Jahon | 20:24 / 09.04.2020
8291
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro koinot stansiyasiga yangi ekipaj yo‘l oldi

9 aprelda Xalqaro koinot stansiyasiga “Soyuz MS-16” kemasi uchirildi. Kema stansiyaga 3 nafar fazogirni yetkazadi. 

Foto: AP

Bortida “Soyuz MS-16” kemasi bo‘lgan “Soyuz-2.1a” raketasi Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan Toshkent vaqti bilan soat 13.5da start oldi. Bir necha daqiqadan keyin kema raketaning uchinchi pog‘onasidan ajraldi. Kema XKS bilan soat 19.13da birikkan.

Kema bortida Roskosmos fazogirlari Anatoliy Ivanishin va Ivan Vagner hamda NASA astronavti Kristofer Kessidi bor bo‘lib, ulardan Ivanishin va Kessidi orbitaga uchinchi marta parvoz qilishlari, Vagner esa birinchi parvozini amalga oshirdi.

Bu parvoz “Soyuz-2.1a” raketasining bortida “Soyuz MS” kemasi va ekipaj bilan birinchi parvozi bo‘ldi. U avval qo‘llangan “Soyuz-FG” o‘rnini egalladi.

Ta'kidlash joiz, koronavirus pandemiyasi bu yerda ham o‘z ta'sirini ko‘rsatmay qolmadi. Ekipajning kuzatib qo‘yilishi marosimi mehmonlarsiz va jurnalistlarsiz o‘tgan. Shuningdek, fazogirlar va ularni kuzatib qo‘yuvchilar orasida xavfsiz masofa saqlangan.

Yangi ekipaj XKSda 196 kun qoladi. Yangi ekspeditsiya davomida XKSda 50 dan ko‘proq ilmiy tadqiqot va tajribalar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ayni vaqtda koinot stansiyasida Roskosmos fazogiri Oleg Skripochka va NASA astronavtlari Endryu Morgan va Jyessika Meir faoliyat olib bormoqda.

Mavzuga oid