O‘zbekistonda karantin choralari: Asosiy ma'lumotlar
O‘zbekiston jahonning boshqa davlatlari bilan transport aloqalarini to‘xtatmoqda, mamlakatda ommaviy tadbirlar bekor qilingan, barcha o‘quv muassasalari ta'tilga chiqqan va boshqa qator karantin choralari joriy etilgan.
Bugun, 15 mart kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga bag‘ishlagan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekistonda quyidagi choralar belgilandi:
Ommaviy tadbirlar
Barcha ommaviy tadbirlar, shu jumladan, Navro‘z bayrami doirasidagi umumxalq sayllari bekor qilindi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati to‘xtatildi.
Hukumat mamlakatdagi barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha murojaat bilan chiqqan - juma namozlari to‘xtatilishi mumkin.
Shuningdek, mamlakatdagi barcha kinoteatrlar faoliyati vaqtincha to‘xtatib turiladi, konsertlar qoldiriladi.
Transport
16 mart kunidan e'tiboran jahonning barcha mamlakatlari bilan avia va avtomobil qatnovlari to‘xtatiladi. Shu bilan birgalikda, temir yo‘l orqali yo‘lovchi tashishga uch kun davomida ruxsat beriladi. Bu qaror ayni vaqtda Rossiya va boshqa davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston poyezdlarining qaytib kelishi bilan bog‘liq.
O‘z navbatida xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga vatanga qaytish uchun davlat chegarasidan o‘tish taqiqlanmaydi, O‘zbekistondagi xorijliklar uchun ham o‘z vatanlariga qaytishlariga ruxsat beriladi.
O‘zbekiston xorijda qolib ketgan fuqarolarini charter reyslar orqali evakuatsiya qilishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash sohasi
Xorijdan olib kelinadigan fuqarolar Toshkent viloyatidagi sanatoriylarda karantinga joylashtiriladi.
16 martdan O‘zbekistonda koronavirus bo‘yicha ma'lumot beruvchi maxsus koll-markaz ishga tushadi.
Tibbiy niqoblar eksporti to‘xtatiladi va barcha mahsulotlar ichki bozorga yo‘naltiriladi.
Ta'lim
16 martdan boshlab O‘zbekistondagi barcha bog‘chalar, maktablar va oliy ta'lim muassasalari koronavirus tarqalishiga qarshi profilaktika maqsadida karantinga yopiladi.
Maktabgacha ta'lim vazirligi MTTlar yopilgan davr uchun bolalarning MTTga kelmagan davri to‘lovi qayta hisob-kitob qilinishini nazorat qilishi haqida xabar bergan.
Xalq ta'limi vazirligi ta'til vaqtida o‘quvchilar uchun televideniye orqali videodarslar namoyish etilishi rejalashtirilganini ma'lum qilgan. Maktablarda o‘qituvchilar ishlashda davom etishadi - ularga ish haqi to‘lanadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi koronavirus tufayli o‘quvchi-talabalar ikki hafta muddatga (hozircha) ta'tilga chiqarilishini ma'lum qilgan. Ayni vaqtda talabalar Toshkent shahridagi yotoqxonalarni tark etishni boshlashgan.
Talab keskin ortgani tufayli Toshkentdan viloyatlarga qo‘shimcha reyslar qo‘yilmoqda - samolyot va temir yo‘l chiptalari uchun talabalarga 50 foizlik chegirmalar joriy etilgan.
Narx-navo
Hukumat rahbari karantin vaqtida narx-navoni asossiz oshirish holatlariga qarshi keskin choralar ko‘rilishini ma'lum qildi.
Karantin davrida osoyishtalikni ta'minlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi oziq-ovqat va birlamchi iste'mol mahsulotlari narxlarini qat'iy nazoratga oladi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev savdo tarmoqlarida mahsulot yetmay qolishi haqidagi gap-so‘zlar asossizligini ma'lum qilgan.
Tartib
Abdulla Aripov koronavirus bo‘yicha asossiz ma'lumot tarqatganlarga chora ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.
O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi munosabati bilan karantin qoidalarini mensimaslik yoki uni buzganlik uchun ko‘riladigan choralar qat'iylashtirilishi ma'lum qilindi.
AOKA direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov jurnalist va blogerlarga koronavirus haqida yolg‘on axborot tarqatganlik va aholida vahima uyg‘onishiga sabab bo‘lganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra jiddiy jazolar qo‘llanishini eslatib o‘tdi.
Mavzuga oid
16:00 / 23.11.2024
“Prezidentimiz, odamlar ko‘chishga rozimi-rozimasmi, dedilar” – Abdulla Aripov Boysunda bo‘lib qaytdi
08:50 / 22.11.2024
200 mingdan ortiq fuqaro iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarga ishga yuborilishi mumkin
12:08 / 20.11.2024
Abdulla Aripov bosh vazir lavozimiga qayta tasdiqlandi
18:33 / 04.11.2024