Fan-texnika | 19:04 / 17.02.2020
15250
2 daqiqa o‘qiladi

Yomg‘ir suvidan elektr energiyasi olish yo‘li topildi

Olimlar yomg‘ir tomchilaridan elektr energiyasi olishning yangi usulini ishlab chiqdi. Ular misli ko‘rilmagan samaradorlikka erishishdi: bir tomchi yomg‘ir energiyasi 100 dona yorug‘lik diodli lampochkani yoqishga yetadi.

Foto : KUN.UZ

Bu haqda Nature jurnali yozmoqda.

Xitoylik muhandislar amerikalik hamkasblari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqotida energiya ishlab chiqaruvchi qurilma uchun yangi interfeysni taklif qilmoqda.

Yomg‘ir tomchilari generator plastinasi yuzasiga tushib, alyuminiyli elektrod hamda indiy va qalay oksidli elektrod orasida suv ko‘prigini hosil qiladi. Ushbu qurilmada tomchilar rezistor, qoplama esa kondensator vazifasini bajaradi.

Loyiha mualliflarining yozishicha, ularning generatorida paydo bo‘lgan oniy quvvat ilgarigi urinishlarda hosil bo‘lgan quvvatdan minglab marta yuqori bo‘lgan.

Qurilmaning amalda foydalaniladigan prototipi yaqin besh yil ichida tayyor bo‘ladi, deb va'da bermoqda olimlar. 

Kelajakda har qanday yuzaga – uy tomi, qayiq korpusi yoki soyabonga tushadigan yomg‘ir tomchilaridan energiya olish mumkin bo‘ladi. Yilning ma'lum davrida kuchli yog‘ingarchiliklar yuz beradigan hududlarda esa energiya olishning bu usuli katta foyda keltirishi mumkin.

Mavzuga oid