O‘zbekiston | 16:25 / 14.02.2020
29901
5 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda yangi tashkil etilgan tumanga hokim tayinlandi

Qiziriq tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari O‘tkir Choriyev Surxondaryo viloyatida yangi tashkil etilgan Bandixon tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.

Surxondaryo viloyatida qaytadan tashkil etilgan Bandixon tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, viloyatdan saylangan Oliy Majlis Senati a'zolari, tumandan saylangan Xalq deputatlari viloyat Kengashi, tuman Kengashi deputatlari, faollari va viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Surxondaryolik senatorlar / Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Sessiyada Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 17-18 oktabr kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida Bandixon tumanini qayta tashkil etib, hududni yanada rivojlantirish yuzasidan tegishli topshiriqlar bergani, shunga muvofiq Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilinib, qayta tiklanayotgan tumanning hududi belgilangani, bu masala Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari aholisi, xalq deputatlari tumanlar va viloyat kengashlari sessiyalarida atroflicha muhokama etilganini ta'kidladi.

To‘ra Bobolov / Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, sessiyada tashkiliy masala ko‘rilib, shu vaqtgacha Qiziriq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan O‘tkir Abduzoirovich Choriyev Bandixon tumani hokimi etib tasdiqlandi.

O‘tkir Choriyev / Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Ma'lumot o‘rnida, Choriyev O‘tkir Abduzoirovich 1977 yilning 30 martida  Sherobod tumanida tug‘ilgan. 2001 yilda Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi.

Faoliyati davomida Sherobod tumani moliya bo‘limi mudiri o‘rinbosari, bo‘lim mudiri, viloyat hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat bo‘yicha G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i, Qiziriq tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Sessiyada shuningdek, tuman prokurori, ichki ishlar bo‘limi va davlat soliq inspeksiyasi boshliqlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari tayinlangan. Kun tartibida ko‘rilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilingan.

Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

«Surxondaryo viloyatida bundan 28 yil muqaddam tashkil etilgan mazkur tuman tugatilib, qo‘shni tumanlarga qo‘shilganiga 8 yil bo‘ldi. Biroq, shu davrda hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ancha ortda qolib ketdi. Aholining turmush sharoitida tub o‘zgarishlar sezilmadi. Xususan, 76 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan hududda 41ta umumta'lim maktabi, uchta o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi, 1ta tibbiyot, 3ta maktabgacha ta'lim muassasasi mavjud bo‘lib, shu yillarda mazkur sohalarda birorta yangi muassasa qurilmagan. Yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib qolgan. Madaniyat, sport, tadbirkorlik sohalari rivojlanmadi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash ayanchli ahvolga kelgan», deyiladi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Qayta tiklanayotgan tumanni 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida keyingi 2-3 yil ichida hududda sanoat, xizmatlar va servis infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha 130ga yaqin loyihani amalga oshirish orqali 1 ming 200dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish, tuman hududidan o‘tuvchi davlat va mahalliy ahamiyatdagi yo‘llarning 85 kilometr qismini ta'mirlash, ichki avtomobil yo‘llarining 50 kilometr qismiga asfalt va 309 kilometr tuproqli yo‘llarga shag‘al qoplama yotqizish, 38,4 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini yangidan tortish va rekonstruksiya qilish, 15 dona transformator punktlarini o‘rnatish, 91 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 11 dona suv quduqlarini qurish va ta'mirlash singari ko‘plab tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

  • Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 30 noyabrida Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanini tashkil etish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senatning qarorlari qabul qilingandi.
  • 2020 yilning 31 yanvarida «Surxondaryo viloyati tarkibida tashkil etilgan Bandixon tumani hokimligining tashkiliy masalalari hamda 2020—2022 yillarda tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Hukumat qarori qabul qilindi va yangi tuman rasman tashkil etildi.
  • Ma'lumot uchun, hukumatning 2010 yil 24 dekabrdagi qarori bilan Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani tugatilib, uning hududi Qiziriq tumaniga birlashtirilgandi.

Mavzuga oid