham Falastinning foydasiga ishladi. Bu voqealar yaqin yillarda Falastin BMTning doimiy a'zosi bo‘lish jarayonini ham tezlatib yuborishi mumkin.

Donald Tramp ma'muriyati Falastin bilan bog‘liq voqealarni jiddiylik bilan kuzatib kelyapti. Balki shuning uchundir, Tramp kelajakda Falastin BMTga osongina a'zo bo‘lib ketishi mumkinligini inobatga olib, vaziyatdan foydalanib qolish uchun «asr kelishuvi» rejasini ilgari surdi.

«Asr kelishuvi»da Falastinga nimalar taklif etilmoqda?

Tramp va Netanyahu. Vashington, 2020 yil 28 yanvar
Joshua Lott / CNP / ZUMA Wire / Scanpix / LETA

Rejaga ko‘ra, Isroil, Falastinni ozod qilish tashkiloti va HAMAS harakati «Yangi Falastin» deb nomlanadigan Falastin davlati tashkil etilishi haqidagi kelishuvni imzolaydi. Bu davlat hududi bugun Isroil tomonidan egallab olinib, yahudiylar uchun turar joy qurilgan yerlardan tashqari, Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va G‘azo sektorini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, rejaga ko‘ra, Al-Quds bo‘linmaydi va «Yangi Falastin» hamda Isroilning umumiy poytaxti maqomini oladi. Shaharning arab aholisi Falastin davlati fuqarolari bo‘ladi. Ularga yahudiylarning uylarini, yahudiylarga esa arab uylarini sotib olish taqiqlanadi.

«Yangi Falastin» Misrdan G‘azo sektori yaqinidagi yerlarni ijaraga oladi. Bu hududda aeroport, fabrikalar, qishloq xo‘jaligi ishlari va savdo uchun hududlar yaratiladi. Ijaraga olinadigan hududlarning o‘lchami va narxini kelishuvni qo‘llab-quvvatlovchi tomonlar: AQSh, Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi davlatlari belgilaydi. Bu davlatlar «Yangi Falastin»ga milliy loyihalar uchun 5 yil davomida 30 mlrd dollar beradi.

Loyihaga ko‘ra, Falastin davlatida armiya bo‘lmaydi, faqat politsiya xodimlarida yengil qurollar bo‘ladi. Kelishuv imzolanganidan so‘ng, HAMAS o‘z qurollarini topshiradi. Bir yil ichida Falastinda saylovlar o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, Iordan daryosi vodiysi Isroilga tegishli bo‘ladi. HAMAS va Falastinni ozod qilish tashkiloti takliflardan voz kechgudek bo‘lsa, AQSh falastinliklarga moliyaviy yordamni bloklab qo‘yadi. Agar Falastinni ozod qilish tashkiloti kelishuvga rozi bo‘lsa-yu, HAMAS rozi bo‘lmasa, harakat yetakchilari javobgarlikka tortiladi. AQSh, shuningdek, Isroil va HAMAS o‘rtasida ixtiloflar avj olsa, Isroilni qo‘llab-quvvatlashga va'da bergan. 

«Asr kelishuvi»ga qarshilar

Donald Tramp va uning ma'muriyati tomonidan Falastinga taklif etilayotgan «asr kelishuvi»ning tafsilotlari ommaga oshkor bo‘lganidan so‘ng, dunyodagi ko‘plab davlatlar va ularning rahbarlari bu kelishuvda taklif etilgan rejalarga qarshi chiqdi.

Islom hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy, shuningdek yana ko‘plab davlatlar rahbarlari va Yevropa Ittifoqi vakillari unda ilgari surilayotgan rejalarni tanqid qilib chiqishdi.

Ularning barchasi «asr kelishuvi»da Isroil manfatlari birinchi o‘ringa qo‘yilib, Falastin manfatlari mutlaqo inobatga olinmaganini bildirishgan.

Jumladan, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel shunday deb bayonot berdi: «Biz AQShning Iordan vodiysi va g‘arbiy sohildagi boshqa hududlarning anneksiyasi ehtimoli to‘g‘risidagi bayonotlaridan xavotirdamiz. Xalqaro me'yorlar va BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga muvofiq, YeI Isroilning 1967 yildan keyin bosib olingan hududlar ustidan suverenitetini tan olmaydi».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid