AQSh prezidentligi saylovidagi asosiy voqealar boshlanishi arafasida Jo Baydenning o‘zi g‘alaba qozonishiga shubha qilmayotgandek edi.
Seshanba tongida u Los-Anjyelesda o‘z tarafdorlari ishtirokidagi mitingda chiqish qildi - u sahnada chap qo‘lida muzqaymoq ko‘targan holda paydo bo‘ldi.
«Men qabrdan qaytdim. Siz meni erta ko‘mib qo‘ydingiz, lekin men hali o‘lmagandim», - dedi sobiq vitse-prezident mamnun jilmaygan holda.
Mahalliy vaqt bilan seshanba kuni yarim tunda navbatdagi praymerizlar o‘tkazilgan AQShning 14ta shtatida va Amerika Samoasida Jo Bayden hech narsani bo‘rttirib gapirmayotgani oydinlashdi: ovoz berishlar yakunlariga ko‘ra, u 9ta shtatda ishonchli g‘alabaga erishgan - Alabama, Arkanzas, Massachussets, Minnesota, Shimoliy Karolina, Oklahoma, Tennesi, Virjiniya va Texasda.
Yana bir shtatda - Menda ham u o‘zining asosiy raqibi Berni Sandersni kichik farq bilan ortda qoldirmoqda, bu shtatda ovozlar hali to‘liq hisob-kitob qilib bo‘linmagan.

Sanders faqat Kolorado, Yuta va o‘zining shtati bo‘lmish Vermontda ustun kelgan. Sotsiologlarning hisoblashicha, mustaqil senator hali Kaliforniyada g‘alaba qozonib «superseshanba»ning asosiy syurprizini taqdim etishi ham mumkin - g‘arbiy shtatda eng ko‘p delegat ovozi uchun kurashiladi.

AQShda prezidentlik poygasi. Bu haqda nimalarni bilish lozim?
«Superseshanba» nima degani?
An'anaga ko‘ra, 50 yildan buyon aynan shu kun AQShda prezidentlik kampaniyasidagi asosiy kun hisoblanadi.
Ikki siyosiy partiyaning milliy qo‘mitalari «superseshanba»ga qadar qaysi shtatlarda kokuslar va praymerizlar bo‘lib o‘tishini belgilashadi. Bu safar Ayova, Nyu-Hempshir, Nevada va Janubiy Karolinada «superseshanba»dan oldin birlamchi saylovlar bo‘lib o‘tdi. Praymerizda ovoz beruvchilar Partiyaning milliy s'yezdida u yoki bu nomzod tarafida turib qatnashadigan delegatlar sonini aniqlab berishadi.
Dastlabki to‘rtta shtatdagi birlamchi saylovlarda atigi 155 delegat ovozi uchun kurash olib borilgandi, Demokratik partiyadan prezidentlik saylovida nomzod bo‘lish uchun esa 1 991 delegat ovozini yutish kerak bo‘ladi. «Superseshanba»da 1 357 nafar delegat ovozi uchun kurashiladi.













