Jamiyat | 16:09 / 06.04.2020
87677
7 daqiqa o‘qiladi

Qumqo‘rg‘ondagi jar yamlayotgan qishloq: uylar vayron bo‘lishda davom etmoqda

Kun.uz 2019 yilning 3 iyulida «Oqqapchig‘ay»ning oqtomliklarga yetkazayotgan talafoti: Qumqo‘rg‘onda bir qishloqni jar yamlamoqda» sarlavhali maqola e'lon qilgan, unda Surxondaryo viloyatidagi bir qishloq ahli duch kelgan muammo bayon etilgandi.

Maqolada Qumqo‘rg‘on tumanidagi Oqtom qishlog‘idan o‘tuvchi Oqqapchig‘ay selgasidan oqayotgan sel oqimlari tuproqni yuvib yuborib, jarlik hosil qilayotgani; tuproqlar o‘pirilib, tobora turarjoylarga yaqinlashib borayotgani haqida so‘z yuritgan edik.

Ayniqsa, o‘tgan yilgi talafot juda katta bo‘lgan. Seryog‘in kelgan bahor va sellar mavsumida jarlar o‘pirilib, odamlar istiqomat qilayotgan uylarga juda yaqinlashib qolgan.

«50-100 yildan beri bu selga 6 metrlik soy bo‘lgan. Oqqapchig‘ay kanalidan sel suvi qo‘yib yuborilaverib, tiniq suv zaxlab, tuproqni yuvib, yemirib yuboraverib mana shu ahvolga keldi. Bu tuproq yemirilaversa, jar yo‘lidagi xonadonlarni vayron qilib ketaveradi», – degan edi oqtomlik oqsoqollardan Safarali Mansurov.

«Osmonga bitta bulut chiqsa, mazamiz qochadigan bo‘lgan. Holimizdan biror kishi xabar oladimi yo‘qmi?» — degandi O‘g‘iloy Yusupova.

«Kelgan mas'ullar hujjatimiz yo‘qligini, noqonuniy o‘tirganimizni bahona va pesh qilishmoqda. 40 yil oldin bu yerlar inson yashamaydigan, changalzorlar edi. Oqqapchig‘ayda suv chiqqanidan keyin shu yerlarni o‘zlashtiramiz deb, biz kelib joylashdik, obod qildik. O‘sha paytlar nega hech kim kelib ogohlantirmadiki, bu yerlar xavfli joy, deb. Endi kadastr va egalik huquqini so‘rashmoqda», — devdi Shavkat Saidov hamda Turdi bobo Norov.

O‘shanda biz mazkur masala yuzasidan Qumqo‘rg‘on tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurashid Abdurahimovdan izoh olgan edik.

«Tumanimizda o‘tgan yili ham seldan katta talafot ko‘rilgan edi. O‘tgan yilgidek talafot yuz bermasligi uchun juda ko‘p ishlar amalga oshirildi. Sel yo‘llari ochildi, zovurlar qazildi. Bu yil yog‘ingarchilik avvalgi yilga nisbatan ancha ko‘p bo‘lgani bilan deyarli talafotsiz o‘tkazdik.

Oqtom qishlog‘i masalasida gapiradigan bo‘lsam, bu joylar azaldan xavfli hudud bo‘lib kelgan. U yerning tuprog‘i qumoq (suglinok) hisoblanadi. Ozgina suv bilan ham yemirilib, tuproq ko‘chish, jar hosil bo‘lish xususiyatiga ega. Boz ustiga, yildan yilga sel kelaverib, jarliklarni yemirib, kengaytirib ketavergan.

Qolaversa, aholi u yerga noqonuniy joylashgan, shikoyat qilayotganlarning birortasida egalik huquqini beruvchi yoki kadastr hujjatlari mavjud emas. Shunday bo‘lsa-da, biz xavfni bartaraf etishga yordam beramiz.

Biz ularning ayrimlariga xavfsiz hududga ko‘chish uchun boshqa yer taqdim etganmiz. Lekin o‘zlari ko‘chishni istashmayapti.

Ayni paytda selgada hamon suv oqmoqda. Tuproq nam. Biz texnikalarimiz bilan borib qazish va tuproqni surish ishlarini amalga oshirdik. Lekin texnikalar loyga botib qoldi. Iyul oyida suv oqimi to‘xtaydi va selga tubi quriydi. Shundagina ishga kirishishimiz mumkin. Bu ish nazoratimizda turibdi. Tuman hokimligi qarab o‘tirmaydi. O‘sha ko‘rsatilgan joyda suv yo‘liga albatta damba quramiz», — degan edi Qumqo‘rg‘on tuman hokimi o‘rinbosari A.Abdurahimov.

Mazkur qishloq ahli yana bizga o‘zlarini qiynayotgan masala bo‘yicha murojaat qilishdi. Yana bahor kelgan, yana sellar mavsumi boshlanib, xavfli hududda yashovchilarning yuragiga g‘ulg‘ula oralagan.

Murojaatchilarga ko‘ra, o‘tgan vaqt ichida tuman hokimligi va'da qilingan ishlarni bajarmagan.

«Sizlarga oldin ham murojat qilib edik, oradan bir yil o‘tdi. Kun.uz muxbirlari kelib tasvirga olgan joylarni hozirgi kunda suv yuvib, katta jarliklar ostida qolib bo‘ldi.

2019 yil iyuldagi holat

Bugungi holat

«2018 yildan beri murojaat qilmagan tashkilot yo idoramiz qolmadi. Haligacha na bizlar uchun yangi uy-joy qurish uchun yer, na kompensatsiya puli berildi. Kun o‘tgan sari qator turgan uylar buzilib ketayapti. Aholi esa har bir xonadonda eng kami 2-3ta oiladan yashashadi, hozirgi kunda 7-8 kishi kimning uyiga ham sig‘ardi.

Chindan ham juda qaltis ahvolda qoldik. Aholi qo‘ni-qo‘shnining uyida joylashib, kun kechirishga majbur bo‘lib turibdi.

Bilamiz, aholiga sharoit qilib berish matbuot yoki rasmiy kanallarning vakolatiga kirmaydi, lekin bizni qiynayotgan mavzuni yana saytlaringizga chiqarib, mutasaddilarning e'tiborini jalb qilishni so‘rab qolar edik.

Biz har doim tegishli davlat idoralariga murojaat qilganimizda ular tomonidan biriktirilgan xodim kelib vaziyatni o‘rganib qaytishadi, oradan oylar o‘tgach, natija bo‘lmagandan keyin xabarlashsak, vaziyatni o‘rgangan xodimlar Respublikaga yoki boshqa viloyatga boshqa yuqori davlat idoralariga o‘tib ketishgan bo‘ladi. Sizdan iltimos, butun umidimiz sizdan», deb murojaat yo‘llashgan oqtomliklar.

Ha, aytgancha, yerlik aholining shikoyatiga asosan hududdagi vaziyat Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan o‘rganilgan. Natijada haqiqatan ham Oqtom qishlog‘ida gidrometereologik xavf yuzaga kelgani, ya'ni shu qishloqda joylashgan 5ta xo‘jalik uylariga «Boysun-Oqqapchig‘ay» sel yo‘li yaqinlashib qolgani, mazkur 5ta xo‘jalikni xavfsiz hududlarga doimiy ko‘chirish lozimligi to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Shunga ko‘ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vazirlik tomonidan viloyat hokimligiga mazkur 5ta xo‘jalikni xavfsiz hududga doimiy ko‘chirish yuzasidan taqdimnoma kiritilgani aytiladi vazirlikning shu yil 7 martdagi xatida.

Biz Surxondaryo viloyatidagi mas'ul davlat idoralaridan vaziyatga jiddiy e'tibor qaratishlarini, Oqtom qishlog‘idagi xavfli hududda qolganlarga yordam berish yo‘llarini izlab, muammoni bartaraf etishga qaratilgan amaliy choralar ko‘rilishini kutib qolamiz.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz maxsus muxbiri.

Mavzuga oid