O‘zbekiston | 17:23 / 28.03.2020
45263
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh sanitariya inspektori: «Hantavirusning koronavirusga aloqasi yo‘q»

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan holat - hantavirusning koronavirus pandemiyasiga hech qanday aloqasi yo‘q. Bu haqida bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekovga tayanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

“Hantavirus qo‘zg‘atuvchisi tibbiyot uchun yangilik emas. Uning aniqlanganiga 50 yildan ortgan. Bu kasallik asosan issiq o‘lkalarda, aniqrog‘i, yoz faslida, o‘rmonlari ko‘p, kemiruvchilari ko‘p bo‘lgan o‘lkalarda kuzatiladi. U kemiruvchilardan yuqadi. Hantavirusning hozirgi koronavirus bilan hech qanday aloqasi ham yo‘q. COVID-19’ning kemiruvchilar orqali tarqalganini tasdiqlaydigan bironta hujjat ham mavjud emas”, dedi u AOKA qoshidagi maxsus shtabda o‘tkazilgan brifingda.

23 mart kuni Xitoyda bir kishi hantavirusdan vafot etgani haqida xabar tarqalib, bu koronavirus pandemiyasi vaqtida katta vahimaga sabab bo‘lgan edi.

Nurmat Otabekov koronavirusdan davolashda shu virus bilan kasallanib, tuzalgan shaxsning qonidan foydalanish amaliyotini qo‘llash masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

“Koronavirusdan sog‘aygan odamning qonini bu virus bilan og‘rib turgan bemorga quyish amaliyoti Xitoyda qo‘llanilgan. Bunday usul aslida ilk bor arbaviruslar chaqiradigan gemorragik bezgakni davolashda O‘zbekistonda qo‘llanilgan edi.

Kasallanib sog‘aygan odamning qonini quyganda shu odamning antitanasi bor qonidan foydalaniladi. Bu organizmning kasallikka qarshi immun tizimi shakllanishiga yordam beradi. Ammo bizda hali bu kasallikdan sog‘ayib ketgan bemor yo‘q. Viruslardan tozalangan, koronavirusga qarshi quvvatga ega bo‘lgan antitanali qon ham yo‘q. Shu bois, bu kabi amaliyotni keyinchalik — bemorlar tuzala boshlaganda sinab ko‘rish mumkin”, deya ta'kidladi u.

Mavzuga oid