Koronavirus Eronda: Ikki amaldor kasallangan, vaziyat og‘irlashmoqda
Eronda bir kunda ikki yuqori martabali amaldor koronavirusdan zararlangani tasdiqlandi, mamlakatda virus qurbonlari soni 16 nafarni tashkil qilmoqda.
Eron sog‘liqni saqlash va tibbiy ta'lim vaziri o‘rinbosari Iroj Xarirchining koronavirusga topshirgan testi ijobiy natija bergan.
Dushanba kuni hukumat vakili Ali Robiy bilan birga o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida u bir necha marta yo‘talgan, doimiy ravishda yuzidagi terni artib turgan, uning o‘zi hukumat Covid-19 koronavirusidan zararlanish bo‘yicha hech qanday ma'lumotlarni yashirmayotganini aytgandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 95 nafarga yetdi, ammo haqiqiy raqamlar bundan butunlay boshqacha ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
BREAKING: Iran's deputy health minister tess positive for coronavirus; he had previously looked unwell during a press conference pic.twitter.com/at0DHN0m3a
— BNO Newsroom (@BNODesk) February 25, 2020
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Eronda koronavirus tarqalishi avj olishi barchani xavotirga solayotganini ta'kidlab o‘tgan.
O‘z navbatida, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Vashington Eron epidemiya bo‘yicha faktlarni yashirayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanayotganini aytib o‘tgan va mamlakat hukumatini koronavirus to‘g‘risidagi haqiqatni aytishga chaqirgan.
Eron ayni vaqtda koronavirusdan o‘lim holatlari bo‘yicha Xitoydan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etmoqda.
Bu mamlakat ayni vaqtda koronavirus epidemiyasining uchinchi yirik o‘chog‘iga aylangan va ekspertlar bu pandemiya boshlanganidan darak berishi mumkinligidan xavotirlanishmoqda. Yana ikki o‘choq esa Janubiy Koreya va Italiya shimolidir, bu hududlarda ham so‘nggi kunlarda koronavirus yuqishi bilan bog‘liq holatlar soni o‘sib ketgan.
Seshanba kuni Eronning yana bir taniqli siyosatchisi, parlament deputati Mahmud Sodig‘iy ham virusdan zararlangani haqida ma'lum qildi.
«Men bu dunyoda uzoq vaqt qolaman deb o‘ylamayapman», deya yozgan 57 yoshli siyosatchi tvitterdagi sahifasida.
Ayni vaqtda Covid-19 virusidan zararlangan 80 mingdan ortiq kishining aksari Xitoyda bo‘lsada, Eronda yuzaga kelgan vaziyat ko‘pchilikni tashvishlantirmoqda.
Bu mamlakatda ko‘plab diniy qadamjolar joylashgan va har yili millionlab ziyoratchilar bu obidalarni ko‘rish uchun kelishadi. Lekin mintaqadagi ko‘plab davlatlarning sog‘liqni saqlash tizimlari yaxshi rivojlanmagan va bu epidemiya butun Yaqin Sharqni qamrab olishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Rana Rahimpur, Bi-bi-si Fors xizmati
Erondagi shaharlardan chiqayotgan xabarlar ham koronavirus bo‘yicha asl holat hukumat rasmiylari tomonidan keltirilayotgan raqamlardan boshqacharoq ekaniga ishora qilmoqda.
Italiyadagidan farqli ravishda eronlik amaldorlar koronavirus aniqlangan hududlarni karantin holatiga o‘tkazishmadi. Ularning aytishicha, karantin - eskirgan usul, ular bunga ishonishmaydi.
Qum va Mashhaddagi ziyoratgohlar hamon ochiq turibdi, holbuki Qum mintaqada virus tarqalishining asosiy o‘chog‘iga aylangan.
Qum turli hududlardan ziyoratchilarni o‘ziga jalb qiluvchi muqaddas shahar hisoblanadi, bu yerdagi madrasalarda mamlakatning boshqa shaharlari va qo‘shni davlatlardan kelgan talabalar tahsil olishadi - bu shialar olami faxri bo‘lgan shahardir. Uni yopish esa jiddiy qadam bo‘ladi, bunday qaror faqat jahon hamjamiyati bosimi ostida qabul qilinishi mumkin.
Qolaversa, Eron epidemiya tarqalishini to‘xtatish uchun yetarli tibbiy resurslarga ega emas. U yerda himoya niqoblari tanqis, tekshiruvlar o‘tkazish uskunalari ham yetarli emas.
Ayrim tibbiyot xodimlarining o‘zlari ham koronavirus yuqtirib olishgan va yaqin vaqtlar ichida Eronda bemorlarga qarovchi shifokorlar yetishmovchiligi yuzaga kelishi ham mumkin.
Shu tufayli ko‘plab eronliklar haddan tashqari xavotirlanishmoqda.
Eronlik amaldorlar bilan nima bo‘ldi?
Eron sog‘liqni saqlash va tibbiy ta'lim vaziri o‘rinbosari Iroj Xarirchi o‘z videomurojaatida o‘zini jamoatchilikdan izolyatsiya qilgani va davolanishni boshlaganini ma'lum qildi.
«Menda koronavirus aniqlanganini ma'lum qilmoqchiman. Kechadan buyon isitmam chiqayotgan edi, dastlabki tahlil menda virus borligini ko‘rsatdi.
Mening ahvolim yomon emas, hammasi yaxshi. Faqat isitma bor. Dushanbadan boshlab men o‘zimni o‘zim izolyatsiya qildim. Yaqin haftalar ichida bu virusni yengaman», deya uning so‘zlarini keltirmoqda ILNA agentligi.
“I say this to you from my heart, look after yourselves.”
— Al Jazeera English (@AJEnglish) February 25, 2020
Iran's deputy health minister has tested positive for the coronavirus, as the country struggles with one of the worst outbreaks outside of China.
Read the latest: https://t.co/M9xmITqdcK pic.twitter.com/jwuw9WRdSz
Harirchining virusdan zararlangani parlament deputatlaridan biri hukumatni koronavirusdan zararlanishning haqiqiy holatini yashirishda ayblaganida bu ma'lumot u tomonidan qat'iyan rad etilishi ortidan ma'lum qilindi.
Qumlik deputat Ahmad Amirobodiy-Farahoniy Covid-19 virusi Qumda hukumat e'lon qilgani kabi 19 fevralda emas, balki yanvar oyi oxiridayoq paydo bo‘lgani, o‘shandan beri virusdan kamida 50 kishi halok bo‘lgani haqida aytgandi.
O‘shanda vazir o‘rinbosari agar deputat aytayotgan raqamlarning yarmi to‘g‘ri chiqsa ham iste'foga ketishini ma'lum qilgandi.
Deputat esa ayblovlarini qaytarib olmagan, vazirga virusdan halok bo‘lgan 40 kishining ro‘yxatini taqdim etgani va endi uning iste'fosini kutayotganini bildirgandi.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniy bosh prokurorga parlamentariyning so‘zlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga farmoyish berilganini ma'lum qildi.
«Soxta ma'lumotlar tarqatish ham, haqiqiy ahvolni yashirish ham milliy xavfsizlik va jamoatchilik ishonchiga zarar keltirish hisoblanadi», deya ogohlantirdi u.
Yaqin Sharqda epidemiya boshlanadimi?
Eron qo‘shni Afg‘oniston, Bahrayn, Iroq, Kuvayt va Ummon davlatlariga ham virus infeksiyasi tarqalishi manbai deb hisoblanmoqda. Bu davlatlarning barchasi ayni vaqtda Islom respublikasi bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan.
Ammo so‘nggi kunlarda Eronda bo‘lgan ko‘plab shia ziyoratchilari va mehnat muhojirlari o‘z mamlakatlariga qaytishgan va ko‘p ehtimol bilan virus tashuvchiga aylanishgan.
Ekspertlar urush tufayli sog‘liqni saqlash sohasi vayron bo‘lgan Afg‘oniston, Iroq va Suriya kabi mamlakatlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatdan qayg‘urishmoqda. Bu davlatlarda osonlik bilan epidemiya tarqalishi mumkin.
Yirik xalqaro transport tuguni (uzel) hisoblangan BAA bir hafta muddatga Eron bilan barcha yo‘lovchi va yuk tashuvchi samolyotlar qatnovini to‘xtatgan. Birlashgan Arab Amirliklarida 13 kishida koronavirus aniqlangan.
Bahrayn Sog‘liqni saqlash vazirligi infeksiya yuqtirganlar soni 17 nafarga yetganini ma'lum qilgan. Tibbiy xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, bemorlarning barchasi Erondan BAA orqali uchmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilardir.
So‘nggi ma'lumotlar
- 26 fevral holatiga ko‘ra, jahon bo‘ylab COVID-19 koronavirus infeksiyasidan zararlanish holatlari 80970 kishida aniqlangan. Virus epidemiyasi boshlanganidan buyon kasallikdan vafot etganlar soni 2769 nafarni tashkil qilmoqda, 29998 kishi tuzalib ketgan.
- Xitoyda seshanba kuni yana 406 kishida koronavirusdan zararlanish holati qayd etilgan. Mamlakatda virus yuqtirganlarning jami soni 78064 nafarga yetgan, so‘nggi bir kun ichida yana 52 kishi vafot etdi va qurbonlarning jami soni 2715 kishini tashkil qilmoqda.
- Janubiy Koreyada yangi turdagi koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq 169 ta yangi holat qayd etildi, yana bir nafar bemor vafot etgan. Ayni vaqtda mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni 1146 kishiga yetgan, ulardan 11 nafari vafot etgan. 22 bemor tuzalgan, 16 734 kishining tahlillari esa hali o‘rganilmoqda.
- Yaponiyada virusdan zararlanishning mingga yaqin holati tasdiqlangan. Ularning aksar qismi «Daymond prinsess»da karantinda bo‘lganlardir, bu kemada bo‘lganlarning 4 nafari vafot etdi.
- Italiyada virus yana 114 kishida aniqlandi, mamlakat bo‘ylab jami 323 kishi virus yuqtirib olgan, 11 kishi vafot etgan.
- Ispaniyaning Kanar orollarida joylashgan Tenerifi shahridagi mingdan ortiq kishi joylashgan mehmonxonada Italiyadan kelgan shifokorda virus aniqlandi va mehmonxona karantinga olindi.
- So‘nggi bir kun ichida koronavirus Yevropaning yana uch davlatida — Avstriya, Shveytsariya va Xorvatiyada ham aniqlandi.
- Fors ko‘rfazi davlatlari, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn virus tarqalishi oldini olish uchun aviareyslarga cheklov o‘rnatgan.
- AQSh koronavirusga qarshi kurashish uchun 2,5 mlrd dollar ajratmoqchi, bu mablag‘lar karantin uchun sharoitlarni yaxshilash, vaksina ishlab chiqarish va epidemiya tarqaladigan shtatlarga yordam berish uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan. Hozircha Amerikada virusdan zararlanishning 53 holati qayd etilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xitoy qo‘shma ekspertlar guruhi rahbari Bryus Eylvord Xitoy yangi turdagi COVID-19 koronavirusiga qarshi kurashish va uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha keraklicha ish qilayotganini ma'lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa davlatlar koronavirusning tarqalishiga tayyor bo‘lmagan. «Virusning yanada keng ko‘lamda tarqalishini nazorat qilishga tayyor bo‘lishingiz kerak va bu tezda amalga oshirilishi lozim», deydi u.
Mavzuga oid
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
08:39 / 22.11.2024
AEXA rahbari Eron yadro dasturi bo‘yicha hisobot tayyorlaydi
23:14 / 19.11.2024
Eron uranni boyitishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi - OAV
21:44 / 19.11.2024