Tramp AQShda umummilliy karantin kiritish rejalashtirilmayotganini ma'lum qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirus tarqalishi sababli mamlakatda umummilliy karantin kiritish rejalashtirilmayotganini, biroq vaziyat nomaqbul bo‘lgan ba'zi hududlarda kiritilishi mumkinligini aytdi.
“Ayni vaqtda umummilliy darajada emas. Biroq mamlakatda koronavirusga qarshi kurash samarali olib borilmayotgan ba'zi joylar bor. Biz muayyan joylar, “qaynoq nuqtalar”da karantinning maqsadga muvofiqligini o‘rganib chiqishimiz mumkin”, deb aytgan Tramp.
AQSh prezidentining ta'kidlashicha, hukumat koronavirus tarqalishi oldini olish uchun odamlarni 10 nafardan ko‘proq bo‘lib yig‘ilmaslikka va fud-kortlarda ovqatlanmaslikka chaqirgan.
“Biz tavsiyalarni yanada qat'iylashtirishga qaror qildik. Ma'muriyatim barcha amerikaliklarga, jumladan navqiron va sog‘lomlarga, uydan turib ishlash va o‘qishni, iloji bo‘lsa 10 kishidan kattaroq guruhlardan qochishni, keraksiz safarlarni amalga oshirmaslikni, bar, restoran va fud-kortlarga tashrif buyurmaslikni tavsiya qiladi”, deb aytgan Tramp jurnalistlarga.
Prezident koronavirusning qisqa vaqt ichida dunyo bo‘ylab bunday keng tarqalib ketishini hayratlanarli deb atab, tavsiya qilinayotgan choralar kasallikni yengishda yordam berishini aytgan.
Trampning ta'kidlashicha, bu harakatlar bir necha hafta davom etadi.
Ayni vaqtda AQShda koronavirusga chalinganlar soni 4667 nafarni, vafot etganlar 87 nafarni tashkil qilmoqda.