Jahon | 11:31 / 06.03.2020
15406
5 daqiqa o‘qiladi

Elizabet Uorren ham poygani tark etdi. Demokratlarda ikki nomzod qoldi

Massachusets shtatidan senator bo‘lgan Elizabet Uorren Demokratik partiya safidan AQSh prezidentligi uchun nomzod sifatida kurashni to‘xtatganini ma'lum qildi.

Foto: Getty Images

70 yoshli Uorren Berni Sanders bilan birga partiyaning so‘l qanoti g‘oyalarini ifodalar edi.

U prezidentlik poygasi yetakchilaridan biri sanalayotgandi, ammo demokratlarning fevral va mart oylaridagi praymerizlarida u birorta shtatda ham g‘alaba qozona olmadi.

AQShning 14ta shtatida va Amerika Samoasida birlamchi saylovlar o‘tkazilgan «superseshanba»da Uorrenni qo‘llovchilar Jo Bayden va Berni Sanders tarafdorlaridan sezilarli darajada kamligi ko‘rinib qoldi.

Endilikda demokratlardan yana bir nomzod Havayi shtatidan kongressvumen bo‘lgan, Iroqdagi urush faxriysi Tulsi Gabbard ham poygada qolmoqda, lekin uning natijalari Uorrennikidan ham yomonroq va u ham tez orada poygani tark etganini e'lon qilishi kutilmoqda.

Respublikachilar partiyasidan esa amaldagi prezident Donald Tramp qayta saylanish uchun harakat qiladi.

Tengsizlikka qarshi kurashgan nomzod
So‘l liberallar doirasi Uorren nomzodiga katta umidlar bog‘lashgandi. Xususan, New York Times nashridagi sharhlar bo‘limi aynan uning nomzodini qo‘llab-quvvatlayotgandi.

Endilikda poygada ikki nomzod - Bayden va Sanders qolmoqda / Getty Images

Publitsistlar u poyga favoriti bo‘lishiga ishonch bildirishgandi. Ammo so‘rovlar ko‘rsatdiki, Uorren faqat oliy ma'lumotli amerikaliklar orasidagina mashhur bo‘la oldi. Lekin bu toifa saylovchilarning kamchilik qismini tashkil etadi, lekin ular ijtimoiy tarmoqlarda faollik ko‘rsatishdi.

«Bugun tongda men o‘z prezidentlik kampaniyamni to‘xtatayotganim haqida e'lon qildim. Men bu haqda aytar ekanman, bu kurashda qatnashgan barchaga, yangi g‘oyalarni sinab ko‘rish istagini bildirganlarga, Qo‘shma Shtatlar prezidenti aslida qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi tasavvurlarini namoyon etgan barchaga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman», degan Uorren xonim.

Maykl Blumberg va Elizabet Uorren demokratlar poygasini tark etganidan keyin amalda ikki asosiy nomzod qoldi: AQShning sobiq vitse-prezidenti, 77 yoshli Jo Bayden va vermontlik 78 yoshli senator Berni Sanders.

Ularning ikkisi ham Uorren xonim endi kimni qo‘llashi haqida e'lon qilishini kutgandi - bu orqali uning tarafdorlari ovozi ikki nomzoddan biriga nasib etgan bo‘lardi. Ammo Uorren xonim kim tomonga o‘tishi haqida o‘ylab olish uchun vaqt kerakligini bildirdi.

Uorren xonim siyosiy qarashlari bilan Berni Sandersga yaqinroq - u ham so‘l liberal hisoblanadi.

Uorrenning kampaniyasi iqtisodiy tengsizlikka qarshi kurashdagi batafsil takliflari bilan ajralib turgandi: bolalar parvarishi uchun universal imtiyozlar va bepul oliy ta'lim olish imkoniyatini yaratishdan tortib eng badavlat amerikaliklarga qo‘shimcha soliqlar solishgacha.

Uorren o‘z siyosiy faoliyatini boshlaganiga 10 yildan oshgan. Ungacha esa huquq sohasi professori bo‘lgan hamda bankrotlik haqidagi qonunchilik bo‘yicha ixtisoslashgan.

Siyosiy faoliyatini boshlashidan oldin Uorren huquq professori edi / Getty Images

Siyosatchi sifatida Uorren xonim 2008 yilgi moliyaviy inqirozdan keyin moliya sektorini tartibga solishda faollik ko‘rsatgan. Senatdagi eshituvlar chog‘ida u bankirlarni qattiq so‘roq qilgan hamda daromadlar tengsizligi masalasini tanqid qilgan.

Uorren yangi davlat organi - Uoll-strit faoliyatini kuzatishga qaratilgan Iste'molchilarning moliyaviy himoyasi byurosini tuzish g‘oyasini ilgari surgan va bu tashabbus amalga oshishida 2010 yilda Barak Obama ma'muriyatiga yordam bergan.

2012 yilga kelib u o‘zining siyosiy obro‘si evaziga Massachusets shtatidan senator bo‘ladi.

Uorrenni 2016 yilgi saylovlar vaqtidayoq prezidentlik uchun salohiyatli nomzod sifatida ko‘ra boshlashgan edi, ammo o‘shanda u o‘zida prezidentlik ambitsiyalari yo‘qligini bildirgandi.

Ammo u bu safargi saylovlarda demokratlar orasida birinchi bo‘lib o‘z nomzodini ilgari surgandi.

Mavzuga oid