O‘zbekiston | 11:17 / 14.02.2020
4400
8 daqiqa o‘qiladi

Prezident huquqiy madaniyatni yuksaltirishga oid yangi qaror imzolaydi

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini amalga oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari qabul qilinishi mo‘ljallangan

Foto: Dreamstime

Prezidentning “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini amalga oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Jamiyatning barcha qatlamlarida mustahkam irodali, huquqlarini biladigan, qonunlarga hamda inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan hamda huquqbuzarlikka nisbatan murosasiz bo‘lgan fuqarolarni tarbiyalash mexanizmlarini yaratish davlat organlari va tashkilotlarning huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasidagi navbatdagi eng muhim ustuvor vazifalaridan biri etib belgilanadi.

Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining soha faoliyatiga oid huquqiy axborotni aholi va ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, shuningdek, ulardan foydalanishni ta'minlash vazifalarining samarali amalga oshirilishi bo‘yicha shaxsiy mas'uliyati oshiriladi.

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2020–2021 yillarda samarali amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Adliya vazirligi:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Bolalar va yoshlarga huquqiy ta'lim-tarbiya berishning milliy konsepsiyasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

tizimli ravishda kundalik uchraydigan hamda hayotiy muhim masalalar bo‘yicha oddiy va sodda tilda huquqiy targ‘ibot materiallarini tayyorlab, keng aholi qatlamiga yetkazilishini ta'minlab boradi;

bolalarning huquqiy ongini shakllantirishga qaratilgan interaktiv mobil o‘yin-ilovalar ishlab chiqilishini, shuningdek, bolalar va yoshlar hamda har bir oila uchun mo‘ljallangan yuridik ensiklopediyalar tayyorlanishini ta'minlaydi;

2020 yil 1 avgustga qadar tadbirkorlik sub'yektlariga tezkor ravishda bepul huquqiy maslahat va ma'lumotlar berishni nazarda tutuvchi “advice for business” maxsus interaktiv huquqiy-axborot portali yaratilishi va ishga tushirilishini ta'minlaydi;

2021 yil 1 yanvarga qadar huquqiy axborot tarqatish usullarini yanada keng joriy etish maqsadida aholi uchun huquq sohasi bilan bog‘liq xizmatlar va ma'lumotlarni olish imkonini beruvchi, shu jumladan huquqiy ma'lumot resurslarini o‘zida jamlagan yagona mobil ilova yaratilishi va ishga tushirilishini ta'minlaydi;

2021 yil 1 martga qadar jamiyatda ayollar va erkaklarning teng huquqliligini ta'minlash, ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida “Gender-madad” huquqiy maslahat portali yaratilishini ta'minlaydi;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan huquqiy axborotlarning yetkazilishi, aholi va ijrochilarga ularning mohiyati va ahamiyati tushuntirilishining amaliy ta'sirini muntazam ravishda va har tomonlama tahlil qilinishini ta'minlab, zarurat bo‘lganda ularni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarni belgilangan tartibda kiritib boradi.

Davlat organlari va tashkilotlari:

o‘z soha faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga sodda va ravon tilda tushuntirish ishlarini olib boradi, bunda ommaviy axborot vositalaridan, ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlardan keng foydalanish, matbuot anjumanlari, brifinglar, media-turlar tashkil etish choralarini ko‘radi;

o‘z soha faoliyatidan kelib chiqib, aholini qiziqtiradigan eng dolzarb masalalarni aniqlash, tahlil qilish hamda ular bo‘yicha tizimli ravishda televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali huquqiy tushuntirish va huquqiy maslahatlar berish tizimini keng yo‘lga qo‘yadi;

aholiga, shu jumladan ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga, ayniqsa qishloq joylarda huquqiy masalalar bo‘yicha sayyor maslahat va huquqiy tushuntirishlar berish amaliyotini keng yo‘lga qo‘yadi;

adliya organlari bilan hamkorlikda o‘z xodimlari tomonidan soha faoliyatiga doir normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ularni qo‘llash asoslarining puxta o‘rganilishini tashkil qiladi hamda bu borada ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazib boradi.

Adliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik beriladi:

Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” huquqiy axborot markazi davlat muassasasi, “Inson va qonun” gazetasi tahririyati davlat unitar korxonasi hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyatini birlashtirish yo‘li bilan ularning negizida Adliya vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazini tashkil etish;

Adliya vazirligining “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasini tugatish hamda budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek adliya organlari va muassasalarining boshqa budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishni nazarda tutgan holda Adliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 10 kishidan iborat bo‘lgan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining tuzilmasida kamida bir nafar boshqaruv xodimidan iborat bo‘lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari bo‘yicha xodim shtat birligini joriy etish.

Markaz aholi va ijrochilarga jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborotlarni hamda targ‘ibot materiallarini tayyorlash va tezkor tarqatish, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini rasmiy e'lon qilish sohasida respublikaning yetakchi davlat muassasasi etib belgilanadi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasini shakllantirish va yuritish, undan jismoniy va yuridik shaxslarning belgilangan tartibda foydalanishini ta'minlash, shuningdek, qonun hujjatlarining Milliy bazada rasmiy nashr etilishini ta'minlash;

normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining hamda zarur bo‘lgan taqdirda, tegishli axborot-tahliliy materiallarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlariga va tashkilotlarga elektron shaklda yuborilishini ta'minlash;

Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;

huquqiy axborotni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilishning dasturiy-texnik vositalari va texnologiyalari joriy etilishini tashkil qilish;

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha tizimli amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish;

davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatlarning norma va qoidalarini aholiga tushuntirish bo‘yicha namunaviy hujjatlar to‘plamini tayyorlash va tarqatish;

qonun hujjatlari normalarini tushuntirish bo‘yicha norasmiy sharhlar va tushuntirish materiallarini tayyorlash;

aholining huquq va majburiyatlarini tushuntirishga qaratilgan, shuningdek dolzarb va aholini qiziqtiradigan aktual masalalar yuzasidan zarur targ‘ibot materiallarni tayyorlash va tarqatish;

qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini, shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng yoritish bo‘yicha tezkor axborot-tahliliy media materiallarni, shu jumladan, audio va videoroliklar, ijtimoiy reklamalar, voqea joyidan reportajlarni tayyorlash;

autsorsing shartlarida yuridik adabiyotlar va rasmiy nashrlarning rasman chop etilishini ta'minlash;

normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish, shuningdek ijtimoiy-huquqiy sohada qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyotini yoritishga qaratilgan davriy huquqiy nashrlarni tayyorlash va chop etish;

yuridik va jismoniy shaxslar, xorijiy davlatlarning tashkilotlari buyurtmasiga asosan O‘zbekiston qonunchiligi, xorijiy davlatlar qonunchiligi bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etish;

normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilishi, shuningdek, turli huquqiy hujjatlarning loyihalari va namunalarini tayyorlash bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, shu jumladan shartnoma asosida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish yoki ishlab chiqishda ishtirok etish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid