O‘zbekiston | 00:59 / 19.03.2020
14713
3 daqiqa o‘qiladi

Navro‘z bayrami kunlari o‘zbekistonliklarga 30 ta yangi kino namoyish qilinadi

Foto: TASS

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi karantin tadbirlari amal qilayotgan vaqtda «Uy kinoteatri» aksiyasi tashkillashtirilib, tomoshabinlar Navro‘z bayrami kunlari 30 ta yangi kino premerasi bilan tanishadilar.

Bu haqda «O‘zbekkino» xabar berdi. Bu aksiya «O‘zbekkino» va O‘zbekiston telekanallari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi televizion efir vaqtini to‘ldirish uchun davlat va nodavlat telekanallarga kinofonddan 750 birlikdagi materialni taqdim etadi. Aksiyaning birinchi bosqichi 250 dan ortiq kinomateriallar - hujjatli va badiiy filmlar (2015-2018 yillar), multfilmlar (2010-2018 yillar), qisqa metrajli filmlar hamda bolalarning sevimli «Zumrasha» kinojurnalining yangi sonlari (2016-2018)ni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, «O‘zbekkino» telekanallarga taqdimoti yaqin ikki hafta ichida o‘tkazilishi mo‘ljallangan 30 ta yangi filmni taqdim etadi. Ular orasida «Qo‘qon shamoli», «Avloniy» , «Birinchi avgust» va boshqalar bor. 

Ayni paytga qadar bu borada «O‘zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov hamda «Yoshlar va «Mening yurtim» telekanallari direktori Q.Ahmedov, «Sevimli» telekanali direktori J.Safoyev, «Milliy TV» telekanali direktori M.Omarov, «Zo‘r TV» telekanali rahbari M.Mirzaahmedov o‘rtasida memorandumlar imzolandi. 

«Bizning maqsadimiz – mamlakatimiz aholisi, ayniqsa karantin tadbirlari davomida uyda, bolalari bilan qoladigan bolalar va kattalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishdan iborat, - deydi «O‘zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxalikov. – Biz davlat va nodavlat telekanallar taklifimizni qo‘llab-quvvatlaganidan minnatdormiz. Aminmanki, bunday aksiyaning birgalikda o‘tkazilishi uyda o‘tirganlarning mazmunli dam olishini ta'minlash barobarida, milliy kinomahsulotlarimizga bo‘lgan e'tiborni oshiradi». 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumatining koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar haqidagi tavsiyalaridan kelib chiqib, mamlakat miqyosida ommaviy ko‘ngilochar tomoshalar, jumladan kinoteatrlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. 

Shuningdek, karantin kunlari o‘quv muassasalari yopilgan, bayram tadbirlari bekor qilingan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid