Jahon | 14:08 / 05.03.2020
17068
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston hukumati toliblar tinchlik kelishuvini buzganini bildirdi

29 fevral kuni Qatar poytaxti Dohada AQSh va “Tolibon” harakati o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolangandi.

Foto: Global Look Press/Sanaullah Seiam

Toliblar tinchlik kelishuvi shartini buzdi va martning dastlabki uch kunida 76ta hujumni amalga oshirdi, dedi Afg‘oniston milliy xavfsizlik kengashi vakili Javid Faysal.

Chorshanba kuni Afg‘onistonning G‘ilmind viloyatida AQSh qurolli kuchlari “Tolibon” harakati jangarilariga aviazarbalar berdi. Ta'kidlanishicha, aviazarbalar Afg‘oniston qurolli kuchlari punktlariga hujum qilgan toliblardan himoyalanish maqsadida berilgan.

“Tolibon” kelishuvni buzdi va martning uch kuni davomida Afg‘oniston qurolli kuchlariga 76 marta hujum qilib, tinchlik o‘rnatilishi uchun tarixiy imkoniyatni xavf ostiga qo‘ydi. Afg‘oniston mudofaa va xavfsizlik kuchlari barcha hujumlarga javob qaytardi va jami 85 nafar tolibni yo‘q qildi”, - deb yozdi Faysal Twitter akkauntida.

29 fevral kuni Qatar poytaxti Dohada AQSh va “Tolibon” harakati o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolangandi. Kelishuvni AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod hamda “Tolibon” yetakchisining o‘rinbosari, harakatning Qatardagi ofisi rahbari mulla Abdulla G‘ani Barodar imzoladi.

Mavzuga oid