Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Litva rahbari AQShni Boltiqbo‘yida Rossiyani tiyib turish kafolati deb atadi
Nausedaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda amerikalik harbiylarning mavjudligi Moskvaga Litva suverenitetining har qanday buzilishi javob zarbasiga olib kelishi to‘g‘risida signal yuboradi
Litva prezidenti Gitanas Nausedaning ma'lum qilishicha, AQSh Boltiqbo‘yida «Rossiya tahdidi»ni tiyib turishga yordam bermoqda. U bu haqda Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida aytib o‘tdi, deya xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
«AQSh va NATO bo‘yicha boshqa ittifoqchilarning ko‘magisiz biz Rossiya tahdidini samarali tiyib tura olmasdik. Litvadagi NATO kuchlari imkon qadar tayyor bo‘lishi juda muhim», - dedi Nauseda.
Prezident qo‘shimcha qilishicha, Litvaning geografik va geosiyosiy joylashuvi resurslardan samarali foydalanishni talab qiladi. Shuningdek, uning ta'kidlashicha, Boltiqbo‘yi mamlakatlari xavfsizligi va suverenitetining har qanday buzilishi qat'iy reaksiya va qasosga olib kelishi mumkinligi haqidagi signal kuchli tiyib turuvchi omil sanaladi.
2019 yil dekabr oyida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyans Turkiya ilgari to‘siq qo‘ygan Boltiqbo‘yi va Polsha bo‘yicha mudofaa rejasini ma'qullagani haqida xabar berdi. Anqara o‘z roziligi evaziga YPG kurd qurolli tuzilmalariga qarshi kurashda ko‘mak taqdim etilishini talab qildi.
Kuzda Amerika tanklari Litvaning Belarus bilan chegaraga yaqin hududida joylashtirildi. O‘shanda Nauseda ular Minskni qo‘rqitish uchun emas, balki o‘z mamlakati fuqarolarini himoya qilish uchun kerakligini ma'lum qildi.
Kuni kecha Pabrade shahri (Belarus chegarasidan 15 km uzoqlikda) yaqinida Texasdan kelgan Amerika armiyasining tanklar bataloni mashqlar o‘tkazdi, deya xabar bermoqda Euronews. Texniklarni ko‘zdan kechirish jarayonida AQShning Vilnyusdagi elchisi Robert Gilkrist ham ishtirok etdi.
NATO Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlaridagi Defender-2020 mashqlari biron bir davlatga qarshi qaratilmaganini bildirmoqda. Biroq, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning «Rossiyskaya gazeta»ga intervyuda qayd etishicha, bunday mashqlar Moskvada katta tashvish uyg‘otmoqda, sababi ular keraksiz xavfni keltirib chiqaradi. «Bunday mutlaqo asossiz mashqlarni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqayotganlar keskinlikning yanada kuchayishiga olib keladigan javob choralari kelib chiqishini istamoqda», - dedi RF tashqi siyosat idorasi rahbari.