Jahon | 12:02 / 01.03.2020
8526
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng badavlat odamlari bir haftada 444 mlrd dollar yo‘qotishdi

Sayyoramizning eng badavlat 500 odamining umumiy boyligi oxirgi haftada 444 mlrd dollarga kamaydi. Bu butun dunyo bo‘ylab birja indekslarining pasayishi sababli yuz berdi.    

Foto: AFP

Bu haqda Bloomberg axborot agentligi yozmoqda. Ta'kidlanishicha, tadbirkorlarning bu yo‘qotishlari ularning 2020 yil boshidan beri qo‘lga kiritgan daromadlaridan ko‘proqni tashkil qilgan. Eng katta yo‘qotishlarga Amazon rahbari Jyeff Bezos uchragan, uning kapitali 11,9 mlrd dollarga kamaygan.   

Shuningdek, bozorlardagi qulashdan Microsoft asoschisi Bill Geyts va LVMH kompaniyalari guruhi egasi Bernar Arnoga ham jiddiy ziyon yetgan – ular mos ravishda 10 va 9 mlrd dollardan yo‘qotishgan. 

Yo‘qotishlar kattaligi bo‘yicha 4-o‘rinda Ilon Mask joylashgan. Amerikalik tadbirkor Tesla kompaniyasi aksiyalari qadrsizlanishi oqibatida 9 mlrd dollar yo‘qotgan. O‘z navbatida, taniqli sarmoyachi Uorren Baffet 8,8 mlrd dollardan mahrum bo‘lgan. 

Bundan tashqari, Bloomberg antireytingiga Inditex asoschisi Amansio Ortega (6,8 mlrd dollar), Facebook rahbari Mark Tsukerberg (6,6 mlrd dollar), meksikalik milliarder Karlos Slim (6,3 mlrd dollar), Google asoschilari Larri Peyj (6,4 mlrd) va Sergey Brin (6,2 mlrd dollar) kirgan.

Axborot agentligining yozishicha, birja kurslarining pasayishi dunyoning eng boy odamlarining 80 foiziga ta'sir ko‘rsatgan. Mutaxassislar bunday salbiy ko‘rsatkichlarni koronavirus epidemiyasi va Xitoyda bu vaziyat sababli iqtisodiy pasayish kuzatilishi mumkinligi xavotiri bilan bog‘lashmoqda.

Shuningdek, epidemiya bortida koronavirusdan 5 kishi vafot etgan Diamond Princess kruiz layneriga egalik qiluvchi Carnival Corp. kompaniyasi rahbari Mik Arisonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir qilgan. Oxirgi haftaning o‘zida biznesmen 1 mlrd dollar yo‘qotdi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid