Sport | 11:57 / 15.02.2020
48574
2 daqiqa o‘qiladi

Bektemir Meliqo‘ziyev navbatdagi raqibini nokautga uchratdi

Professional boksning super o‘rta (-76,2 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Bektemir Meliqo‘ziyev (5-0, 4 KO) navbatdagi jangida ham nokaut evaziga g‘alaba qozondi.

Foto: Twitter/@GoldenBoyBoxing

Havaskor boksda Olimpiada va jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni bo‘lgan bokschi Kaliforniyada bo‘lib o‘tgan boks kechasida meksikalik Oskar Kortes (27-6, 14 KO) bilan kuch sinashdi.

10 raundga mo‘ljallangan jang birinchi raunddayoq yakuniga yetdi. Meliqo‘ziyev Kortesni raund davomida 2 marta nokdaun holatiga tushirdi, so‘ng uning chap qo‘lda bergan zarbasidan so‘ng referi jangni to‘xtatdi.

Ma'lumot uchun, Bektemir Meliqo‘ziyev bugun Marko Antonio Peribanga qarshi jang qilishi lozim edi. Ammo Periban jangga bir kun qolganida shifoxonaga tushib qoldi va raqibni o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi.

Bektemir Meliqo‘ziyev 2019 yilning dekabrida amerikalik Vaugin Aleksanderga (15-4, 9 KO) qarshi jang qilib, 10 raundlik jang yakunida hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozonib, «WBA Continental Americas» kamari sohibiga aylangandi.

Mavzuga oid