Jahon | 21:12 / 05.04.2020
14827
1 daqiqa o‘qiladi

Liviyaning sobiq bosh vaziri koronavirusdan vafot etdi 

Liviyaning sobiq bosh vaziri Mahmud Jibril Qohiradagi shifoxonada 68 yoshida koronavirusdan vafot etdi. 

Mahmud Jibril / Foto: AFP

Bu haqda “Al-Arabiya” telekanali xabar berdi.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, oxirgi yillar Liviya milliy kuchlari koalitsiyasiga boshchilik qilgan siyosatchi shifoxonada 27 martdan beri yotgan. U o‘pkani sun'iy shamollatish qurilmasiga ulangan bo‘lgan.

Jibril bosh vazir lavozimini Liviyaning sobiq yetakchisi Muammar Qazzofiy hokimiyatdan ag‘darilgandan keyin uning raqiblari tomonidan 2011 yildagi isyon boshida tashkil etilgan muvaqqat hukumatda egallagan. Muvaqqat hukumat 2012 yil avgustda o‘z faoliyatini tugatib, vakolatlarini parlamentga topshirgan. 

2012 yil iyulda Jibril partiyasi “Milliy kuchlar alyansi” parlament saylovlarida ko‘pchilik ovoz to‘plagan. Jibril, shuningdek, 2019 yil bahorda o‘tishi kerak bo‘lgan prezident saylovlarida ishtirok etish uchun o‘z nomzodini ilgari surgan. Biroq saylovlar feldmarshal Xalifa Haftar kuchlarining Tripoliga hujumi sababli noma'lum muddatga qoldirilgan.

Mavzuga oid