O‘zbekiston | 21:25 / 02.03.2020
5660
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Kambag‘allikni qisqartirish dasturi loyihasi ishlab chiqiladi

O‘zbekiston prezidenti “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 

Farmonga ko‘ra, ikki oy muddatda tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va bo‘sh turgan yer maydonlari aniqlanib, ularda kichik sanoat zonalarini tashkil etish va ularni infratuzilma bilan ta'minlash uchun loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi. 

Hujjatda belgilanishicha:

yangi tashkil etiladigan kichik sanoat zonalariga barcha zarur infratuzilmalarni yetkazib berish uchun kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga Davlat budjeti mablag‘laridan 100 milliard so‘m ajratiladi;

yangi tashkil etilgan kichik sanoat zonalaridagi yer uchastkalari tadbirkorlarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda xususiylashtirilib beriladi va bundan tushgan mablag‘lar kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari tomonidan yangi kichik sanoat zonalarini barpo etishga sarflanadi.

Bir oy muddatda har bir tumanda dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan aholi ro‘yxati shakllantirilib, qishloq xo‘jaligi oborotidan chiqib ketgan yerlar talabgorlarga taqsimlab beriladi va ular kooperatsiyalarga biriktiriladi. Bunda, mazkur shaxslarga qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar taqdim etiladi va yerlarni oborotga qaytarish uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznesni rivojlantirish agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda tadbirkorlikni boshlash istagidagi fuqarolarga, o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lganlar va biznesga servis ko‘rsatuvchi interaktiv mobil ilovalar yaratish uchun tanlovlar e'lon qilib, eng yaxshi loyihalarga grantlar ajratish tizimini yo‘lga qo‘yadi.

2020 yil 1 avgustga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Kambag‘allikni qisqartirish dasturi loyihasi ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi:

kambag‘allik tushunchasini, uni hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda aniqlash metodologiyasi va mezonlarini ishlab chiqish;

aholida, ayniqsa, yoshlar va ayollarda biznes yuritish va tadbirkorlikning zamonaviy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

eng avvalo, joylardagi ijtimoiy muammolarni hal qilish imkonini beruvchi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish;

tadbirkorlik sub'yektlariga moliyaviy resurslardan, shu jumladan mikromoliyalashtirish xizmatlari va davlat xaridlaridan foydalanishda keng imkoniyatlar berish uchun sharoit yaratish;

band bo‘lmagan aholini qayta tayyorlash va ishsiz fuqarolarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha keng qamrovli dasturlarni amalga oshirish.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid