O‘zbekiston | 16:20 / 13.04.2020
6050
2 daqiqa o‘qiladi

Karantin vaqtida ishlayotgan YaTTlar qat'iy soliqni to‘liq miqdorda to‘laydi - DSQ

Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov karantin vaqtida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) ijtimoiy soliqni to‘liq miqdorda to‘lashini ma'lum qildi.

«2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi 50 foizga pasaytirildi. Ya'ni fuqaro oyiga 223 ming so‘m o‘rniga 111,5 ming so‘m to‘laydi. Lekin faoliyat yuritayotgan YaTTlar qat'iy belgilangan soliqni to‘liq miqdorda to‘lab borishi lozim.

Bunda, O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 9 dekabrdagi O‘RQ-589-son Qonuniga asosan, Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlariga qat'iy belgilangan soliq miqdorlarini 30 foizgacha pasaytirish huquqi berildi. Buning uchun, hududiy hokimliklarda tashkil etilgan ishchi guruhiga murojaat qilish kerak.

Agar, YaTT karantin munosabati bilan faoliyatini to‘xtishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, bu haqida soliq organini elektron xabarnoma yuborgan holda xabardor etishi va soliq to‘lovlarini to‘xtatish huquqidan foydalanish mumkin. Bunda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga murojaat qilib, guvohnomasini topshirishi talab qilinmaydi», deya qo‘mita rasmiysi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid