O‘zbekiston | 11:25 / 14.03.2020
34482
6 daqiqa o‘qiladi

«Aqlli hisoblagichlar» barcha iste'molchilarga bepul o‘rnatib beriladi - «Hududgazta'minot»

Yangi qoidaga ko‘ra “aqlli hisoblagichlar” barcha toifadagi iste'molchilarga “Hududgazta'minot” AJ hisobidan, ya'ni bepul o‘rnatib beriladi

Foto: KUN.UZ

“Hududgazta'minot” AJ matbuot xizmatining yozishicha, so‘nggi yillarda gaz ta'minoti tizimiga ulangan xonadon va xususiy uylar bilan bir qatorda, gaz hisoblagichlarning soni ham ortmoqda. Shu bilan bir qatorda, ikkilamchi turar joylarning katta bozori ham mavjud bo‘lib, ulardagi gaz hisoblagichlaridan uzoq yillar davomida foydalaniladi.

“Hududgazta'minot”dagi ma'lumotlarga ko‘ra, maishiy sektordagi gaz iste'molchilarining 70 foizida gaz hisoblagichlari o‘rnatilgan. Mazkur uskunalarning aksar qismi 10 yildan ortiq vaqt mobaynida foydalanilayotgan bo‘lib, qiyoslovdan o‘tkazish chog‘ida deyarli har ikkinchi hisoblagich qayta to‘liq ta'mirlash yoki maxsus texnik xizmat ko‘rsatish zaruriyati va hatto ba'zilari tiklab bo‘lmas holatda ekanligi oydinlashmoqda.

Mavjud nazoratdan o‘tkazish tartibi qanday?

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi 698-sonli “Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, gaz ta'minoti korxonasi o‘rnatilgan muddatdan bir oy avval tekshirish o‘tkazish haqida gaz iste'molchisiga ogohlantirish beradi. So‘ngra, ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun abonent Davlat xizmatlari markazi yoki Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali (Yagona portal) orqali 44600 so‘m to‘lashi va ariza berishi kerak bo‘ladi.

Uch kun davomida gaz ta'minoti mutaxassislari gaz hisoblagichni yechib berishlari, so‘ngra tekshiruvdan o‘tkazish uchun “O‘zstandart” agentligining metrologiya xizmatiga berishlari shart. Bu barcha jarayon 10 kungacha, agar hisoblagich jiddiy ta'mirtalab bo‘lsa, bundan ham ko‘proq vaqtni oladi. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda iste'molchilar tomonidan tekshiruvga berilayotgan hisoblagichlarning deyarli yarmi, ta'mirlab bo‘lmas holga kelib qolganligi sababli, yangisiga almashtirishni talab etadi.

“Hududgazta'minot” AJ metrologik ta'minlash boshqarmasi boshlig‘i Olga Vayzburgning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 9 mart holatiga ko‘ra, hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha Davlat xizmatlari markazi va Yagona portalga jami 85866 ta murojaat kelib tushgan. “O‘zstandart” agentligi metrologiya xizmatidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 4778 ta hisoblagich yoki jami murojaatlarning 5,5 foizga yaqinida hisoblash uskunalarining yaroqsiz ekanligi aniqlangan va 2,6 mingdan ortig‘i ta'mirlanib, qayta tekshirishga yuborilgan. Xizmat ko‘rsatish natijalariga ko‘ra, 33 mingdan ortiq gaz hisoblagichlari yaroqli deb topilib, iste'molchilar xonadoniga qayta o‘rnatildi. Bugungi kunda mazkur ishlar davom etmoqda.

Iste'molchiga zarar yetkazilmaydi

2022 yilga qadar iste'molchilarning barcha qatlamlari uchun gaz nazoratining avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi (ASKUG)ni joriy etilishi mazkur vaziyat uchun yechim bo‘la oladi. Ushbu masala, Prezidentning 2019 yil 9 iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida alohida ko‘zda tutilgan. ASKUG tizimi qarzlarni paydo bo‘lishi va uzilishlarni butkul oldini oladi, yo‘qotishlarni qisqartirib, “zangori yoqilg‘i”dan noqonuniy foydalanish holatlari haqida ta'minotchini muntazam ogohlantiradi.

Mazkur tizimni tatbiq qilish mexanizmlaridan biri “aqlli” gaz hisoblagichlarini o‘rnatish bilan bog‘liq. Bu turdagi hisoblagichlar energiya sarfini yuqori aniqlikda hisoblab, ma'lumotlarni real vaqt rejimida markazga yuboradi. Shuningdek, debitor qarzlarni butkul qisqartirish va tabiiy gazni hisoblashda ko‘rsatkichlarni billing tizimiga kiritishda inson omilini cheklaydi.

Mutaxassislarning fikricha, mijozlar uchun yana bir muhim jihat shuki, avvallari gaz hisoblagichlar iste'molchilarning mulki hisoblangan, endi esa ular gaz ta'minoti korxonasi balansiga o‘tkaziladi. Yakunda nimaga erishiladi?

Yangi qoidaga ko‘ra, “aqlli hisoblagichlar” barcha toifadagi iste'molchilarga “Hududgazta'minot” AJ hisobidan, ya'ni bepul o‘rnatib beriladi. Bu degani, hisoblagichlar Jamiyatning hududiy bo‘linmalari mulki hisoblanadi. Endi iste'molchilar gaz korxonasining ogohlantirishini kutishlari, Davlat xizmatlari markazi va Yagona portalga murojaat qilishlariga hojat qolmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, gaz hisoblagichlariga barcha xizmat ko‘rsatish va bu bilan bog‘liq xarajatlar (o‘rnatish, yechish, tekshirish va ta'mirlash) gaz ta'minoti korxonasi tomonidan amalga oshiriladi, iste'molchi esa faqat hisoblagichni soz holda saqlash uchun mas'ul bo‘ladi xolos.

Tekshirish bilan bog‘liq ishlar qay tarzda amalga oshiriladi?

Agar avvallari bu ishlar murakkab va serxarajat bo‘lgan bo‘lsa, endi ular ancha soddalashadi. “Aqlli hisoblagichlar”ni tekshirish 10 yilda bir marotaba amalga oshiriladi. Gaz hisoblash uskunasi yaroqsiz holga kelib qolgan taqdirda, gaz ta'minoti korxonasi buni o‘z vaqtida aniqlab, tegishli choralarni ko‘radi. Kelgusida iste'molchilar turli joylarga ovora bo‘lib borish va hisoblagichlarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar haqida unutishlari mumkin bo‘ladi. Iste'molchilarga bo‘ladigan birgina talab – yangi qurilmalarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish va ularni soz holatda saqlanishini ta'minlashdir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid