Jahon | 15:59 / 04.03.2020
8082
4 daqiqa o‘qiladi

Bill Geyts koronavirusni XX asrning eng qirg‘inbarot virusi “ispanka”ga qiyosladi 

Foto: Mueller / MSC / wikipedia

Amerikalik milliarder va Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts yangi turdagi koronavirusni “biz qo‘rqqan va yuz yilda bir keluvchi yuqumli kasallik” deb hisoblashini aytdi. Uning fikricha, koronavirus dunyoga jiddiy xavf solmoqda, chunki boshqa o‘lim viruslaridan ko‘ra xavfliroqdir. Shu sababli Geyts koronavirusni XX asrda 50 mln kishining o‘limiga sabab bo‘lgan “ispan grippi”ning XXI asrdagi “muqobili” deb atadi. 

COVID-19 koronavirusidan o‘lim holati 1 foizni tashkil qilayotgani hozirdayoq uni 1,1 mln kishining yostig‘ini quritgan 1957 yildagi Osiyo grippi pandemiyasi (o‘lim darajasi 0,6 foiz) hamda 1918 yilda butun dunyo bo‘ylab 50 mln kishining o‘limiga sabab bo‘lgan ispan grippi (o‘lim darajasi 2 foiz) bilan bir qatorga qo‘ymoqda. Geytsning ta'kidlashicha, muayyan davlatdagi tibbiyotning sifatiga ko‘ra koronavirusdan o‘lim darajasi 4 foizgacha yetishi mumkin.

Milliarderning o‘z blogida yozishicha, har qanday favqulodda vaziyatda davlatlar yetakchilari oldida ikkita muhim vazifa turadi: muammolarni tezkorlik bilan hal qilish va bu vaziyatning takrorlanishiga boshqa yo‘l qo‘ymaslik. Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bunga yaqqol misoldir. Hukumatlar odamlar hayotlarini saqlab qolish bilan birga epidemiyaga qarshi kurashning samarali usullarini topishlariga to‘g‘ri kelmoqda. 

Yillar davomida tibbiyotchilar ko‘lami bo‘yicha 1918 yildagi “ispanka”ga qiyoslanishi mumkin bo‘lgan yangi pandemiya muqarrar yuz berishidan ogohlantirib kelishgan, biroq masala bu qachon sodir bo‘lishidan iborat bo‘lgan. COVID-19 epidemiyasi uncha jiddiy bo‘lmasligi ham mumkin, biroq eng yomoniga tayyor turish lozim.

Geytsning fikricha, yangi koronavirus boshqa o‘lim viruslarini yuqumliligi va o‘limga olib kelishi bo‘yicha ortda qoldirgani sababli shunchalik xavfliga aylandi. 

“Birinchidan, u sog‘lig‘i zaif bo‘lgan keksalar bilan bir qatorda sog‘lom katta yoshlilarni ham o‘ldirishi mumkin. Ikkinchidan, COVID-19 juda yuqumlidir. O‘rtacha hisobda u bilan kasallangan kishi yana 2 yoki 3 kishini zararlashi mumkin – bu esa geometrik progressiyada tarqalishdir”, deb yozgan Geyts. 

Koronavirusdan o‘lim darajasi mavsumiy grippnikidan bir necha marotaba yuqoridir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich muayyan davlatdagi tibbiyotning sifatiga ko‘ra 0,7 foizdan 4 foizgacha oraliqda o‘zgaradi. 

Shu sababli Geyts iqtisodiy rivojlangan davlatlarni virus tarqalishiga qarshi kurashda nochor davlatlarga yordam berishga chaqirgan. Uning bu xavotirlarini JSST ham tasdiqlamoqda. Xalqaro tashkilot yanvarda sog‘liqni saqlash tizimi kuchsiz rivojlangan va Xitoy bilan doimiy aloqada bo‘lgan 13 ta davlatni sanab o‘tgan. Ular orasida Kongo, Efiopiya va Gana kabilar bor.

“Afrika va Janubiy Osiyo davlatlariga yordam berib, biz hayotlarni saqlab qolishimiz va virusning global tarqalishi oldini olishimiz mumkin”, deb aytgan milliarder. “So‘z isboti bilan go‘zal” deganlaridek, yaqinda Geyts va uning rafiqasi jamg‘armasi bu maqsadlar uchun 100 mln dollar ajratdi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid