O‘zbekiston | 09:45 / 16.02.2020
42822
10 daqiqa o‘qiladi

Yo‘llarda nega ko‘p odam halok bo‘lmoqda?

IIV yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi joriy yilning 21-31 yanvar kunlarida mamlakat bo‘ylab 125ta yo‘l transport hodisasi ro‘y bergani va unda 54 nafar fuqaro halok bo‘lgani haqida ma'lumot berdi. Fevral oyining dastlabki 10 kunida esa O‘zbekistonda 126 ta YTH qayd etilgan bo‘lib, ularda 41 kishi halok bo‘ldi, 136 kishi jarohatlangan.

Bizningcha, bu juda ko‘p. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yil YTHda halok bo‘lganlar soni bo‘yicha O‘zbekiston dunyoning 175ta davlati orasida 117-o‘rinda qayd etilgan. O‘sha yili O‘zbekistonda YTH natijasida halok bo‘lganlar soni o‘rtacha 100 ming kishiga 11,5 nafar odamdan to‘g‘ri kelgan.

175 davlat orasida 117-o‘rin bir qarashda bizdan ham ahvoli yomonlar bor ekan-ku, degan yupatuvchi xulosa uyg‘otishi mumkin, lekin yo‘llarda bir kishining o‘lishi ham ko‘p!

Xo‘sh, avtohalokatlar nega bu qadar ko‘p odamning umriga zomin bo‘lmoqda? Quyida bu savolga javob izlaymiz.

Haydovchilar

Afsuski, bizda aksar haydovchilarning mahorati qoniqarli emas. Shunchaki mashina haydashni bilish boshqa, uni mahorat bilan boshqarish boshqa. Shuningdek, yo‘l harakati qoidalarini ham ko‘pchilik yaxshi bilmaydi. Bu holatning sabablarini avvalo haydovchilik guvohnomasini berish tizimidan qidirish kerak.

Yashirib nima qilamiz, bizda haydovchilik guvohnomasini nomigagina imtihon olib, berib yuboraverishadi. Hatto imtihondan o‘ta olmaganlar keyinchalik qandaydir yo‘l bilan «prava» olib ketishadi.

Bu masalada yirik shaharlardagi haydovchilarni tayyorlash maktablarida ahvol birmuncha yaxshi. Ular o‘zi o‘qitayotgan fuqarolarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun mehnat qilishadi, ammo chekka hududlarda joylashgan avtomaktablar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Ularning aksari haydovchilik guvohnomasini olishga talabgor bo‘lgan fuqaroni shartnoma asosida o‘qishga qabul qiladi, keyin u darsga kelyaptimi, yo‘qmi nazorat qilishmaydi. Kurs tugagach «yo‘lini qilib» guvohnomani olib berishadi. Shu bilan har ikki taraf xursand: biri haydovchilik guvohnomasini oladi, ikkinchisi bilimsiz «o‘quvchi»dan oson qutuladi.

Menimcha, haydovchilik guvohnomasini berish tizimini o‘zgartirish kerak. Guvohnomani olishni xohlaydiganlarga talablarni qiyinlashtirish kerak.

Xorijda yurgan vatandoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda Yevropada, AQSh va Kanadada haydovchilik guvohnomasini olish oson emasligi, bu uchun takror-takror imtihon topshirishlarini aytishadi.

Haydovchilarning mahorati kamligiga birgina misol: joriy yil yanvar oyida Qarshi-Samarqand yo‘lining Nurobod tumanidan o‘tgan qismida yuz bergan YTH oqibatida bir necha o‘n avtomobil jiddiy zarar ko‘radi. Yuzlab avtomobillar bir necha soat tirbandlikda qolib ketdi.

Ana shu YTHga haydovchilarning mahorati kamligi sabab bo‘lgan. Yo‘l muzlama bo‘lgan va qalin tuman qoplagan holatda ular o‘zaro oraliq masofani saqlamagan holda harakatlangan. Oqibatda, buzilib to‘xtab qolgan yuk mashinasiga avval birinchi, keyin ikkinchi avtomobil urilgan, qolganlari ham xuddi kinolarda ko‘rsatiladiganday ularning ortidan kelib urilavergan.

To‘g‘ri, haydovchi ming mahoratli bo‘lmasin bunday noqulay ob-havoda avtomobilni boshqara olmay qolishi mumkin, lekin haydovchilar mahoratli bo‘lganida jabrlangan insonlar va shikastlangan avtomobillar soni kamroq bo‘lishi mumkin edi.

Yo‘llar

Ming afsuski, sifatli yo‘llarimiz bor deb maqtana olmaymiz. Aynan sifatsiz yo‘llardagi «yama»ni chetlab o‘taman deb qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan avtomobillar qarshisiga yoki yo‘lning chetiga chiqib ketish, piyodalar ustiga haydab yuborish kabi holatlarga haydovchi sifatida tez-tez guvoh bo‘laman. Yo‘lning sifatsiz qismida shinasi yorilishi yoki boshqa qismiga zarar yetishi oqibatida harakatlanib ketayotgan avtomobilning birdaniga to‘xtab qolishi yoki yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketishi oqibatida ham YTH sodir bo‘ladi. Shunday ekan, sifatsiz yo‘llar ham avtohalokat sodir bo‘lishiga va odamlar halok bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Uzoqqa bormaylik, yo‘lning holatidan qat'i nazar, unda qatorlarni ajratib turuvchi chiziqlarning sifatli chizilishi YTHni birmuncha kamaytiradi. Ayniqsa, tunda chiziqlarning ahamiyati juda katta, chunki aksariyat haydovchilar kechasi o‘sha chiziqlarni mo‘ljallab yuradi. Shundog‘am sifatsiz yo‘llarimizda hech bo‘lmasa oddiy chiziqning ko‘rinadigan qilib chizilmagani afsuslanarli. Shuningdek, yo‘l belgilari masalasida ham muammolar bor.

Piyodalar, piyodalar, piyodalar

YTH natijasida halok bo‘lganlarning bir qismini piyodalar tashkil etadi. Piyodalar yo‘lakchasini kesib o‘tayotganda ham mashina urib ketib halok bo‘lganlar oz emas. Aynan piyodalarga yo‘l bermaslikda bizning haydovchilar «oldi qatorlarda turadi». Ko‘chalarda piyodalar yo‘lakchasini ko‘p kuzataman: odamlar svetofor bilan tartibga solinmaydigan piyodalar yo‘lakchasida «zebra»ning ustiga chiqib ko‘chada avtomobillar oqimining o‘tib bo‘lishini kutadi. Ko‘cha bo‘shagandan keyin ham yo‘lakcha ustidan ko‘pincha yugurib o‘tishadi, chunki kelayotgan mashina piyodalar yo‘lakchasiga yaqinlashganda nafaqat to‘xtamasligi, hatto sekinlashmay piyodani bosib ketishi mumkin.

Ikki-uch qatorli yo‘llarda birinchi qatordagi ulov piyodaga yo‘l bersa, ikkinchi yoki uchinchi qatordagi boshqasi piyodani urib yuborish ham biz uchun yangilik emas.

Umuman olganda, mamlakatimizda piyodalarga oson emas, ayniqsa, nogironlik aravachasidan foydalanadigan yoki ko‘zi ojiz insonlarning bizning shahar ko‘chalarida harakatlanishi juda qiyin. Yo‘llarimizda ular uchun deyarli hech qanday sharoit yo‘q.

Albatta, piyodalarni ham bu masalada aybsiz deb bo‘lmaydi. Ko‘chani belgilanmagan joydan kesib o‘tish, piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotganda quloqqa quloqchin taqib, telefonga termilib yurish – bularning barchasi YTH xavfini oshirib boraveradi.

Mastlik va tezlik

Bugun aksariyat haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori juda yuqori belgilangan deb noliydi. Jarimalar balandligi bor gap, lekin so‘nggi yillarda YTH ma'lum miqdorda kamayib kelayotgan bo‘lsa ham yo‘l harakati qoidalarini buzish kamaymayapti. Haydovchilar bir tarafdan jarimalar miqdori juda balandligidan norozi, ikkinchi tomondan esa o‘zlari ongli ravishda qoidani buzaverishadi.

Qoida buzish-buzmaslik har bir haydovchining o‘ziga bog‘liq. Agar haydovchi o‘zi xohlasa, qoidani umuman buzmasdan ham avtomobil boshqara oladi. Hamma gap xohishda va avtomobilga o‘tirganda hissiyotlarni yengib olishda.

Endi, belgilangan jazo choralariga kelsak. Men aynan tezlikni oshirib yoki avtomobilni mast holda boshqarib, xoh ko‘chadagi piyodaning, xoh avtomobil salonida hamroh bo‘lib ketayotgan insonlarning umriga zomin bo‘lgan haydovchilarni qonunda belgilangan jazo choralaridan tashqari bir umrga haydovchilik huquqidan mahrum qilish tarafdoriman.

Hozir tafsilotlarini keltirib o‘tirmayman, ammo bir nechta yuqori tezlikda yoki mast holatda avtomobil boshqarib inson o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchilar Yoshlar ittifoqi kafilligi bilan yoki jabrlanuvchi tomonlarning o‘z da'vosidan kechishi tufayli arzimagan jazo olgan holatlarni ko‘rganmiz. To‘g‘ri, ular jiddiy jazo olmagan bo‘lsa ham, ma'lum muddatga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilinyapti. Ammo butun boshli tirik odamning halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan haydovchilar umrbod haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi lozim. Ana shunda mast bo‘lib yoki tezlikni oshirib avtomobil boshqaradiganlar o‘ylab ish qiladi.

Albatta, kimlargadir bu og‘ir jazo bo‘lib tuyulishi mumkin, lekin qoidalarni qo‘pol tarzda buzgan haydovchilar sababli halok bo‘lib ketayotgan insonlarning ham bu hayotda yashashga haqqi borligini va ularning hech bir sababsiz halok bo‘lib ketayotganini inobatga olsak, jazo adolatsiz bo‘lmaydi. Qolaversa, YTH natijasida birovning o‘limiga sabab bo‘layotgan haydovchilardan jonga jon so‘ralmaydi, balki boshqa avtomobil boshqarmasligi belgilanadi.

Haydovchilar o‘rtasida hurmatsizlik

Agar siz piyoda bo‘lsangiz yoki har doim jamoat transportidan foydalansangiz, haydovchilarning ko‘chada avtomobil boshqarish jaryonida naqadar asabiylashib yurishlarini bilmaysiz. Umumiy manzara shuki, bizda aksariyat haydovchilar nafaqat o‘zi bilan yonma-yon harakatlanyotgan haydovchilarni, balki ko‘cha harakatining boshqa qatnashchilarini ham hurmat qilmaydi va odob bilan munosabatda bo‘lmaydi. Buning natijasida bir haydovchi ozgina ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ysa, boshqa bir haydovchi uni haqorat qiladi yoki uning harakatlanishiga xalaqit berib, yo‘lning chetiga chiqarib yuborishga urinadi.

Ayrim haydovchilar oqibatini o‘ylamay, arzimagan holatda qasd olishga urinadi. Umumiy manzarada bu holat avtohalokatga, eng dahshati ODAM O‘LIShIGA sabab bo‘ladi...

G‘ayrat Yo‘ldosh

Mavzuga oid