Jamiyat | 12:02 / 17.03.2020
13463
3 daqiqa o‘qiladi

Tergov departamenti Samarqandda sodir bo‘lgan YTH bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 16 mart kuni soat 21:40da Narpay tumanida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. 

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentiga ko‘ra, tekshirish natijasida aniqlanishicha, 29 yoshli A.Ya. Lacetti rusumli avtomashinani Oqtosh-Mirbozor-Langar 4R-56 yo‘lida boshqarib kelib, yo‘l-harakat xavfsizligi qoidalarini buzgan holda M-37 avtomobil yo‘lini ikkiga ajratib turuvchi beton to‘siqni urib o‘tgan.

U ushbu yo‘l ikkinchi qismining 105-kilometrida “Toshkent-Xorazm” yo‘nalishi bo‘ylab 53 yoshli I.J. boshqaruvida 18 nafar yo‘lovchilar bilan harakatlanib kelayotgan “Gazel” rusumli avtomashinaga urilib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida “Gazel” rusumli avtomashina haydovchisi I.J. va shu avtomashinaning yo‘lovchisi 61 yoshli R.S. hodisa joyida vafot etgan, ushbu avtomashinaning 2 nafar yo‘lovchisi og‘ir va 9 nafar yo‘lovchilari yengil darajadagi tan jarohati olgan bo‘lib, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, qolgan 6 nafar yo‘lovchilar tan jarohati olmaganligi aniqlangan. Shuningdek, Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi A.Ya. tan jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Bundan tashqari, mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida S.E.ga tegishli “VAZ-2106” rusumli hamda S.Sh.ga tegishli Nexia rusumli avtomashinalarga “Gazel” rusumli avtomashina to‘qnashishi natijasida shikast yetgani, haydovchilar esa tan jarohatlari olmaganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Narpay tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalarini harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligini qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Qayd etilishicha, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid