Jamiyat | 20:18 / 18.03.2020
4060
2 daqiqa o‘qiladi

Televideniyeda bog‘cha bolalari uchun mashg‘ulotlar namoyish etiladi

Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin karantin davrida bog‘cha bolalarining vaqti qanday tashkil etilishi haqida ma'lumot berdi.

Respublikadagi barcha maktabgacha ta'lim tashkilotlari 16 martdan 31 martga qadar (muddat o‘zgarishi mukin) karantinga yopilgani bois tarbiyalanuvchilarga televideniye orqali masofaviy mashg‘ulotlar o‘tiladi.

«Bog‘cha tarbiyalanuvchilariga televideniye orqali masofaviy mashg‘ulotlar tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Bizning asoiy hamkor telekanalimiz ― «Bolajon». Lekin yana uchta kanal vaqtincha berilishi mumkin.

Telekanallar orqali bog‘cha tarbiyalanuvchilari uchun videomashg‘ulotlar berib boriladi. Shuningdek, metodistlar tomonidan ota-onalar uchun mahorat darslari ko‘rsatiladi. Bolaning vaqtini qanday to‘g‘ri tashkil etish, qanday mashg‘ulotlar bilan shug‘ullantirish bo‘yicha tavsiyalar beriladi», dedi Agrippina Shin

Vazir karantin davrida ota-onalarni farzandlari bilan ko‘proq birga bo‘lishga chaqirdi.

«Karantin davrida vahimaga tushish kerak emas. Shunchaki ko‘p bora aytilgan jihatlarga e'tibor berish: jamoat joylarida yig‘ilmaslik, ommaviy tadbirlarni o‘tkazmaslik kerak.

Ota-onalarga hammasini tushuntirdik. Hozir oilada o‘z farzandlari bilan vaqt o‘tkazishlari uchun qulay fursat. Boshqa paytda o‘z ishlaridan ortishmaydi, bog‘chaga olib borib, kechki payt uyga olib kelishadi. Natijada bola bilan muloqot jarayoni buziladi.

Hozir vaziyatga pozitiv yondashib, farzandlari bilan birga vaqt o‘tkazishlari mumkin. Birga multfilm tomosha qilish, kitoblar o‘qib berish, yangi narsalarni o‘rganish kerak», deya qo‘shimcha qildi Agrippina Shin.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid